Ish yuzasidan ayollar shifokori qabuliga yo‘lim tushdi-yu, navbatda turganlarning gurungiga qo‘shilib qoldim. «Kechasi bilan belim og‘rib, qayd qilib chiqdim. Ertalabdan UTTga tushib kelayapman», deya so‘zlayotgan kelinchakning gapini davom ettirib, ayollar rosa dardlashib olishdi. O‘n besh daqiqalik ishqibozlikdan bilganlarim shu bo‘ldiki, homiladorlik va farzand ko‘rish borasida ayollarni qiziqtirgan savollar ko‘p. Bugun aynan shunday muammo va murojaatlarga imkon qadar aniqlik kiritamiz. Bu borada bizga oliy toifali akusher-ginekolog Nilufar BO‘STONOVA ko‘mak beradi.
«Jigarrang ajralma xavflimi?»
— Homiladorlikning uchinchi oyidaman. Bir necha kun ilgari oz miqdorda to‘q jigarrang ajralma kelgandi. Yana shu holat takrorlanayapti. Ammo tanamda hech qanday og‘riq yo‘q. Shuning uchun shifokorga uchrashishga ikkilanayapman.
Hilola, Toshkent shahri
— Qindan to‘q jigarrang ajralma kelishi yo‘ldosh ko‘chishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Stress, kamqonlik, keskin va qo‘pol harakatlanish kabilar homila tushish xavfini keltirib chiqaradi. To‘g‘ri, ba’zan hech qanday og‘riq yoki bezovtalik bo‘lmaydi. Ammo ajralma rangi va miqdorining mavjudligi mutaxassis ko‘rigi uchun yetarli asosdir. Ayni dam davolovchi shifokoringiz nazoratida homila tushishidan himoyalovchi preparatlar qabul qilishingiz lozim. Muolaja vaqti jinsiy yaqinlik mumkin emas.
«Bir marta kesarcha bo‘lsang, tamom…»
— Tug‘ruq vaqtida birinchi farzandim kindik o‘qiga o‘ralib qolgani bois kesarcha kesish amaliyoti qo‘llangan. Ikkinchi bolamni ham shu yo‘l bilan tug‘amanmi, deb xavotirlanayapman.
Nozima, Angreni shahri
— Agar homila o‘lchami, rivojlanishi, tug‘ruq holati va ayolning umumiy ahvoli qoniqarli bo‘lsa, kesarcha kesish amaliyoti qo‘llanmasligi ham mumkin. Lekin oldindan aniq bir to‘xtamga kelish mushkul.
«Dopler tekshiruvi majburiymi?»
— Ayting-chi, hozirda anchayin ommalashgan dopler tekshiruvi barcha uchun majburiymi yoki ixtiyoriy? Men faqat skrining tekshiruvidan o‘tdim, xolos.
Madina, Sirdaryo viloyati
— Dopler tekshiruvi uchun belgilangan ko‘rsatmalar bo‘lib, bu haqda shifokoringizdan ma’lumot olishingiz mumkin. Xususan, 18 yoshgacha va 35 yoshdan so‘ng homilador bo‘lgan ayollar uchun mazkur tekshiruv zaruriy tahlil hisoblanadi. Homiladorlikning 16-20-haftasigacha o‘tkazilgan skrining tekshiruvi homila rivojlanishida biror-bir o‘zgarishni ko‘rsatgan bo‘lsa, 30-haftadan so‘ng doplerga yo‘llanma berilishi mumkin. Agar shifokoringiz ko‘rsatma bermasa, doplerdan o‘tishingiz shart emas.
«Qog‘onoq suvi ifloslansa…»
— Besh oylik homiladorman. Ikki hafta ilgari shamollab qolgandim. Skriningga tushsam, qog‘onoq suvi ifloslangan deyishdi. Hozir antibiotik ukol olayapman. Muolajadan so‘ng qog‘onoq suvi tozalanadimi? Buning keyinchalik bolaga ta’siri bo‘lmaydimi?
Gulasal, Toshkent shahri
— Xavotiringiz o‘rinsiz. Shifokoringiz tomonidan tanlangan muolaja ayni qog‘onoq suvini tozalashga qaratilgan bo‘lib, sog‘ayganingizdan so‘ng qayta UTT tekshiruvidan o‘tib, bunga o‘zingiz ishonch hosil qilishingiz mumkin. Muolaja samarali bo‘lishi uchun gemoglobin miqdoriga ham ahamiyat bering.
