Salomatlik

Anor, na’matak, lavlagi va sabzi kamqonlikda davo

Kamqonlikda yurakda shovqin, umumiy holsizlik, immunitet pasayib ketishi kuzatiladi. Gemoglobin miqdori tushib ketishi yoshu qarida birdek kuzatiladi.

1. Uyquga yotishdan avval 1 stakan qaynagan suvga 2 osh qoshiq na’matak solib damlanadi. Ertalab uyqudan uyg‘onganda bu damlamaga 1 ta limon sharbatini siqib ichish lozim.

2. Yarim stakandan anor, qizil lavlagi, sabzi, yashil olma sharbatini chiqarib, yarim stakan asal qo‘shiladi. Hammasini yaxshilab aralashtirib, kuniga 3 mahal yarim stakandan qabul qilinadi.

3. Homiladorlar qoramol tilini pishirib yeyish orqali gemoglobin miqdorini oshirishlari mumkin. Buning uchun tilni 1,5‑2 soat davomida suvda qaynatib pishirib olinadi. Ammo aksar hollarda tilning bu tarzda pishirilgani zo‘r‑bazo‘r yeyiladi. Biz esa tilni pishirishning antiqa uslubini tavsiya etamiz: buning uchun zar qog‘oz (folga), tuz, 5‑6 bo‘lak sarimsoq piyoz, 2 osh qoshiq o‘simlik yog‘i, ziravorlar va til kerak bo‘ladi. Sarimsoq piyozni ezib, tuz, o‘simlik yog‘i, ziravorlar bilan aralashtiring. Tilni yuvib, zarqog‘ozning o‘rtasiga joylashtiring va ustiga ziravorlardan tayorlangan aralashmani surtib chiqing. Tilni zarqog‘ozga o‘rab, 2‑3 soatga salqin joyga qo‘ying. So‘ng gaz pechiga qo‘yib, 200 daraja haroratda 1,5 soat mobaynida pishiring.

4. Kuniga 3 mahal 1 stakandan qovun sharbati ichish ham qondagi gemoglabin miqdorini oshiradi.

5. Sachratqi (sikoriy) o‘tidan 1 osh qoshiq olib, bir stakan qaynatilgan sutga solinadi. 15‑30 daqiqa tindirish kerak. Dokadan suzib olib, damlamani uchga bo‘lib, kuniga 3 mahal iste’mol qilinadi.

6. 5‑6 dona olmani 2‑3 bo‘lakka bo‘ling. 5 dona olxo‘ri, 5‑6 dona turshak, bir hovuch mayiz va 5‑6 dona yong‘oq mag‘zini maydalab, 1‑1,5 litr suvga solib, past olovda 1 soat davomida qaynating. Sovigach, ta’bga ko‘ra asal aralashtiring. Har kuni choy o‘rnida shu damlamani iching.

7. Sabzini qirg‘ichdan chiqarib, sutda qaynatib pishirib, iste’mol qilish ham mumkin.

8. Bir osh qoshiq gazanda o‘t (krapiva)ni bir stakan qaynagan suvda damlang. Yarim soat tindirib, dokada suzib oling va asal qo‘shing. Damlamani kuniga 3 mahal ovqatlanishdan so‘ng ichish lozim.

9. Bir xil miqdordagi quritilgan anjir, turshak, mayiz, olxo‘ri va limonni idishga solib, ustini qoplagunga qadar qaynab turgan suv qo‘ying. 8 soat tindirgani qo‘ying. So‘ng istagingizga ko‘ra suyuq asal aralashtirib, shisha idishga solib, muzlatkichga qo‘ying. Har kuni bu damlamadan yarim stakandan 3 mahal iching. Ichidagi quritilgan mevalarini ham yeng.

Manba: Darakchi.uz