Salomatlik

O‘smir qizlarga ginekolog tavsiyalari

— Endi katta qiz bo‘lib borayapsan, bolam, — deyman kundan-kun durkunlashib, bo‘yi bo‘yimga yetib borayotgan qizimga qarab. Rosti, undagi bu o‘zgarishlar meni bir tomondan quvontirsa, boshqa tomondan xavotirga ham soladi. Bunday hisni, aslida, har bir ona yuragidan o‘tkazadi. Negaki, bolaning o‘smirlik davri ota va ona zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi. Farzandimizning tabiati, fe’l-atvoridagi o‘zgarishlardan boxabar bo‘lgach, uning balog‘atga yetishi jarayonida nimalarga e’tibor qaratish kerakligini o‘ylab shoshib qolamiz. Sir emaski, bunday paytda o‘smir, ayniqsa, qiz bolaga do‘stona maslahat zarur. Ammo onalar, ko‘pincha, mazkur masalada qizlari bilan sirlashishga istihola qilishadi. Qiz bolaning opasi bo‘lsa-ku, mayli, bu davrning “nozik” jihatlari haqida ogohlantirishi mumkin. Lekin bo‘yi yetayotgan qizning bunday maslahatgo‘yi yo‘q bo‘lsa-chi? Unda quyidagi tavsiyalar asqotishi aniq.

“Qizil kunlar” nimadan darak?

Qiz bola 11-12 yoshga yetganida u hayz ko‘radi, ya’ni jinsiy a’zolaridan qon keladi. Qo‘rqma, bu kasallik emas, balki ayol kishida har oy takrorlanadigan holat. Odatda, ona necha yoshda hayz ko‘ra boshlagan bo‘lsa, qizda ham xuddi o‘sha yoshda yoki unga yaqin vaqtda ana shunday o‘zgarish kuzatiladi. Tadqiqotlardan ma’lum bo‘lishicha, qiz bolaning vazni 47 kg. ga yetganida u hayz ko‘rar ekan. Ya’ni, ozg‘in qizlar, do‘mboqlarga qaraganda kechroq yetiladilar. Ammo yoshing 15-16 ga yetib qolgan va haligacha hayz ko‘rmagan bo‘lsang, shifokor ko‘rigidan o‘tish zarur.

  • Ilk alomatlar
  • Og‘riqlimi?
  • Shifokorga borishdan avval...
  • Tibbiy ko‘rik qanday o‘tadi?
    • Necha yoshda hayz ko‘ra boshlading? Ilk hayz necha kun davom etgan va so‘nggi marta qachon bo‘ldi? U har oyda bir vaqtda takrorlanadimi yoki bir necha oy hayz ko‘rmaslik holatlari ham bo‘lganmi?
    • Hayz davrida og‘riq his qilasanmi? Ko‘p qon keladimi?
    • Seni bezovta qilayotgan boshqa shikoyatlaring bormi?
  • “Ayollar shifokoriga bormayman!”
  • Hayz va sport
  • Hayz paytida cho‘milish mumkinmi?

Hayz kelishidan bir necha oy avval qorinning pastki qismida biroz og‘riq sezilishi, qindan rangsiz yoki oq ajralmalar kela boshlashi mumkin. Faqat bu ajralmalarda noxush hid borligini sezsang, albatta, onang yoki opangga aytishing lozim. Chunki, bu biror kasallik alomati bo‘lishi ehtimoli bor. Ichki kiyimingda jigarrang ajralma izini ko‘rsang, bilginki, bu birinchi hayz. Odatda, ilk hayzda bir necha tomchi qon keladi. Hayz har oy, ya’ni 28-30 kunda takrorlanadi va 3 kundan 7 kungacha cho‘zilishi mumkin. Uning har oyda ma’lum bir vaqtda kelishi – salomatliging ko‘rsatkichi hisoblanadi.

Oy ko‘rishingdan bir necha kun avval qorinda pastga tortuvchi og‘riq his qilishing mumkin. Unutmaki, juda qattiq og‘riq tursa, qon miqdori ko‘p bo‘lsa, buni yaqinlaring (ona, opa, xola)ga bildirib, ginekolog shifokor ko‘rigidan o‘tish zarur.

4. Necha yoshda ginekologga borish kerak?

Agar seni hech narsa bezovta qilmasa, 13 yoki 15 yoshda ginekolog shifokorga ko‘rinishing mumkin. Ginekolog nafaqat ayollar kasalligini davolaydi, balki qizlar u yoki bu kasallikka chalinishining oldini olish bilan ham shug‘ullanadi. Kasallikni davolashdan ko‘ra, uning kelib chiqishiga yo‘l qo‘ymaslik osonroq. Shu sababli yiliga bir marotaba ginekolog ko‘rigiga borib turishing, salomatliging uchun foydalidir.

Ichki kiyimlaring toza bo‘lishi kerak. Ertaga ginekolog ko‘rigiga borishni rejalashtirgan bo‘lsang, uyquga yotishdan avval tozalanish, jinsiy a’zolarni yuvish zarur. Ammo ginekologga borishdan bir necha soat avvalbunday qilish tavsiya etilmaydi. Nega deganda, yallig‘lanish yoki shamollash alomatlari bo‘lgan ajralmalar yuvilib ketishi mumkin.