«6 yil spiralda yurdim…»
— Ikkinchi farzandimni dunyoga keltirganimdan so‘ng, ya’ni olti yil avval spiral qo‘ydirgandim. Endi homilador bo‘lolmayapman. Ovulyasiya kunlarini hisoblaganim ham behuda o‘tdi. O‘ylanib qoldim, balki bu spiralda yurganimning ta’sirimasmikan?
Xonzoda, Guliston shahri
— Spiraldan foydalangan vaqtingiz jinsiy a’zolarda shamollash yuz berib, davolanmagan bo‘lishingiz mumkin. O‘ylab ko‘ring, balki biror bezovtalik bo‘lgandir? Qolaversa, spiral olib tashlangan bo‘lsa, homiladorlikka hech qanday ta’siri bo‘lmaydi. Shifokor ko‘rigidan o‘tib, TORCh infeksiyasi va qindan surtma topshirib, bakteriyalar bor-yo‘qligini aniqlashtiring. Zarur bo‘lsa, umr yo‘ldoshingiz ham siz bilan birga tekshiruvdan o‘tib, davolanishi lozim.
«Pushtirang ajralma, belgimi?»
— Birinchi farzandimda tug‘ruq boshlanishidan avval to‘q pushtirang ajralma kelib, ikki kundan so‘ng ko‘zim yorigan. Aytishlaricha, bu tug‘ruq belgisi ekan. Hozir yetti oylik homiladorman. UTTda egizak deyishgandi. Kecha oz-moz pushtirang ajralma kelib, so‘ng to‘xtadi. Bu nimadan darak berishi mumkin?
Gulchehra, Navoiy viloyati
— Pushtirang ajralma ham yo‘ldosh ko‘chishi bilan izohlanishi mumkin. Ayni dam ahvolingiz qoniqarli bo‘lsa ham, har ehtimolga qarshi davolovchi shifokoringizga uchrab, ko‘rikdan o‘ting. Garchi egizaklar muddatidan erta tug‘iladi, deyishsa-da, yetti oy me’yoriy tug‘ruq uchun yetarli bo‘lmasligi mumkin.
«Tug‘maysan, deydi-yu, o‘zi davolanmaydi…»
— Homilador bo‘lish uchun qilmagan muolajam qolmadi, hisob. Oxiri shifokorlar maslahati bilan erimni arang ko‘ndirdim-u, birga tekshiruvdan o‘tdik. Menda jiddiy o‘zgarish chiqmadi, erimda esa maniy tarkibida urug‘lanish foizi kamligi ma’lum bo‘ldi. Davolanib, urug‘lanish foizini oshirmasa, farzand ko‘rolmas ekanmiz. Ammo erim men soppa-sog‘man, deya muolajalarga unamayapti. Balki uyda biror tadbir qo‘llasa bo‘lar, masalan, bedana tuxumi kor qiladi, deyishadi-ku?!
Oynisa, Buxoro shahri
— Chindan ham eringizning tahlil xulosasi urug‘lanish foizini kam ko‘rsatgan bo‘lsa, homilador bo‘lolmaysiz. Imkon qadar turmush o‘rtog‘ingizga tushuntiring, malakali urolog-shifokor ko‘rigidan o‘tsin. Aks holda, bu muammo hal bo‘lmaydi. Uy sharoitida esa faqat shifokor buyurgan dori vositalarinigina qo‘llash mumkin. Siz aytgandek, bedana tuxumi yoki musicha go‘shti kabilarning foydasi yo‘q.
«Nega kislorod yetishmaydi?»
— Homilada kislorod yetishmasligi bor, shunga ham qorningiz qattiqlashgan, deyishdi. Kun bo‘yi jismoniy faolman, kam suyuqlik ichaman, foydali mahsulotlarni kanda qilmayman. Nega bunday bo‘ladi, tushunolmayapman?
Zarina, Toshkent viloyati
— Homilada kislorod yetishmasligi asosan qonda gemoglobin miqdorining kamligi bilan yuzaga keladi. Zero gemoglobin kislorod yetkazib beruvchi asosiy vositadir. Kamqonlikka doir tekshiruvdan o‘tib, gemoglobin miqdorini oshiruvchii preparatlar qabul qilishingiz lozim. Bundan tashqari, kislorodli ko‘pik ham foydadan xoli bo‘lmaydi.
Manba: Darakchi.uz