Ayol.uz

“Har bir insonning oʻz kamchiligi, oʻz hikoyasi, oʻzining afsusi boʻlishi kerak hayot maktabida!”

Ayol kishi – olmos. Sayqal berilgan yoki sayqal berilmagan – hamma gap shunda. Yillab davom etadigan izlanishlar, tinimsiz o’z ustida ishlash, o’zini sevish, o’zligini anglash va hayotda bor ekanligini bildirib turish istagi ayolni chinakam sayqallangan olmosga aylantiradi. Bugun jamiyatimizda hayotda har tomonlama o’z o’rnini topgan, matonatli va o’rnak olsa arzigulik xotin-qizlar ko’p. Shu kabi ayollardan biri Ayol.uz ning bugungi mehmoni bir nechta nomdor stipendiyalar sohibasi, iqtisod fanlari doktori Barnogul Sanoqulovadir.

           Barnogul Sanoqulova 1981-yil Samarqand viloyatida tug’ilgan. Talabalik yillarida bakalavriat davrida Ulug’bek hamda Navoiy nomidagi stipendiyalar, magistratura davrida O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat stipendiyasini qo’lga kiritishga muvaffaq bo’lgan. Bir nechta respublika miqyosidagi va xorijiy tanlov-konferensiyada turli nominatsiyalar bo’yicha g’olib bo’lgan. 30ga yaqin ilmiy tezislar muallifi.

Ayol soʻziga qisqacha taʼrif bering.

Oʻtda kuymaydigan, suvda choʻkmaydigan, oʻzinikilar uchun istaganining “joyini soladigan”, kulib turib yigʻlash sanʼatini mohirona oʻzlashtirgan hamda vaqti kelsa, inson zoti tugul oʻzini oʻzi tushunmaydigan Alloh yaratgan moʻjizalardan biri!

Ayoldagi qaysi xislatga eʼtiqod qilsa arziydi?

Allohning faqat ungagina berilgan oʻzidan zurriyot qoldira olish xislati hikmatiga.

Hayotingiz davomida ayol kishi boʻlganingiz uchungina nimagadir erisha olmagan yoki nimadir qilolmagan vaziyatlaringiz boʻlganmi?

Yoʻq, bunday holat boʻlmagan chunki tabiatan oʻz oldimga qoʻygan maqsadlarim, xayol qilgan orzularim, oʻylagan niyatlarimga erishadigan, erishmaguncha qoʻymaydigan insonman.

Ayol kishi oila va ish oʻrtasida muvozanatni topishida nimalarga eʼtibor berishi kerak?

Hech narsaga! Ayol har qanday holatda ham oʻziga oʻzi xiyonat qilmasa, oʻzini oʻzi aldamasa boʻlgani, aynan shu shartning bajarilishi alaloqibat vaqt mezoni oʻlchovi yuzasidan eng optimal tanlov qilishga imkon yaratadi.

… agar ikkisidan birini tanlashga toʻgʻri kelib qolsa-chi?

Men yuqorida aytgan shart bajarilsa, tanlashga hojat qolmaydi, ayol makon-zamon va vaqt omillari taʼsirida eng optimalini oʻzi uchun aniqlay oladi. 

Oʻzbek jamiyatida ayolga munosabatning qaysi jihatlari bilan faxrlansa arziydi?

Har qanday sharoitda ham ayollar bayramining nishonlanishi bilan J (boshqa sabab kelmadi miyamga)))

… kamchiliklar-chi?

Kamchiliklar… Ular judayam koʻp va ularning aksariyatiga biz ayollar oʻzimiz sababchimiz! Chunki biz haligacha oʻz-oʻzini sevish madaniyatini shakllantirishga erisha olmaganmiz...

Feminizmga qanday qaraysiz?

Feminizmga ijobiy qarayman, lekin tabiatan feminist emasman…

… umuman, erkak kishi ayol kishidan bir pogʻona balandda degan fikrga qanchalik qoʻshilasiz?

