Oila

Ishqiy munosabatlarga soya soluvchi 5 xato

Bir qarashda baxti to‘kis oilaning bekasisiz. Turmush o‘rtog‘ingiz, bir-biridan aqlli, odobli farzandlaringiz, sizni tilidan bol tomib maqtaydigan qaynonangiz, ish, oila va farzandlariga birdek ulguradigan uddaburon ayol — sizga barchaning havasi keladi. Biroq hammma o‘zidan o‘tganini o‘zi biladi-da... Yaxshiyamki yotoqxonaning eshigi, tilni to‘sib turuvchi tishlar bor. Aks holda, juftingiz bilan o‘rtangizdagi so‘na boshlagan muhabbat olovi asl baxtingizga soya tashlayotganini boshqalar ham bilgan bo‘lisharmidi?! Qayerda xato qildim deb o‘ylashingizdan foyda yo‘q, yaxshisi, vaziyatni tuzatish yo‘llarini axtaring. Oliy toifali shifokor, ruhshunos Alisher TO‘RAYeV bu borada sizga o‘z maslahatlarini berib o‘tadi.

1. Ro‘zg‘orga o‘ralashib qolmang!

Uy tozalash, kir yuvish, dazmollash, pol va chang artish, idish-tovoqlar-u bozor – o‘char tagi ko‘rinmas g‘orning ishlar hech qachon tugamaydi, kam – ko‘sti yopilmaydi. Shunday ekan, ular uchun asosiy kuch va e’tiboringizni sarflashingiz to‘g‘rimi? Har kuni artadigan o‘sha polingiz sizga mehr berarmidi? Yoki bugun emas, erataga dazmol qilinadigan kiyimlaringiz eringiz bilan munosabatlaringizni tuzatadimi? Tozalik va ozodalik muhim, buni inkor etolmaymiz. Erkak xonaning changi artilganiga 2 kun bo‘lganini bilmasligi mumkin, lekin sizning e’tiboringiz kamayganini darhol sezadi.

2. Televizor va telefondan uzoqroq bo‘ling!

Serial, telefon yoki kompyuter o‘yinlarini biroz chetga surib qo‘ying. Ularga vaqtingiz serob-u, juftingiz uchun yo‘qmi?! Turmush o‘rtog‘ingiz bilan o‘rtangizda g‘ov bo‘layotgan barcha narsalarni yengib o‘ting. Agar turmush o‘rtog‘ingiz siz kabi osongina telefonidagi o‘yinidan voz kecholmasa, o‘sha o‘yinni u bilan birga o‘ynash orqali umumiy mavzu topishingiz mumkin. Vaqtni oqar suvga tenglashtiramiz-u, lekin undan to‘g‘ri foydalanishni bilmasligimiz achinarli. Tunni telefonni qo‘lga olib emas, bir-biringizni quchog‘ingizda o‘tkazing!

3. Ish va charchoq...

Ish bilan oilani bir-biriga aralashtirmang. Ishxonada asabiylashgan bo‘lsangiz yoki charchoqdan yiqilib tushay deb tursangiz ham jufti halolingizga ikki og‘iz shirin so‘z aytishga o‘zingizda kuch toping. Charchoqni yengish uchun esa kontrast dush yoki efir moylari  qo‘shilgan vanna qabul qiling. Balki turmush o‘rtog‘ingizni ham chaqirarsiz...

4. O‘zingizga ishoning!

Unutmang: u sizga uylangan! Siz farzandlarining onasi, qo‘rg‘onining bekasisiz! Demak, hayotidagi eng muhim ahamiyatga ega ayol ham siz bo‘lasiz! U faqatgina sizni deydi, bunga ishoning. Atrfodagi shuncha qizlar orasidan u sizni yagonasi deb bilgan. Erkak kishi bir so‘zli bo‘ladi, siz uning tanlovisiz! Buning uchun eringizni ham, o‘zingizni ham hurmat qiling. Kamchiliklarimni bilmaydi deb o‘ylamang, eringiz sizni ular bilan birga sevadi. Siz o‘zingizni boringizcha qabul qiling, tamom. Bor go‘zalligingiz va jozibangizni ishga soling! Eringizni qaytadan rom eting...

5. Yangiliklardan cho‘chimang!

Juftingiz sizga yotoqxonada biror bir yangilikni sinab ko‘rish taklifi bilan chiqsa, rad etishga shoshilmang. Birinchidan, bu ishlarni qilishga rozi bo‘ladigan boshqa birov topilib qolishi mumkin. Ikkinchidan, bir xillikdan o‘zingiz ham zerikmadingizmi? Aynan yangiliklar sizga yangi tuyg‘ular eshigini ochishi mumkin.

Manba: Darakchi.uz