Agar seni hech narsa bezovta qilmayotgan bo‘lsa, shifokor suhbat jarayonida quyidagi savollarni berishi mumkin:

Ginekolog ushbu savollarga bergan javobingdan kelib chiqib, ko‘krak bezlarini tekshirishi mumkin. Shuningdek, seni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish uchun maxsus ginekologik kresloga chiqishni buyuradi. Albatta, bu seni biroz xavotirga solishi tabiiy. Ammo yodingda bo‘lsin, bu og‘riqli jarayon emas, biroz yoqimsiz, xolos. Bundan tashqari, turmushga chiqmagan qizlarni shifokor ultratovush tekshiruvi yordamida ham tekshirishi mumkin. Shifokor a’zolarning qanchalik to‘g‘ri rivojlanayotgani va shamollash bor yoki yo‘qligini ko‘radi. Mabodo, ginekolog ko‘rigi paytida og‘riq his qilsang, buni darhol shifokorga bildirishing kerak.

Ginekolog shifokor ko‘rigi sen tasavvur qilganingdek dahshatli hodisa emas. Shifokor salomatligingga zarar yetkazadigan hech qanday harakat qilmaydi. U jinsiy a’zolar qanchalik to‘g‘ri rivojlanayotganini nazorat qilib, biror salbiy o‘zgarish yo‘qligiga ishonch hosil qilish uchun uni ko‘zdan kechirishi lozim. Bu to‘g‘ri tashxis qo‘yish uchun zarur va tekshiruv uzog‘i bilan 2-3 daqiqa talab qiladi, xolos. Qo‘rqma. Bordi-yu, hayajoningni yenga olmasang, oyingdan qo‘lingni ushlab turishini iltimos qilishing mumkin.

Yodingda tut: Ginekolog shifokor ko‘rigiga borganing va qandaydir muolajalar olayotganing to‘g‘risida hatto eng yaqin dugonangga ham aytma. Qizlar bu kabi kichik sirlarning begonalar qulog‘iga yetishidan ehtiyot bo‘lishlari kerak.

Hayz davrida qattiq og‘riq his qilmasang va ko‘p qon kelmayotgan bo‘lsa, sport mashg‘ulotlari bilan shug‘ullanish mumkin.

Bunday paytda shaxsiy gigiyena qoidalariga qat’iy amal qilish zarur. Ertalab va kechqurun iliq suv bilan jinsiy a’zolarni yuvish, ichki kiyimlarni yaxshilab dazmollanganiga almashtirish shart. Shuningdek, o‘zingga tegishli alohida sochig‘ing, sovun va mochalkang bo‘lishi lozim. Hojatga chiqqaningdan keyin (yoki kechki payt), albatta, jinsiy a’zolarni to‘g‘ri yo‘nalishda: old tarafdan orqaga qarata yuvish kerak.

Onalar uchun!

Qizingiz bo‘yi yetib, katta bo‘lib qoldi. U bilan tengquridek bo‘lmasa-da, yaqin insoni sifatida gaplashishingiz, maslahat berishingiz har ikkingiz uchun ham foydalidir. Chunki, siz bu bilan qizingizni bezovta qilayotgan muammolardan boxabar bo‘lasiz va unga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatasiz. Bolangizning hali hayotda tajribasi bo‘lmagan o‘zi kabi dugonalari maslahatiga quloq tutib, ish ko‘rishi to‘g‘ri emasligini unutmang.

Odatda, o‘smir yoshdagi qizlar onasining kayfiyatini osonlik bilan o‘ziga “yuqtiradi”. Va bu yoshda onalar farzandlaridan faqat o‘zlariga ma’lum sabablarga ko‘ra, uzoqlasha boshlaydilar. Natijada, yosh qiz o‘z muammolari bilan yolg‘iz qolib ketadi va o‘ziga nisbatan ishonchi yo‘qola boshlaydi. Shu bois, qizingizning bo‘yi cho‘zilishi bilan o‘zingizning o‘smir yoshingizni yodga oling. Farzandingizda ro‘y berishi mumkin bo‘lgan o‘zgarishlarning tabiiy hol ekanligini unga tushuntiring. Qizingiz o‘zini qiynayotgan barcha savollarga sizdan javob ola bilishini his qilsin. Va uning savollariga ortiqcha hissiyotga berilmay, vazminlik bilan javob qaytaring. Shu bilan birga qarshi jins vakillari bilan munosabatlarda ehtiyot bo‘lishi kerakligini ham aytib o‘ting.

Shu bilan birga o‘smir yoshdagi qizingizni bolalar ginekologi ko‘rigidan o‘tkazish uyatli emas. Albatta, uni ko‘rikdan o‘tkazayotganingizni birovga ovoza qilishning hojati yo‘q. Ammo, shu bilan birga, o‘smir yoshdagi qizingizning to‘g‘ri rivojlanashi uning kelajak hayoti, homilador bo‘la olishi, sog‘lom farzand dunyoga keltira olishi uchun esa muhimligini unutmang. Shu sababli yilda bir bora bo‘lsada, qizingiz bilan bolalar ginekologi ko‘rigidan o‘tib turish tavsiya qilinadi.

Maqola bolalar ginekolog shifokori Yoqut NURMUHAMMEDOVA bilan hamkorlikda Madina ZARIF tayyorladi.

Manba: Darakchi.uz