Ko‘pchilik tish yuvayotgan paytda milklarining qonashiga uncha ahamiyat bermaydi. Vaholanki, aynan shu holatdan keyin og‘zidan hid kelishidan tortib tish bo‘shab qolishi va tushishigacha bo‘lgan asoratlar yuz beradi. Bugungi mavzumiz aynan shu muammoga tegishli.
Milk qonashi va bo‘shab qolishining sabablari hamda davolash haqida shifokor-stomatolog Shuhrat ERNAZAROV ma’lumot beradi.
SABABLARI AYoNMI?
Milk qonashining sabablari bisyor. Eng ko‘p tarqalgani – tish cho‘tkasining ta’sirida kelib chiqishidir. Usti chiroyli ammo tuklari qo‘pol chyotkada milklar, albatta, aziyat ko‘radi. Bu davomiy bo‘lsa, milk qonashi va bo‘shab qolishi kabi asoratlarni kutavering. Tish cho‘tkasini tanlashda stomatolog maslahatiga tayanish kerak. Cho‘tkaning tuklari yumshoq, o‘zi uncha yirik va katta bo‘lmasligi maqsadga muvofiq. Tish ustida tosh paydo bo‘ldimi, milkda muammo yuzaga kelishini ham inobatga olish kerak. Bundan tashqari, gormonal buzilishlar – o‘smirlar, homiladorlar va yangi tuqqan ayollarda ham milk qonashi ko‘p kuzatiladi. Bu yerda nafaqat stomatolog, balki endokrinolog yordami kerak bo‘ladi.
VITAMIN YeTIShMASLIGI BO‘LMASIN
Organizmda A va S vitamini yetishmasligi ham tish va milklardagi muammoga olib keladi. Buning oldini olish uchun sariq va yashil rangdagi meva va sabzavotlarni xomligicha iste’mol qiling.
QANDLI DIABET. NAHOTKI?!
Ba’zan milk qonashi qandli diabet boshlanishining ilk belgisi hisoblanadi. Agar stomatologdagi davo kor qilmasa, albatta endokrinolog tekshiruvidan o‘ting.
SINAB KO‘RING
- Eman po‘stlog‘i yoki moychechak damlamasida kuniga ikki mahal ertalab va kechqurun og‘izni chayish kerak. Bu usul tishdagi tosh kasalida yordam qiladi va milklardagi qonni tez va samarali to‘xtatadi.
- Maxsus gel va milk uchun tindirmalarda og‘iz bo‘shlig‘ini har soatda chayishni kanda qilmang.
- Maxsus gimnastika yordamida milklarni mustahkamlashga ham diqqat qarating. Bu usul milkda qon aylanishining yaxshilanishiga yordam beradi. Og‘izni katta ochib-yopasiz. Tilni tanglayga tegizib, uni ortga suring, shu holatda og‘izni yana ochib-yoping. Qo‘llarni stolga quyib iyakni unga tirang. Shu holatda og‘iz ochib-yopiladi. Tishlarni tozalagach, og‘izga iliq qaynatilgan suv olib, 3 daqiqa davomida chaying. Bu muolaja milklarni mustahkamlab, qonashni to‘xtatadi. Yana milklarni ko‘rsatkich barmoq yordamida aylantirib, uqalash ham yaxshi natija beradi. Keyin milklarni yuqori-pastga qaratib, barmoqlar yordamida uqalash kerak. Tishlarni tez-tez bir-biriga urish, olma, sabzini qarsillatib chaynash ham tishlar uchun foydali.
- Bir chimdim tuz va yarim choy qoshiq iste’mol sodasi va 4 dona faollashtirilgan ko‘mir tabletkasini maydalang. Tishni yuvgandan keyin cho‘tkaga aralashmadan soling-da, tishlarni yaxshilab tozalang. Aralashmani barmoq yordamida milklarga surtib, 5 daqiqadan keyin yuvib tashlang. Muolaja kuniga 2 mahal 2 hafta davomida amalga oshirilsa, milk qonashi va qimirlab qolishidan tez kunda halos bo‘lasiz.
- Yana bir nafi tegadigan usul archa ignasi yaxshilab yuvilib, 5 daqiqa davomida chaynaladi. Archa ignasi o‘rniga bargizub bargini ozroq so‘litib, chaynalsa ham xudi shunday ta’sir ko‘rsatadi. Vodorod peroksid tindirmasi va achchiq tosh aralashmasida og‘iz bo‘shlig‘i chayilsa, tish va milk muammolari hal bo‘ladi.
Manba: Darakchi.uz