Avstraliyaning Sidney universiteti olimlari apelsinlar eti va po‘sti tarkibiga kiruvchi moddalar ko‘z pardasining sog‘lom holatini saqlash uchun juda foydali ekani haqidagi ma’lumotlarni taqdim qilishdi. Ko‘z pardasida inson qarigan sari salbiy o‘zgarishlar yuz beradi.
Olimlarning aytishicha, sitrus mevalar muntazam iste’mol qilinib turilishi kerak. “Apelsin va sitruslar bir haftada bir marta iste’mol qilinganda ham ko‘z salomatligi ancha yaxshilanadi. Kuniga bir dona apelsin yeyish ko‘z pardasining qisman yoki to‘liq yomonlashishi imkoniyatini birdaniga 60 foizga kamaytiradi”, deb aytilgan ilmiy maqolada.
Tadqiqot mualliflari 15 yil davomida ratsionlarida turli oziqa manbalaridan ko‘p miqdorda antioksidant moddalar – flavonoidlar bo‘lgan avstraliyaliklarning ovqatlanishi va ko‘rish qobiliyatini o‘rganishgan.
Tadqiqot vaqtida sitrus mevalar ko‘rish qobiliyatiga haqiqatan ham foydali ekani tasdiqlangan. Flavonoidlar boshqa mahsulotlarda mavjud bo‘lsa-da, biroq apelsin va boshqa sitrus mevalardan olinganlari bu borada samaraliroq bo‘lgan. Misol uchun, choy, vino va olmalardan olinadigan flavonoidlar ko‘z pardasi yomonlashishi xavfini 25-30 foizgagina kamaytirgan.
Mutaxassislarning aytishicha, ko‘z pardasi yomonlashishi keng tarqalgan kasallik bo‘lib, har yettinchi katta yoshli insonda uchraydi. Olimlarning fikricha, bu kasallikdan himoyalanish uchun yoshlikda muntazam ravishda apelsin va sitrus mevalar iste’mol qilib yurish kerak.
Manba: Kun.uz