Har bir yuzning o‘z tarovati bor, ammo mayda kamchiliklardan ham holi emas. Bu kamchiliklarni esa pardoz qutisidagi oddiy vositalardan foydalangan holda kamchiliklarni yashirish mumkin.
Yaqqol oval
Yuz shaklini to‘g‘ri korreksiya qilish uchun zarur vositalar: yuz terisi rangiga aynan mos tonal kremi, sal to‘qroq upa va yaltiroq zarrali upa.
Qanday surtiladi? 1. Tonal kremni surtib bo‘lgach, yonoqlarni tortib turib, paydo bo‘lgan chuqurchaga to‘qroq upani surting.
2. Burun, peshana va ko‘z atrofi (yonoqlarning ustidagi chegara)ni ajratib ko‘rsatish uchun zarrali upa bilan yaxshilab bo‘yang.
Ko‘zlarni «kattalashtiramiz»
Ko‘zlaringiz qancha shahlo bo‘lsa, yuzingiz ham shunchalik go‘zal ko‘rinadi. Ammo tabiat sizga kichikroq ko‘z hadya etgan bo‘lsa, o‘kinmang. Ko‘zlarni kattalashtirib ko‘rsatish uchun yuqori kipriklarga quyuqqina qilib tush surting. Tushni aslo pastki kipriklarga surtmang, yo‘qsa, u ko‘zni chegaralab qo‘yadi. Bundan tashqari, kichikroq cho‘tkacha bilan kipriklarga ozroq upa, ustidan tush surtsangiz, kipriklaringiz yanada quyuqlashadi. Umuman, ko‘zni kattalashtirib ko‘rsatish uchun yuqori kipriklarni uzaytirish, qayirish yaxshi samara beradi.
Burun: kengini «toraytirish», uzunini «qisqartirish»
Burundan e’tiborni chalg‘itish uchun yo lab, yo ko‘z, yoxud har ikkalasiga diqqatni kuchaytirish kerak. Keng burun qanshariga och tonal kremini (upadan ochroq bo‘lsin) uzunasiga surting.
Burun juda uzun bo‘lsa, uni vizual kaltalatish nihoyatda oson. Buning uchun burunni biroz «kengaytirish» kerak. Qanday qilib deysizmi? Unga yuz terisidan ochroq rangdagi tonal kremi surting. Ozgina to‘qroq tonal kremini esa burun uchining tagiga surting, uchiga shaftolirang yoki pushtiroq rumyana surting.
Tiniqlashtiramiz!
Ko‘z salqiganda paydo bo‘ladigan qora aylanalar, husnbuzar va boshqa kamchiliklarni konsiler (niqoblovchi korrektor) yordamida bartaraf etish mumkin.
Zarur vositalar: yashil, binafsha va qaymoqrang konsilerlar.
Qanday surtiladi? 1. Yuzdagi qizillikni (husnbuzar, tomir to‘rlari) yashil korrektor bilan to‘g‘rilash mumkin.
2. Ko‘z ostidagi qora aylanalarni binafsharang konsiler bilan bilinmaydigan qilish mumkin.
3. Qaymoqrang korrektor esa ko‘z ostidagi ko‘karish va pigmentatsiya (dog‘lar)ni yashiradi. Konsilerlarni kamchilik bo‘lgan joyning aynan o‘ziga surtish kerak, yo‘qsa, natija bilinmaydi.
Yonoqlarni «yuqorilashtiramiz»
Baland yonoqlar insonga zodagonlik va ayri nazokat bag‘ishlaydi. Yuz juda nozik va latofatli ko‘rinadi.
Zarur vositalar: uvalangan bug‘doyrang upa, xaylayter (yuzga yorug‘lik beradigan kosmetik vosita) va mos pushti-qizil yog‘upa (rumyana).
Qanday surtiladi? 1. Og‘izdan quloqqacha bo‘lgan chiziq yo‘nalishida yonoq ostidagi chuqurchaga surting. Chiziqni shunday bo‘yash kerakki, u yaqqol chiziq emas, balki soyadek bilinmasin.
2. Tabassum qiling va yuzda paydo bo‘lgan «olmacha»ning pastiga xaylayter surting.
3. Oxirida «olmacha»ga gorizontal chiziqda rumyana surtiladi.
Lab kattaroq ko‘rinishi uchun…
Ayrim ayollarning lablari nihoyatda ingichka bo‘lsa, ularni katta va jozibador qilish mushkul emas.
Qanday surtiladi? Lab bo‘yog‘i yoki «blesk» surtishdan avval lablarni yumshoq tish cho‘tkacha bilan yengil uqalang. Natijada lab biroz kattalashgandek ko‘rinadi. Agar ushbu uqalashni asal bilan amalga oshirsangiz, lab qurishi va shilinishidan ham xalos bo‘lasiz.
Dekorativ kosmetikadan esa qaymoqrang qalamcha kerak bo‘ladi. U bilan labning tabiiy konturidan sal yuqoriroqdan chizib, ochroq lab bo‘yog‘i surting.
