Anjir asalday totli va shirali mevagina emas, ming dardga davo ne’mat hamdir. Uning tarkibidagi mis, temir, magniy, kalsiy, kaliy, shuningdek, A, V vitaminlari organizmga juda ham kerakli ozuqa hisoblanadi. Tarkibida olmaga qaraganda ko‘proq temir moddasini saqlaganligi tufayli anjir kamqonlikda ko‘proq tavsiya qilinadi.
Qon bosimi oshganda
Har kuni anjir iste’mol qilish organizmning kalsiyga bo‘lgan ehtiyojini qondiradi. Anjir tarkibidagi kaliy unsuri arterial qon bosimi bir me’yorda bo‘lishiga xizmat qiladi va yuqori qon bosimida yaxshi foyda beradi. Hozirgi vaqtda ishlov berilgan zamonaviy oziq-ovqat mahsulotlari tarkibiga shu qadar ko‘p natriy moddasi qo‘shilganki, uning kaliy bilan o‘zaro nomutanosibligi gipertoniyaga sabab bo‘lmoqda. Eng yomoni, davolanishdagi qiyinchilikdir. Chunki tarkibida natriy saqlovchi oziq-ovqat mahsulotlari (sosiska, kolbasa, yarim tayyor chuchvara va kotletlar)ni muntazam iste’mol qilish qon bosimi oshishiga olib keladi. Shu sababli gipertoniyaga duchor bo‘lgan bemorlar anjir yordamida qon bosimini mo‘’tadil ushlab turishlari mumkin.
Ortiqcha vaznga qarshi
Anjir qon tomirlarini kengaytiradi, shu boisdan ham uni venalarning varikoz kasalligida ham iste’mol qilish foydali. Meva tarkibidagi fitsin moddasi qonning quyuqlashishinibartaraf etadi, tomirlardagi tromblar so‘riladi. U iste’mol qilayotgan shakaringiz yog‘ga aylanishining oldini oladi. Demak, uni ortiqcha vazndan aziyat chekayotgan kishilar ikkilanmay yeyishlari mumkin. Tarkibidagi magniy unsuri sababli anjir kayfiyatni ko‘taradi, asabni tinchlantiradi. Bolalarga anjirni po‘stlog‘i bilan ezib, bo‘tqa holida bersangiz, ishtahasi ochilishiga yordam beradi, hazm a’zolari faoliyatini yaxshilaydi.
Ayollar uchun...
Menopauza jarayonini boshdan kechirayotgan ayollarga ko‘proq anjir yeyish tavsiya etiladi. Anjirda, ayniqsa, uning po‘stloq qismida ko‘krak saratonining oldini oluvchi moddalar bor.
Salomatlik retseptlari
Yo‘talga qarshi. Anjirning quritilgan mevasidan 4 tasiga bir stakan sut quyib, qaynatib oling va 30 daqiqa davomida tindirib qo‘ying. So‘ng blenderda anjirli sutni atalab oling hamda 3 qismga bo‘lib, kun davomida 3 martadan iching. Tomoq yo‘llarini yumshatuvchi, yo‘talni bartaraf etuvchi ushbu tabiiy vositani bolalarga bersangiz ham bo‘ladi.
Surunkali qabziyatda anjirning 8 ta quruq mevasini ikki stakan suvda 20 daqiqa o‘rtacha olovda qaynatiladi. So‘ng yarimta limon suvi, bir choy qoshiq zanjabil (imbir) kukuni qo‘shib aralashtiriladi. Shisha idishga quyib, qopqog‘ini zich yoping-da, salqin joyda saqlang. 14 kun davomida 3-4 mahal 1 osh qoshiqdan ovqat orasida qabul qilish ich qotishi muammosini bartaraf etadi.
Avitaminoz (vitamin yetishmovchiligi) va ishtahani ochish uchun. 9 dona anjir mevasi yoki qoqisini 1 stakan suv bilan 30 daqiqa past olovda qaynating. So‘ng ustiga yana yarim stakan suv quyib, bir qaynatib oling. Biroz sovugach, yarim stakan asal, 1 choy qoshiq maydalangan zanjabil, bitta limon suvini siqib qo‘shing va 1 oy davomida 1 choy qoshiqdan nahorda och qoringa qabul qiling.
Aritmiyada anjir, mayiz, asal, yong‘oqdan teng miqdorda olib, go‘shtqiymalagichdan chiqariladi va asal bilan aralashtiriladi. Kuniga 2 mahal, ovqat orasida 1 osh qoshiqdan aralashma tugaguniga qadar iste’mol qilinadi.
So‘gallarni bartaraf etish uchun anjirning yetilmagan mevalaridan teriladi va uning sharbati (suti) siqib olinadi. Kuniga 3 mahal so‘galga anjir suti surtiladi.
Jigar sirrozida to‘rtta anjir yaprog‘i yaxshilab yuviladi va 50 g miqdordagi shakar bilan hovonchada ezib, bo‘tqa holga keltiriladi. Tayyor aralashma kuniga 2 mahal 1 choy qoshiqda, 1 stakan suv bilan 14 kun ichiladi.
Bronxial astma hurujidan aziyat chekadiganlar uchun: quritilgan anjir bargidan 3 qoshig‘iga yarim litr qaynagan suv quyib, termosga damlanadi va kechasiga qoldiriladi. Tayyor tindirmani har kuni 4 marta yarim stakandan ichish dardingizni yengillatadi.
Yurak ishemik xastaligida 150 g qora olxo‘ri, 300 g anjir mevalari, 2 qoshiq bodom, maydalangan apelsin po‘stlog‘i, ta’bga ko‘ra asal qo‘shiladi. Tayyor aralashmaning 2 qoshig‘ini 1 stakan qatiq yoki kefirga aralashtirib, har kuni ertalab yeysiz. Bu aralashma yurakni baquvvat qilib, organizmga kuch beradi.
Unutmang! Qandli diabet, podagra bilan og‘riydigan bemorlarga, oshqozon kasalliklarida, buyrak yoki o‘t pufagida tosh hosil bo‘lishga moyilligi bo‘lganlar anjirni kamroq iste’mol qilganlari ma’qul.
Nargiza ShODMONOVA tayyorladi
Manba: Darakchi.uz