-Bundan 3-4 yil avval yuzimdagi husnbuzarni siqqanimda, o‘rnida yara hosil bo‘lib, gazak olgan. Keyinchalik o‘sha sohada chuqurcha paydo bo‘ldi. Bilishimcha, buni piling yordamida to‘g‘irlash mumkin ekan. Menga qanday maslahat berasiz?
Sitora, Bo‘stonliq tumani
Maxbuba MAMANOVA, kosmetolog: — Aslida husnbuzarlar organizmdagi turli yallig‘lanish jarayonlari va salomatlikdagi o‘zgarishlardan darak beradi. Husnbuzarlar yara shaklida paydo bo‘lsa, yallig‘lanishga qarshi muolaja turlarini qo‘llash kerak. Ularni siqish yoki yorish mumkin emas. Aks holda sizdagi kabi teri kataklari zararlanib, chuqurcha hosil bo‘lishi yoki dog‘ tushishi mumkin. Sizning holatingizda kosmetologiya klinikalaridagi piling muolajasi yoki lazer nuri yordamida davolash terapiyasiga murojaat qilishingiz mumkin. Bu kabi muolajalarda teri chuqurchasi to‘ldirilib, ustki qavati tekislanadi. Bu borada kosmetologiya xizmatiga murojaat etganingiz ma’qul. Chunki muolajadan avval teri qatlamining maxsus tekshiruvi o‘tkazilib, so‘ng davolash ishlari bajariladi.
Manba: Darakchi.uz