Quyosh nuri ta’siri
Tanamizning boshqa a’zolaridan farqli ravishda ko‘krakning sut bezi to‘qimasi teri osti kletchatkasi bilan qoplanmagan. Shu bois quyosh nurining ta’siriga uchrashi mumkin. Yoz mavsumida cho‘milish havzalarida cho‘milish kiyimidan foydalanamiz. Mutaxassislar, bu vaqtda sut bezlariga ziyon bo‘lmasligi uchun ko‘krak terisiga quyoshdan himoyalovchi krem surtishni tavsiya etishadi. Shu bilan birga, quyoshda ko‘p toblanish ham mumkin emas.
Gormonal o‘zgarishlar
Organizmda progesteron gormoni kamayib ketsa, endokrin tizim faoliyatida ham o‘zgarish bo‘ladi. Bu esa ko‘kraklarda og‘riqni keltirib chiqarashi mumkin. Odatda bu turdagi og‘riq hayz oldi holati, mastopatiya, homiladorlikdan saqlanish uchun ichiladigan dori preparatlarini qabul qilish yoki menapauza davrlarida sodir bo‘lishi mumkin. Ko‘krakdagi og‘riq tez-tez takrorlansa, albatta, mutaxassisga murojaat qiling.
Qahva, shokolad, gazlangan ichimliklar
Yevropa saratonga qarshi kurashish tashkilotining ma’lumotiga ko‘ra muntazam kofeinga boy mahsulotlarni iste’mol qilish, ya’ni bular, qahva, shokolad, ayrim turdagi gazlangan ichimliklar ko‘krak sohasida turli o‘zgarishlarga olib kelishi mumkin. Ushbu mahsulotlar tarkibida metilksantinlar bo‘lib, to‘qimalarda suyuqlik yig‘ilib qolishiga olib kelishi mumkin. Bu esa hayz oldi ko‘kraklarda og‘riq paydo qiladi.
Yod miqdorining kamligi
Bu modda qalqonsimon bez faoliyati uchun g‘oyat muhim. Qalqonsimon bezning esa ko‘krak bezlari bilan bog‘liqligi borligini yaxshi bilasiz. Yod taqchilligi yuzaga kelmasligi uchun yodlangan osh tuzidan foydalanish kerak. Dengiz suv o‘tlari hamda mahsulotlaridan ham tez-tez iste’mol qilib turing.
Korreksiyalovchi ichki kiyimlar
Puch-up turiga mansub siynabandlar ko‘krak hajmini kattalashtirish uchun foydalanilsa-da, uzoq muddat ishlatilganida sut bezlari faoliyatiga ta’sir qiladi. Ya’ni maxsus «yostiqchalar» sut bezlari, limfa tugunlarini siqib qo‘yadi. Bu esa og‘riqni keltirib chiqaradi. Zaruriyat yuzasidan bu turdagi siynabandlarga murojaat qilish mumkin. Biroq muntazam foydalanish tavsiya etilmaydi.
Asab zo‘riqishi...
Yevropalik olimlarning olib borgan tadqiqotlariga ko‘ra asab zo‘riqishlari, stress, shaxsiy hayotidan qoniqmaslik hayz oldi holatidagi bezovtaliklarga, keyinchalik esa mastopatiyaga olib kelishi mumkin. Bu kabi holatlarning oldini olish maqsadida tinchlantiruvchi dorivor o‘simliklardan tayyorlangan damlamalar tavsiya etiladi.
Manba: Darakchi.uz