Mabodo yorqin tusdagi lab bo‘yog‘idan foydalansangiz, konturni rangsiz yoki lab bo‘yog‘i rangidagisini ishlating. Kontur chizib bo‘lgach, labning o‘rta qismiga bo‘yoq, ustidan rangsiz blesk surting. Lablaringiz ancha katta ko‘rinadi.
Qoshlaringiz ideal darajada bo‘lishi uchun...
Qosh shaklini qalam bilan chizib olib, ustiga ten surtsangiz, qoshga hajm beradi. Qalam rangini sochingizga qarab tanlang: agar sochingiz qora tusda bo‘lsa, qalamning biroz ochrog‘ini tanlang. Sochingiz mallarang bo‘lsa, aksincha, qoshlaringizni to‘qroq qalam bilan bo‘yaysiz.
Qanday surtiladi? 1. Qosh ko‘zning tashqi chegarasidan kalta bo‘lmasligi kerak. Qosh uchi ko‘z chegarasidan biroz uzunroq bo‘lishi lozim.
2. Qoshga qalam tortayotganda pastdan tepaga tomon mayda shtrixlar bilan mayda tuklar chizgandek harakat qiling. Tenni ham xuddi shu usulda chizing.
3. Qoshingizni endi terishni rejalashtirayotgan bo‘lsangiz, yodda tuting: eng yaxshi shakl, bu — qoshingizning tabiiy shakli. Qoshning tepasidagi tuklarni kamroq tering, yo‘qsa, yuzingiz yig‘loqi tus olishi mumkin.
Qaysi ranglar hammaga birdek yarashadi?
Shaftolirang yog‘upa
Bu rangdagi rumyanani qancha ko‘p surtmang, tabiiylikni saqlab qolasiz. Mallarang sochli ayollar uni yuzning «olmacha»siga, qora sochli qizlar yonoq suyaklari turtib chiqqan qismiga chakka tomon yo‘naltiib surtganlari ma’qul.
Ko‘k qalam
Ko‘z ichiga ko‘k qalam chuqur qilib surtilsa, nigoh yorqin va jozibali bo‘ladi. Uning sovuq toni ko‘z oqini ochartirib, qizargan qismlarni bilintirmaydi. Qalamni kiprik konturi bo‘yicha chizib bo‘yang.
Binafsharang tenlar
Bu tenlar qora ko‘zlarga chuqurlik bag‘ishlab, yanada yorqinroq ko‘rinishini ta’minlaydi. Ayniqsa, tungi binafsharang smoky eyes pardozi nihoyatda ajoyib sanaladi: qora rangli ten bilan pardoz qilingandan ko‘ra bunday obrazda qat’iylik, dramatiklik aks etadi.
«Choy atirguli» rangli lab bo‘yog‘i
Bu lab bo‘yog‘i neytral pardozda ham, tungi pardozlarga ham mos tushadi. Xuddi shu rangdagi bleskdan foydalanilganida, lab shaklini kattalashtiradi.
Ma’lumot uchun: krem-pudra tonini tanlay olmayotgan bo‘lsangiz, yuzingiz rangidan ochrog‘ini olavering. To‘qroq rang yoshingizga yosh qo‘shib ko‘rsatadi!
Katta natija beruvchi kichik qoidalar
- Iloji boricha pardozni kun yorug‘ida surting. Aks holda ko‘chaga chiqqaningizda tanlangan ranglar siz istagandek chiqmaganini ko‘rib, hayron bo‘lishingiz mumkin.
- Nafaqat yorug‘lik manbasi, balki siz bo‘yanayotgan xona ranglari ham pardozga ta’sir qilishi mumkin. O‘z-o‘zingizga kosmetolog bo‘ladigan xona devorining rangi ochiqroq (yaxshisi oq) bo‘lishi kerak.
- Hamma ham bo‘yanayotganda tonal kremdan avval pardoz asosidan foydalanavermaydi. Ammo bir narsa hamisha yodingizda bo‘lsin: kunduzgi namlantiruvchi krem singib bo‘lgachgina tonal kremi surtish mumkin.
- Sponj (upa surtuvchi vosita) tonal kremi surtishda juda qo‘l keladi. Yaxshisi, oz-ozdan yuz qismlariga tonal krem surtib chiqib, sponj bilan «yediring». Kremning bo‘yinga va sochga o‘tgan chiziqlari ajralib qolmasligiga e’tiborli bo‘ling.
Ma’lumot uchun: iyagingiz keng bo‘lsa, unga asosiy kremga nisbatan bir ton to‘qroq tonal kremi surting. Shu bilan muammo hal bo‘ladi. Faqat to‘g‘ri rang tanlanmasa, iyak yanayam keng va ko‘zga yaqqol tashlanadigan bo‘lib qolishi mumkinligini unutmang.
Manba: Darakchi.uz