Tahririyatimizga qo‘ng‘iroq qilgan ayollar, ko‘pincha, tajribali fitnes murabbiydan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olish niyatida ekanliklarini aytishadi. Bugun ana shunday savollarni jamlab, mutaxassisga yo‘lladik va kerakli javoblarni oldik.
Barno Karimova, sog‘lomlashtirish-jismoniy tarbiya murabbiyi.
«HARAKAT QILYaPMAN-U, OZMAYoTGANDEKMAN...»
— Fitnes mashg‘ulotlariga qatnay boshlaganimga endi ikki hafta bo‘ldi. Natijasini qachon sezaman? Hozircha hech bir o‘zgarish yo‘qdek...
Matluba Jo‘rayeva, Andijon viloyati.
— Mashg‘ulotlarga qatnashga ahd qilgan ekansiz, avvalo, bundan maqsad nima ekanligini o‘zingiz uchun aniqlab oling: qomatingizdagi kamchiliklarni tuzatmoqchimisiz, mushak hajmini o‘stirmoqchimisiz, jismonan baquvvat bo‘lmoqchimisiz yoki shunchaki sog‘lom bo‘lish uchun qatnayapsizmi? Tezroq ozib ketsam edi, deyish o‘rniga qancha kilogrammdan xalos bo‘lish, qomatingizdagi muammoli joylar ustida ishlash haqida o‘ylang. Yana sabrli bo‘lishni o‘rganishingiz kerak. Ikki-uch mashqning o‘zidayoq mo‘’jiza kutish u qadar to‘g‘ri emas.
«OYoG‘IM OG‘RIB QOLDI...»
— Mashq paytida oyog‘im mushaklari jarohatlandi. Oradan ikki hafta o‘tsa ham og‘riq to‘xtamayapti. Buni qanday tuzatish mumkin?
Ra’no Shomirzayeva, Yakkabog‘ tumani.
–Imkon qadar og‘riyotgan oyoqni asrang. Hozircha kamroq yayov yuring, ish paytida siqib turadigan poyabzalni yechib qo‘yganingiz ma’qul. Kechqurunlari uyqu oldidan vanna qabul qiling: tog‘oraga issiq suv quyib, dengiz tuzidan bir siqim qo‘shing-da, 15-20 daqiqa oyog‘ingizni solib o‘tiring. Tuzli suv mushaklarni anchagina bo‘shashtiradi. Vannadan keyin o‘simlik yog‘i bilan uqalang. Moyli uqalash jarohatlangan to‘qimalar tiklanishini tezlashtiradi. Bir hafta, o‘n kun shunday muolaja qilsangiz, og‘riqdan asar ham qolmaydi.
«MAShG‘ULOTLARNI TO‘XTATMOQChIMAN»
— Ikki-uch yildan beri uyda ritmik mashqlar bilan shug‘ullanaman. Lekin keyingi paytda mashq desa yuragim bezillaydigan bo‘lib qoldi. Erinyapman. Nima qilsam ekan, vaqtincha shug‘ullanmay turganim ma’qulmikin?
Mohina Aslanova,Toshkent shahri.
– Jismoniy faollik vaznni kamaytirib, kayfiyatga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi bilan birga mushaklar ishini, hazm a’zolari, immun tizim faoliyatini yaxshilaydi, organizmda moddalar almashinuvini faollashtiradi. Shuning uchun doimiy shug‘ullanib yurgan bo‘lsangiz, bundan keyin ham davom ettirganingiz ma’qul: organizm bunga anchagina ko‘nikib qolgan. Agar mashqlardan zerikkan bo‘lsangiz, bir hafta, o‘n kun dam oling-da, so‘ng fitnes-zalga boring. U yerda guruh-guruh bo‘lib shug‘ullanasiz va mashg‘ulot jarayoni zerikarli tuyilmaydi. Sheriklaringizning faolligi, harakatchanligi sizni ham ortda qolmaslikka undaydi, kuchingizga kuch qo‘shadi. Bundan tashqari, fitnes-zalda murabbiy sizning har bir xatti-harakatingizni nazorat qilib turadi. Bu bilan mashqlarni to‘g‘ri, o‘z o‘rnida bajarib, kutilgan natijaga erishasiz.
«QOMATIMIZ QO‘POL TUS OLIB KETSA-Ya!..»
— Biz, uch ovsin fitnesga qatnayapmiz. Lekin o‘ylab qoldik: jismoniy mashqlar bilan doimiy shug‘ullanish qomatni buzmaydimi? Mushaklari o‘sib, tashqi ko‘rinishi qo‘pollashgan sportchi qizlardek bo‘lishni xohlamasdik, harholda.
Dilafro‘z Tolipova, Toshkent shahri.
– Xotirjam bo‘lishingiz mumkin, mashqlar natijasida mushaklar avvalgidan kuchliroq bo‘lishi bor gap, lekin hech qachon shishib, bo‘rtib qolmaydi. Yillar davomida doimiy shug‘ullanish ayolning qomatini buzadi, degan gap asossiz. Chunki ayol organizmida mushak hajmini o‘stiruvchi testosteron gormoni juda ham kam bo‘ladi. Sportchi qiz – ayollar esa deyarli yuz foiz holatda mushak hajmini maxsus parhez va murakkab mashqlar yordamida o‘stirishadi. Siz shug‘ullanayotgan yengil mashqlar hech qachon mushak kattalashishiga olib kelmaydi.
«Parhez qilgach, mashq nega kerak?»
—Men parhez yordamida bemalol ozishim mumkin. Shunday ekan, jismoniy mashqlar nima uchun kerak, bizga?
Muhabbat Yo‘lchiyeva, Qo‘qon shahri.
— Parhez paytida organizm yog‘lar bilan birga mushak massasini ham yo‘qotadi. Natijada moddalar almashinuvi sustlashib, yana qaytadan vazn yig‘ishga olib keladi. Ko‘p hollarda parhezni to‘xtatgach, avvalgidan ham semirib ketganlar fikrimga misol bo‘la oladi. Yana bir muhim jihat bor bor: qat’iy parhez paytida organizm kerakli ozuqa moddalarni qabul qila olmaydi. Shuning uchun ham to‘g‘ri ovqatlanish bilan bir vaqtda jismoniy mashqlarni bajarish zarur. Aks holda salomatlikka putur yetishi mumkin.
Tajribali murabbiy siz uchun individual tarzda mashg‘ulotlar va to‘g‘ri ovqatlanish ratsionini tuzib berishi kerak. Uning tavsiyalariga, ayniqsa, boshida ikki oy qat’iy amal qilsangiz natijasi seziladi.
Muborak ANVAROVA tayyorladi
Manba: Darakchi.uz