Psixologiya fanida ekstravert va introvert kabi tushunchalar mavjud. Ekstravert – xulq-atvori atrofdagi odamlar ular bilan o‘zaro faol hamkorlik qilishga qaratilgan shaxs.
Introvert – xatti-harakatlari ichga, ya’ni o‘z-o‘ziga qaratilgan shaxs.
Aynan shu tushunchalardan kelib chiqib bu ikki toifa haqida qarashlar yuzaga kelgan. Ushbu maqolada bu qarashlar qanchalik haqiqatga yaqinligi borasida so‘z yuritiladi.
Introvertlar har doim ham uyatchan emas, ekstravertlar ham muloqotdan charchaydilar.
1. Introvertlar tadbirlardan zavq olishmaydi
Ular vaqtlarini yolg‘izlikda o‘tkazishni xush ko‘rishadi va ekstravertlarga qaraganda tashqi omillardan tez charchaydilar. Biroq bu ularga tadbirlar umuman yoqmasligini anglatmaydi. Bor-yo‘g‘i introvert uyga vaqtliroq ketishini anglatadi, xolos. The Relationship between Extraversion and Happiness tadqiqotlari natijalariga ko‘ra, har ikki toifadagi odamlar muloqotdan birdek huzurlanishadi.
Hatto tadbirlardan so‘ng introvertlar o‘zlarini bo‘shab qolgandek his qiladi, degan fikr ham mutlaq to‘g‘ri emas. Ularning har ikkisi ham muloqot vaqtida baxtni, undan keyin esa charchoqni his etadi. O‘zaro suhbat uchun harakat qilishga to‘g‘ri kelgani bois charchash hissi tabiiy. Bu yerda gap introvertlik yoki ekstravertlikda emas, inson tabiatidadir.
2. Introvertlar har doim uyatchan, ekstravertlar — erkin
Uyatchan odamlar jamoada xavotir, qo‘rquv va noqulaylikni his etishadi. Introvertlar shovqinli bayram kechalarini yoqtirishmaydi, biroq muloqotda o‘zlarini qulay his qilishadi.
Introvertlik va uyatchanlik qisman kesishadi, olimlar bu nima uchun sodir bo‘lishining javobini bilishmaydi.
Balki introvertlarda miyaning qo‘rquv uchun javob beradigan qismi faolroqdir. Shuning uchun xavotir ijtimoiy jarayonlarda ishonchsizlik va uyatchanlikka aylanadi.
Biroq buni boshqacha tushuntirish ham mumkin. Introvertlar kamroq muloqot qilishni istaganliklari uchun ularda ijtimoiylashuv tajribasi kamroq. Natijada ular muloqot vaqtida o‘zlarini noqulay his etishadi. Biroq bu hammaga tegishli emas.
Qaysi toifadagi odam bo‘lishingizga qaramay, o‘z-o‘ziga ishonch hissini rivojlantirish mumkin. Buning uchun ijtimoiy ko‘nikmalar ustida ishlang va ularni doimiy ravishda mashq qiling.
3. Introvertlar yaqinlik va munosabatlarga ekstravertlarchalik ehtiyoj sezishmaydi
Introvertlar vaqtining ko‘p qismini yolg‘izlikda o‘tkazishlari zarur. Biroq bu ular yaqin munosabatlarga ehtiyoj sezmasliklarini anglatmaydi. Farq bu munosabatlarning miqdori va xarakteridadir.
Ekstravertlar juda ko‘p insonlar bilan muloqot qilishni yoqtiradilar va ularning tanishlari doirasi ham keng. Introvertlar esa odamlarning kichik guruhini xush ko‘rishadi va ularga bir necha do‘stlar doirasi yetarli.
Shunga qaramay, muloqot barcha uchun zarur. Mental health and social relationships tadqiqotlari natijalariga ko‘ra, yaqin munosabatlar sog‘lik va qalb muvozanati uchun juda muhim.
4. Introvertlar suhbatlarda ishtirok eta olishmaydi, chunki ularni yoqtirishmaydi
Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, ekstravertlar introvertlarga qaraganda ko‘proq mashq qilishadi. Biroq bu introvertlar sport bilan shug‘ullana olmasliklarini anglatmaydi. Sport jismoniy va ruhiy salomatlik uchun zarur va hamma mashq qilishi lozim.
Suhbat qurishga ham ehtiyoj tug‘iladi. Biroq notanish odamning yoniga kelib, undan Nitsshening g‘oyalari to‘g‘risida so‘rash noo‘rin.
5. Muloqot ekstravertlarga qiyinchilik tug‘dirmaydi
Ekstravertlarga ko‘proq muloqot kerak bo‘lgani uchun nimagadir hamma bu ehtiyoj ularni uydan ko‘chaga sudraydi, degan fikrdalar. Agar bunday odam hech qayerga bormay, divanda yotib, seriallar ko‘rmoqchi bo‘lsa, u aslida introvert emasmikan, degan fikr uyg‘onadi.
Biroq hammamiz ham qarama-qarshilik kamroq bo‘lgan yo‘lni tanlaymiz. Ish qilmasdan, dam olishni istash sizni introvertga aylantirmaydi. Qayergadir borish uchun hamma ham harakat qilishiga to‘g‘ri keladi. Ba’zida buni umuman istamaymiz. Uchrashuvlardan keyingi charchoq hissi esa barchaga tanish, chunki muloqot har qanday odamdan mehnatni talab etadi.
Manba: Kun.uz