Bemor odam dardiga davo istab, tibbiyotning turli usullarini qo‘llab, muolaja olishga urinadi. Samarador sanalgan terapiyalar orasi igna bilan davolash ham bor. Xo‘sh, eng qadimgi davolash usullaridan biri sanalgan ignaterapiya qanday kasalliklarda shifo bo‘ladi? Uni har qanday xastalikdan forih bo‘lish uchun qo‘llash to‘g‘rimi?
Igna bilan davolash — akupunktura usuli organizmning yumshoq to‘qimalariga maxsus ignalar sanchib davolashdir. Ushbu muolaja Xitoy, Koreya, Yaponiya xalq tibbiyotida qadimdan keng qo‘llaniladi. Bunda gavdaning muayyan (700 ga yaqin) nuqtalariga kiritilgan ignalar nerv tolalarini ta’sirlantiradi. Ta’sirlanish bosh yoki orqa miyaga, u yerdan turli a’zolarga o‘tadi. Periferik asab tizimi xastaliklari, uyqu buzilishi, moddalar almashinuvining buzilishi, shikastlanish va boshqalar natijasida paydo bo‘ladigan bo‘g‘im va mushak kasalliklarida qo‘llaniladi. Zarurat tug‘ilganida igna sanchib davolash bilan birga dori-darmonlar ham buyuriladi. Igna bilan davolashni shifokor belgilaydi va bu muolajani faqat shu soha mutaxassisigina o‘tkaza oladi.
Qo‘llash mumkin bo‘lgan xastaliklar
Asab tizimi: uyqusizlik, surunkali charchoq sindromi, migren (bosh og‘rig‘i), depressiya( tushkunlik).
Tayanch-harakat tizimi: osteoxondroz, artrit, bo‘g‘imlar artrozi,
Siydik yo‘li xastaliklari: surunkali prostata, bepushtlik, nevrit, disk churrasi, bachadon kasalliklari.
Me’da-ichak tizimi kasalliklari: ich qotishi, o‘t qopidagi toshlar, oshqozonosti bezi kasalliklari, surunkali xoletsestit.
Qay holatda tavsiya etilmaydi?
1.Surunkali-yuqumli (tuberkulyoz) sil kasalliklarida;
2. Isitma chiqqan holatda;
3. Og‘ir kasalliklar, depressiya holatidan keyin kuchsizlanib qolgan organizmda;
4. Uch yoshga to‘lmagan bolalarda;
5. Yetmish yoshdan oshgan keksalarda;
6. Og‘ir jismoniy mehnatdan so‘ng, yugurganda, qaynoq vanna qabul qilgandan so‘ng;
7. Kuchli alkogol ta’sirida qo‘llash mumkin emas.
8. Shuningdek, homilador ayollarda ikkinchi, uchinchi uch oylikda igna sanchib davolash usuli tuhilajak bola uchun xavfli hisoblanadi. Ginekologlarning fikricha, tug‘ruqdan 5 oy avval igna sanchib davolash usuli qat’iy ta’qiqlanishi lozim. Ayniqsa, qorindan pastki qism, oyoqdagi kasallikni davolash nuqtalari belgilanishi homila uchun katta xavfdir.
Nojo‘ya ta’siri ham bormi?
Igna sanchib davolashning nojo‘ya ta’siri u qadar xavfli emas. Odatda, igna bilan davolash muolajasidan so‘ng bemorda yengil bosh aylanishi, kuchsiz bosh og‘rig‘i kuzatiladi.
Odatda, igna sanchib davolash kasallikni davolashdagi eng birinchi usul emas, qo‘shimcha davo usulidek qabul qilinadi. Shu bois, igna bilan davolash sog‘liq bilan bog‘liq barcha muammolarni hal qiladi, deb hisoblash noto‘g‘ri. Mazkur usulni qo‘llamoqchi bo‘lsangiz, albatta, soha mutaxassisiga uchrashishingiz va maxsus klinikaga murojaat qilishingiz zarur.
Manba: Darakchi.uz