Homiladorlik

EKU - ekstrakorporal urug‘lantirish

Tibbiyot kundan kunga rivojlanib borayotgan bir asrda yashamoqdamiz. Farzand ko‘rishni istagan oilalarda, ba’zida ayol homilador bo‘la olmaydi. EKU - ekstrakorparal urug‘lantirish bunday oilalar uchun bir umid. Tibbiyotda nisbatan yangi uslublardan biri bo‘lishi qaramay, bugungi kunda bepushtlikka qarshi faol ravishda qo‘llanilayotgan va samarali natijalar bilan yakunlanayotgan davolash turiga kirib ulgurgan. Shu sababli, EKU - ekstrakorporal urug‘lantirish haqida biroz ma’lumot berishni lozim ko‘rdik. Savollarimizga Oliy toifali shifokor Bahodirova Shahnoza Fayzullayevna javob berdilar.

- EKU uslubi haqida biroz ma’lumot bersangiz?

- EKU - bepushtlik holatlarida qo‘llanadigan ko‘makchi reproduktiv uslub. Ushbu usulda dunyoga kelgan bolalarni "probirkadan chiqqan" deb atashadi. Chunki ekstrakorporal urug‘lantirishda tuxum ho‘jayra va urug‘ hujayradan embrion hosil bo‘lishining (homiladorlikning dastlabki kunlarida odatda bachadon naychasida kechadigan rivojlanish bosqichi) sun’iy sharoitda - ya’ni "probirka"da kechadi. Bu texnologiya bepusht juftlarga tayinlanadi. Bir yil mobaynida juftlikning fertilligini (bola ko‘rishga qobilligini) o‘rganiladi. Shu davr mobaynida homiladorlik sodir bo‘lmasa, bepushtlik tasdiqlanadi. Uning sabablari o‘rganib chiqilib, asoratlari bartaraf qilinadi. Davolanishdan so‘ng ham homiladorlik sodir bo‘lmasa, boshqa reproduktiv uslublarga murojaat qilinadi. Hozir tibbiyotda ayol bepushtligi, erkak bepushtligi, aralash bepushtlik, mijoz mos kelmasligi va yana boshqa bepushtlik turlari borligi aniqlangan. Masalan, erkak maniysida urug‘ yo‘q bo‘lsa, urug‘ kichik urologik amaliyot yo‘li bilan tuxumdon to‘qimalaridan olinadi, ya’ni biopsiya qilinadi. Uning sifati aniqlangandan so‘ng, urug‘lantirish amalga oshiriladi.

Shuningdek:

  • Erkak maniysida urug‘ foizi 40 foizdan kam bo‘lsa;
  • Ayolda ikki naycha, ya’ni urug‘langan tuxumhujayrani bachadonga olib boruvchi yo‘l yopiq bo‘lsa;
  • O‘ziga xos irsiy xastaliklar, mioma, endometroz, tuxum - hujayra yetilmasligi yoki faoliyati yetarli bo‘lmasligi, ovulyasiya yo‘qligi kabi kasalliklar kuzatilsa;
  • Ayolda jarrohlik amaliyoti sababli tuxum hujayralari yo‘q bo‘lsa;

Bunday hollarda tuxum hujayra donordan (donor sifatida ayolning singlisi, opasi yoki boshqa ayol qarindoshlari bo‘lishi mumkin) olinadi. Embrion ayolning bachadoniga ko‘chiriladi, ya’ni ekiladi va homiladorlik sodir bo‘lib, o‘zi tug‘adi. Hozirgi kunda Ekstrakorporal urug‘lantirish ko‘p hollarda qo‘llaniladi. Chunki, dunyoda demografik muammo yuzaga kelgan. Yevropa mamlakatlarida juftlik 3-6 oy davomida homilador bo‘la olmasa, ularga ekstrakorporal urug‘lantirish taklif qilinadi. Ba’zi mamlakatlarda esa ekstrakorporal urug‘lantirish davlat hisobidan amalga oshiriladi. Mamlakatimizda ekstrakorporal urug‘lantirish endi rivojlanish bosqichiga o‘tdi.