Qoʻshilaman, chunki ruhan va jismonan qanchalik kuchli boʻlishimga qaramay, tan olamanki, vaqti-vaqti bilan ojiza boʻlishni, hayotga kimningdir yelkasi osha qarashni, kimdir meni “bu ojiza-ku” deb atashini xohlayman. Bu holatga esa, albatta, erkak kishi qaysidir hayot manzillarida ayoldan bir pogʻona ustun boʻlganidagina erishish mumkin boʻladi.  

Oʻzbek jamiyatida bilimi, salohiyati bilan boshqalarga oʻrnak boʻla oladigan 5 ayolni sanang.

Men kimdir kimgadir oʻrnak boʻlishi kerak degan tezisga hech qachon amal qilmaganman, har bir ayolni bir xilqat deb bilaman, har bir ayolning qaysidir sohadagi, jabhadagi bilimi, salohiyati takrorlanmas, oʻzgacha deb oʻylayman, hayot manzillarida menga hamroh, doʻst, tanish, yoki shunchaki hayotimda uchragan har bir ayoldan shu jihatni topishga harakat qilaman.

Doimiy eʼtiborda boʻlishdan charchagan, qandaydir maʼnoda oddiy ayol boʻlishni istab qolgan paytlaringiz boʻlganmi?

Bilmadim, men oʻzimni doimiy eʼtibordagi ayol deb hisoblamayman, chunki istalgan payt hech kim bilan gaplashmaslik, uchrashmaslik, yozishmaslik, yaʼni tarki dunyo qilish imkoniyatiga ega boʻlganman.

Nimani shu paytgacha erishgan eng katta yutugʻingiz deb hisoblaysiz?

Eng katta yutugʻim hali oldinda….

Eng katta xatoyingiz-chi?

Xatoyimmi?.. Bir marta oʻzimga, tuygʻularimga, ichki intuitsiyamga qarshi borib, tanlov qilib, buning uchun hayot maktabida katta tovon toʻlaganman, yaʼni vaqtimni boy berganman! Lekin bu tanlov koʻp masalalarda ibrat, saboq boʻlgan. Hatto hozir shu xatoyimga rahmat aytaman.

Ayol kishi uchun eng ulkan baxt — ?

Farzandining hidini tuyib, toʻyib sarmast boʻlishi boʻlsa kerak..

Hayotingizda nimanidir oʻzgartirish imkoni boʻlsa, aynan nimani oʻzgartirardingiz?

Hech narsani! Alloh meni har tomonlama siylagan, suygan! Dard yuborib, sabrga oʻrgatdi, obroʻ berib, kibrimni tarbiyaladi, boylik berib, qalbimda shukronalikni uygʻotdi, chiroy, istara berib, xulqimni randaladi, zehn berib, oʻzimga boʻlgan ishonchimni oshirdi.  

… ayol kishi boʻlib tugʻilganingizdan afsuslangan paytlaringiz boʻlganmi?

Yoʻq, chunki doim xarakterim tabiatan oʻgʻil bolalarnikidek boʻlgan.

Qiz farzandingizga qanday tarbiya bergan boʻlardingiz?

Odam qilib tarbiyalardim…

… uning siz yoʻl qoʻygan qaysi kamchiliklarni takrorlashini istamaysiz?

Yoʻq, bunaqa cheklov qoʻymagan boʻlardim, kamchiliklarsiz, nuqsonlarsiz bu hayot qiziq emas aslida. Har bir insonning oʻz kamchiligi, oʻz hikoyasi, oʻzining afsusi boʻlishi kerak hayot maktabida!

Siz kuchli ayolmisiz? Umuman, ayol kishi ojiza boʻlgani maʼqulmi yo kuchli?

Dushman uchun, yov uchun kuchliman, Alloh oldida esa kuchsiz, ojizaman, doim unga muhtojman. Har qancha ruhan, maʼnan, jismonan kuchli boʻlishim mumkin, lekin OʻZIga ehtiyojmandman!

Oʻzbek ayollariga aytmoqchi boʻlgan gapingiz bormi?

Bor… Judayam koʻp gapim bor. Lekin quruq gapirishni xohlamayman, yaxshisi ularni oʻz ortimdan ergashtiraman, nimagadir oʻrgataman…

Maroqli suhbat uchun tashakkur, Barnogul opa. Izlanishdan, oʻsishdan toʻxtamang.

Dilbar Ismatullayeva suhbatlashdi