Madaniyat

Gialuron moddasi. Yoshartiradi, himoyalaydi, go‘zallik ulashadi!

Go‘zal va betakror ko‘rinishimiz, ajinlarning oldini olish va borlarini bartaraf etishda terini namlantirib turishimiz juda muhim. Ham ichkaridan, ham tashqaridan. Ichqaridan qanday qilib namlantiriladi, deysizmi? Gialuron moddasi yordamida-da, albatta! Kosmetolog Mahbuba MAMANOVA bugun shu mavzuga to‘xtaladi. 

Bu o‘zi qanday modda?

Kosmetik vosita tanlash chog‘ida yoki reklama roliklari orqali «gioluron kislotasi» degan so‘zlarga ko‘zingiz tushgan bo‘lsa kerak. Tallaffuzi biroz mushkul bo‘lsa-da, aynan shu modda teridagi namlikni saqlab, qarishdan himoyalaydi. Aslida gialuron kislotasi hujayralarimiz orasida mavjud gelsimon modda bo‘lib, uning bir dona molekulasi 500 tagacha suv molekulasini ushlab qolishga qodir. Bundan tashqari, terining cho‘ziluvchan va mayinligini ta’minlovchi kollagenlar ishlab chiqarilishini rag‘batlantiradi.

Uzoq muddat quyosh nurlari ostida bo‘lganingizda teri sho‘ralab, to‘kila boshlashini kuzatgansiz-a? Aynan gialuron kislotasi yetishmaganida teri ostidagi suyuqlik parlana boshlaydi. Yosh ulg‘aya boshlaganda ham shunga o‘xshash vaziyat kuzatiladi. Natijada ajinlar yuzaga keladi. Ajinlarning oldini olish uchun gioluron kislotasini ehtiyot qilish, kerak bo‘lsa, ishlab chiqarilishini rag‘batlantirish talab etiladi.

«Sehrli» kremlarga ishonishsa bo‘ladimi?

Agar abadiy go‘zallikning siri bir quti kremga joylanganida dunyoda birorta ham keksa inson qolmasdi, nima dedingiz? Shuning uchun parvarish vositalaridan mo‘’jizaviy natijani kutish noo‘rin. Ishlab chiqaruvchilar krem, zardob, niqob va gellar tarkibiga yangicha moddalarni qo‘shganliklarini, shu moddalar terining chuqur qatlamlarigacha yetib borib, ajinlardan xalos etishini aytib, tinimsiz bong urishmoqda. Va shunday innovatsion moddalar qatoriga gioluron kislotasini ham kiritishgan. Bo‘lsa bordir, kremlarga bunday moddalar qo‘shilgan yoki aksi ekanligini muhokama qilish fikridan yiroqmiz. Biroq o‘sha gialuron kislotasining hajmi teridagi teshiklardan o‘ta olamasligini yaxshi bilamiz. Qancha ishqalasangiz ham, teri ostiga kirib borolmaydi. Demak, vositangiz chuqur ta’sir o‘tkazishga qodir emas, biroq epidermisga foydasi tegishi aniq. Ya’ni teri yuzasida yupqa plyonka hosil qilib, suv parlanib ketishini sekinlashtirishga ko‘maklashadi. Bugungi kunda kosmetologiyada o‘ta mayda molekulali vositalar ham mavjud bo‘lib, ular lazer nuri yoki elektr toki yordamida teriga singdirilmoqda.

Go‘zallik ukollari-chi?

Ha, teri ostiga yuboriladigan yoshartiruvchi ukollarning asosini ham aynan gialuron kislotasi tashkil etadi. Unga bir qancha vitaminlar va foydali moddalarni qo‘shib, mezoterapiya amaliyotini o‘tkazish mumkin. Gelsimon gialuron kislotasi yordamida esa chuqur ajinlardan xalos bo‘lish imkoniyati mavjud. Shu o‘rinda gialuron kislotasi so‘rilib ketganidan so‘ng teri avvalgi ko‘rinishiga qaytib qoladimi degan haqli savol tug‘ilishi mumkin. Qiziq tomoni shundaki, organizmning o‘zi shu modda ishlab chiqarilishini rag‘batlantirar ekan. Bu esa natija uzoqroq saqlanishini ta’minlaydi.

Eshitdingizmi, xapdorisi ham chiqibdi?

Dorixona va internet do‘konlarda suyuq yoki kapsula ko‘rinishidagi gialuron kislotasini ham uchratishingiz mumkin. Lekin ular butunlay besamar hisoblanadi. Chunki oshqozonga tushib parchalangach, modda butun organizm bo‘ylab tarqatiladi. Uning qancha qismi aynan yuz yoki bo‘yinga ta’sir qilishi o‘rganilmagan. Shuning uchun bunday vositalarga murojaat qilish tavsiya etilmaydi.

Taomnomamizga yangilik kiritamiz

Organizmimizning o‘zi tabiiy gialuron kislotasi ishlab chiqara olishi haqida gaplashdik. Bu jarayonni rag‘batlantirish uchun yoshlik va go‘zallikni saqlab qoluvchi mahsulotlarni iste’mol qilib borish lozim. Shunday taomlardan biri tovuq go‘shtidan tayyorlangan qaynatma sho‘rva hisoblanadi. Uni muntazam iste’mol qilsangiz, teringiz tarang va chiroyli ko‘rinadi. Bundan tashqari, fitoestrogenlarga boy soya pishlog‘idan ham ko‘proq tanovul qilishga odatlaning. Yapon go‘zallarining yuzlarini ko‘rgansiz-a? Yoz ne’matlaridan esa uzum chiroyingizni uzoq saqlab qolishga qodir. Taomnomangizda shunday foydali mahsulotlarni ko‘paytirsangiz, ishonamizki, yillar sizga o‘z ta’sirini o‘tkaza olmaydi.

Manba: Darakchi.uz