- Ekstrakorporal urug‘lantirishga tayyorlash qanday kechadi?

- Tayyorgarlik ayolning shaxsiy tashxisidan kelib chiqib, amalga oshiriladi. Avvalambor, er va xotinni tekshirib, tashxis qo‘yiladi. Shundan so‘ng, bosqichma bosqich davolash muolajalari boshlanadi. Bunda gormonal va yana bir qancha omillar hisobga olinib, muammolar bo‘lsa, bartaraf qilinadi. Shuningdek, ayol organizmiga embrionlarni ko‘chirish uchun ham zamin hozirlanadi. Tuxumdonlar faoliyatini yanada kuchaytirish (stimulyasiya) amalga oshiriladi. Odatda, ayolda bir dona tuxumhujayra yetilsa, bu davr (sikl)da yigirmaga yaqin tuxum hujayra yetishtirishga harakat qilinadi. Bu yigirmata tuxum hujayra urug‘lantiriladi, degani. Ulardan qancha ko‘p embrionlar hosil bo‘lsa, tanlash imkoniyati ortib, er xotinda bolani jinsini tanlash huquqi ham bo‘ladi. Bachadonga doimo ikkita embrion joylanadi. Bu homiladorlik sodir bo‘lishi ehtimolini oshiradi. Ba’zi hollarda uchta embrion ekilishi ham kuzatilgan. G‘arb mamlakatlarida bachadonga to‘rttagacha embrion ekilgani ma’lum. Bugungi kunda klinikamizda ikkita embrion ekiladi. Tibbiyot markazimiz Sankt Peterburgning taniqli "Inson Reproduksiyasi markazi" bilan hamkorlikda ishlaydi. Bu markaz sobiq sho‘ro davrida birinchilardan bo‘lib - EKU uslubini qo‘llagan. Shuningdek Gannover, Milanning tibbiyot markazlari bilan ham hamkorlik qilamiz. Hozirgi kunga kelib, birinchi maslahat, tayyorlov, bepushtlik sababini o‘rganib chiqish, erkak va ayolni urug‘lantirishga hozirlash jarayoni amalga oshiriladi. Klinika bilan tuzgan shartnomamizga ko‘ra, yuqorida aytib o‘tilgan dasturlar barchasi shu yerda o‘tkaziladi, aynan ekstrakorporal urug‘lantirish esa chet eldagi klinikaning o‘zida bajariladi.

- Nima uchun aynan shu markaz bilan hamkorlik qilishimizning sababi, markaz nafaqat bo‘lajak bolaning jinsini tanlash huquqini, balki bo‘lajak bolada uchrashi mumkin bo‘lgan irsiy kasalliklarni aniqlash imkonini ham beradi. Masalan, ba’zi oilalarda nogiron bola tug‘iladi va oila ikkinchi farzandda ham bu nuqson takrorlanishidan qo‘rqishi mumkin. Bunday holda, embrion 12 xromosoma nuqsonlariga (irsiy) tahlil qilinadi va keyin faqat sog‘lom embrionlar bachadonga olib o‘tiladi. Oldingi paytda juftlik muolajani yaqin yoki uzoq chet el mamlakatlarida olgani bois, davolanish davri 90 kun cho‘zilgan, hozirgi kunga kelib bu vaqt 14-17 kunga kamaygan.

-  Tajribangizdagi ijobiy natijalar haqida ham gapirib o‘tsangiz?

