Reklamalardagi go‘zallarni ko‘rib, kipriklariga havasingiz keldimi? Yoki uzun va qalin kiprik sohibalari qatorida emasligingizdan xafamisiz? Ko‘nglingizni cho‘ktirmang. Bugun kundalik va oqshom uchun kiprik yopishtirish usullarini o‘rganamiz.
Kundalik makiyaj uchun
Bunday sun’iy kipriklar turli xil uzunlikda bo‘lishi mumkin. Ularni qovoqqa yopishtirish uchun biror qulay idishga bir necha tomchi yelimni siqib, kiprikni unga tegizing-da, qovoqning tashqi burchagidan boshlab yopishtiring. Yodingizda bo‘lsin, ulama kiprikning uzunligi qovoqning markaziga kelganda tabiiy kipriklaringizdan farq qilmasa, xuddi aslidek ko‘rinadi. Qovoqning ichki burchagiga esa ko‘p miqdorda yopishtirmaganingiz ma’qul. Odatda ulama kipriklar bilan birga uni yopishtirish uchun maxsus yelim ham sotiladi. Biroq uning sifati ko‘p hollarda talabga javob bermagani bois, mutaxassislar alohida yelim sotib olishni tavsiya etishadi. Іa, yana bir muhim ma’lumot, kipriklarni ko‘zingizni ochgan holda yopishtiring. Tutamlarni tabiiy kipriklaringiz qatoriga joylashtira olsangiz, jozibali chiqadi. Tutamlar orasidagi masofa esa 2-3 millimetr bo‘lsin.
Donalisi qanaqa?
Juda kalta kiprik sohibalariga aynan donali turidan foydalanish tavsiya etiladi. Ularni mahorat bilan yopishtirsangiz, tabiiysidan deyarli farqlanmaydi. Demak har bir tolani yelimga botirib, qovoqning tashqi burchagidan markazga qarab yopishtirish lozim. Bunday sun’iy kipriklar ayniqsa bodomqovoq sanamlarga qo‘l keladi. Qovoqning chetiga kipriklarning uzunrog‘ini tanlasangiz, nur ustiga a’lo nur. Ba’zida yopishtirilgan kipriklar turli tomonlarga qarab qoladi. Agar birinchi urinishlaringizda shunday omadsizlikka uchrasangiz, aslo kayfiyatingizni tushurmang. Kiprikni qayirib, shakl beruvchi maxsus moslama bilan muammo oson hal etiladi.
Oqshom tadbirlariga – tasmalisi
Balki erkaklar kipriklaringiz ulama ekanligini sezmasliklari mumkin, ammo ayollar buni darhol payqashadi. Shu sababdan tasmali kipriklardan har kuni emas, bayram va tadbirlardagina foydalanganingiz ma’qul. Tasmalilarini yopishtirish yuqoridagi ikki turga qaraganda oson va qulay. Faqat ularni yopishtirishdan avval ko‘zingiz o‘lchamiga mos qilib kesib olishingiz lozim. Shundan keyin yelimni kiprikka 1-2 millimetr oraliqda tomchilab tekkazish kerak. 10 soniya kutib, ko‘zlarni ochgan holda qovoqqa yopishtiring. Tasmali kipriklar ko‘zni kattaroq ko‘rsatish xususiyatiga ega. Shuning uchun kichik ko‘z sohibalariga qo‘l keladi.
Uzoq muddatlisi ham bor!
Agar har kuni kiprik yopishtirishdan charchagan bo‘lsangiz, go‘zallik salonlarida 2-3 oygacha turadigan kipriklarni ulatishingiz mumkin. O‘rtacha narxi: 80 000 dan 100 000 so‘mgacha
Keyin muammo bo‘lmaydimi?
Kun yakunida huddi makiyajni tozalaganingiz kabi sun’iy kipriklarni ham olib qo‘yishingizga to‘g‘ri keladi. Buning uchun paxtali diskni namlab bir necha soniyaga kiprik ustiga qo‘ying. Yelimi biroz yumshagach, ehtiyotkorlik bilan olasiz. Qovoqdagi yelim qoldiqlaridan xalos bo‘lish yoddan chiqmasin.
Ta’qiqlar...
- Garchi mutaxassilar kiprik ulashga mo‘ljallangan yelim butunlay bezarar ekanligini ta’kidlashsa-da, bazida allergiyaga sabab bo‘lishi mumkinligini ham e’tibordan chetda qoldirmang.
- Ko‘zning shilliq pardasi shamollaganda yoki ko‘z xastaliklariga chalingan bo‘lsangiz, ushbu go‘zallik muolajasini sog‘ayguningizga qadar ortga surib turishingizga to‘g‘ri keladi.
Maftuna tayyorladi.
Manba: Darakchi.uz