Dunyo ishi ming alfoz:
Unda bordir qish ham yoz.
Goh tun chodir tashlagay,
Goh oqliklar yashnagay.
Goh chechaklar bo’y sochar,
Shodlik eshigin ochar.
Goh tikonlar zarbidan
Tovonlrdan oqar qon.
Haqiqatdan nur yog’ar,
Razolatdan dil ozar.
Undan goh quvonch, armon,
Goh hud, goh behud zamon.
Birin alqar odamzod,
Birin qarg’ar odamzod.
Bugun so’ylay bir matal,
Ma’nosini uqib ol.
* * *
Derlar qadim-qadimda,
Qay bir shahri azimda,
Yasharkan Egri, To’g’ri,
Janjalda o’tib umri.
Jamiki qaroliklar,
Dillarga yaroliklar,
Alamlar, iztiroblar,
Qalb yonishi, azoblar,
Egriga ekan yo’ldosh.
Undan barcha ko'zda yosh.
To’g’ri - dili tong ekan,
Kuy to’la ohang ekan.
U yurgan yo’l gul ekan,
Chechaklarga mo’l ekan.
Boqsa kularkan olam,
Kuchga to’larkan odam.
Bulbulning tori undan,
Toglarning qori undan,
Undan qirmizrang lola,
Undan sho’xdir shalola...
O’tgan kunlar birida,
Qay bir shahri azimda,
Bo’libdi qiziq kengash,
Saylash-chun shaharga bosh.
To’g’rini tanlabdi el,
Katta-kichik boylab bel.
Egri bo’libdi mulzam,
Qalbin yondirib alam.
Olmoq uchun u o’chin,
Olibdi qil qilichin.
Shovullagan bog'larni,
Ko’m-ko’k qiru tog’larni,
Odamzod bo’lgan xushtor.
Ne tirik go’zallik bor –
Barin yoqmoq bo’libdi,
Ko’zi qonga to’libdi.
Borliqqa sochib ajal,
Yetib kelibdi dajjol.
Qora dev solib daxshat,
Uchibdi go'yo kalxat.
Tashvishga tushibdi el,
O’y bosib zilu-zambil.
Shunda nuroniy bir chol.
Qaddi egik misli dol,
Debdi: «Ey azizlarim,
Mening o'g'il-qizlarim,
Aql – umr chirog’i,
Aql – inson yarog’i.
O’ylab qo’yaylik qadam,
Vayron bo’lmasin olam.
Kim qora-yu kim oqdir,
Kim to’g’ri, kim nohaqdir,
Adolat qilsin qozi,
Bo’laylik shunga rozi.
Bo’lmasa qon to’kilar,
Nohaq qadlar bukilar...»
Barcha bo’libdi rozi,
Topgan kabi tarozi.
Chorlashibdi qozini,
Tinglashibdi rozini:
- Biling, hozir haqiqat,
Yurta bo’lgandir g’orat.
To’g’ridan qochgan iqbol,
Kun tundan qochgan misol –
Javob beribdi qozi,
Hamma bo’lib norozi,
Alamdan g’am chekibdi,
Ko’zdan yoshin to’kibdi.
To’g’ri badar ketibdi,
Chuqur g’orga etibdi.
Tunda g’or yorishibdi,
Kimlardir kelishibdi.
May ichib bo’lib karaxt,
Qilishibdi xush suhbat.
Shunda ularning biri
Der: «Qiziq dunyo siri,
Baxtning qushi Egrida,
Alm va g’am To’g’rida.
Egrining joni menda,
Qamab qo’yganman xumga.
Bilmas bizni hech kimsa,
Bilsa o’lardi, xumsa».
May ichib bo’lib sarxush,
Uxlashibdi so’ng bexush.
To’g’ri xumni olibdi,
Shaharga yo’l solibdi.
Quvonibdi elu yurt,
yomonlikka qo’yib o’t...
* * *
Mana tugadi matal,
Ma’nosini chaqib ol.
Top to’g’ri yo’l kalitin,
Bag’ring bo’lmaydi tutun.
Bil sirini, bolajon,
Mushkullar bo’lar oson!
MARDI NURIDDINOV
Bolajonlar gulshani