- Agar erkak maniysida o‘zgarish bo‘lsa, buni davolash amrimaholligi hozirgi kunda ma’lum. Shunday holatlar bo‘ladiki, erkak uzoq muddat davolanadi, ammo natija bo‘lmaydi. Dorilar esa tanaga va ayniqsa jigarga zarar yetkazib boradi. Shu sababli, agar bunday muammolar kuzatilsa, EKU dasturiga murojaat qilish to‘g‘riroq bo‘ladi. Ijobiy ko‘rsatgichlarimiz ko‘p. Ayniqsa, ayoldagi naychalar yopiq bo‘lganda, er va xotinning mijozi bir biriga mos kelmagan holatlarda samarali ko‘rsatgichlar yuqori. Aynan bachadon bilan bog‘liq muammolarda esa ayolning tashxisidan kelib chiqqan holda, uni homiladorlikka to‘g‘ri hozirlab borish juda ham muhim. Buning uchun bachadonni homilani ko‘tarish uchun hozir bo‘lgunga qadar tayyorlab boriladi.

- EKU dasturi ijobiy yakunlanmasa, ya’ni ayol homilador bo‘la olmasa, qancha vaqtdan so‘ng dasturni takrorlash mumkin?

- O‘rganib chiqilgan tadqiqotlarga binoan, EKU ni 3 oydan so‘ng takrorlash mumkin. Biroq, bu bachadonning umumiy holatiga qarab belgilanadi. Xuddi shunday, ayolning ruhiy holatini va istagini ham e’tiborga olamiz. Ammo bu muddat ichida ayol albatta o‘z shifokori nazoratida bo‘lishi kerak. Chunki bola tushib qolishiga sabab bo‘lgan kasallikning asoratlari ildiz otib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik lozim. Embrion ayol qornida rivojlanmagan holatda esa boshqacha yo‘l tutiladi. - Ikkinchi marta EKU dasturini takrorlashni istagan ayol, yana tuxumho‘jayra topshirishi kerakmi?

- Markazimizda urug‘lantirilgan embrionlarni saqlab qo‘yish (kreokonservatsiya) dasturi ham amalga oshiriladi. Bemorlarimiz bilan shartnoma tuziladi, bu shartnoma asosida embrionlarni 5 yil davomida saqlab, ya’ni muzlatib qo‘yiladi. Va ayol yana homilador bo‘lishni istaganda erining ruxsati bilan tayyor embrionlar olinib, bachadonga ekiladi. Ayoldan yana tuxum ho‘jayra, erkakdan esa urug‘ hujayra olishga hojat qolmaydi. Embrionlar maxsus tarzda eritilib, bachadonga ekiladi. hali to‘la tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, bu uslubdagi embrionlar bachadonda rivojlanib ketish ko‘rsatkichi yuqori. Jinsiy ho‘jayralarni (tuxumho‘jayralar va urug‘ hujayralar)ni muzlatib qo‘yish kimyo va nur terapiyasini boshidan kechirgan bemorlar uchun ham kelajakda o‘z farzandlariga ega bo‘lish uchun imkoniyatdir.

-  Ayol o‘zini EKU dasturiga qanday hozirlashi kerak? Ayolning ruhiy holati dasturning ijobiy yakuniga ta’sir qiladimi?

-  Biz bemorlarimizni har doim har tomonlama tayyorlab boramiz. Xuddi shunday ijobiy yakun bilan birgalikda salbiy holatlar bo‘lishi mumkinligi haqida ham ma’lum qilamiz. Albatta ayol ham, shifokorlar ham ijobiy natijani istashadi, ammo aksincha bo‘lishi mumkinligini ham e’tibordan chetda qoldirishmaydi. Yuz foiz ijobiy yakun bo‘ladi, deyishning o‘zi noto‘g‘ri, ammo shifokor qo‘lidan kelganicha, yaxshi natija uchun jon jahdi bilan harakat qiladi. O‘zbekistonda ham bu dastur o‘z rivojini topishiga umid qilamiz. Dasturning barcha huquqiy jihatlari o‘rganib chiqilib, kerakli qonunlar qabul qilinsa, bundan ham yaxshi bo‘ladi. Qimmatli suhbatingiz uchun tashakkur!..

Madina ZARIF suhbatlashdi