Bilasizmi?

O‘zbekiston Milliy universiteti tarkibida O‘zbek-Isroil qo‘shma fakulteti tashkil etiladi

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining"Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti tarkibida O‘zbek-Isroil qo‘shma «Yuqori texnologiyalar va muhandislik matematikasi» fakultetini tashkil etish to‘g‘risida"gi qarori loyihasi joylashtirildi. Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Qaror loyihasida Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti tarkibida Isroil davlatining Xolon texnologiyalar instituti bilan hamkorlikdagi O‘zbek-Isroil qo‘shma «Yuqori texnologiyalar va muhandislik matematikasi» tashkil etish belgilangan.

Yangi fakultetda bakalavr va magistrlar, ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlanib, talabalarni o‘qitish to‘lov-kontrakt asosida o‘zbek, rus va ingliz tillarida, kunduzgi ta’lim shaklida O‘zbekiston Respublikasi davlat ta’lim standartlari talablari inobatga olingan holda Xolon texnologiyalar institutida (Isroil) qabul qilingan ta’lim standartlari, o‘quv rejalari va dasturlari asosida amalga oshiriladi;

Hujjatga ko‘ra, fakultetga abituriyentlarni talabalikka qabul qilish va fakultet bitiruvchilarining attestatsiyasi Xolon texnologiyalar institutida (Isroil) belgilangan tartib, talablar va muddatlarga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.

Qaror loyihasiga binoan bakalavr ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklariga qabul kvotasi mavjud talab va ehtiyojdan kelib chiqib, Universitet va Xolon Texnologiyalar instituti tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari bilan kelishgan holda belgilanadi.

Fakultet talabalari o‘quv jarayonida O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tasarrufidagi Ilg‘or texnologiyalar markazi laboratoriyalaridan bepul foydalanadi;

O‘zbek-Isroil qo‘shma fakulteti bitiruvchilariga O‘zbekiston Respublikasi hamda Isroilda oliy ta’lim to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadigan, o‘zaro kelishuv asosida belgilangan namunadagi ikki tomonlama tan olinadigan universitet va Xolon texnologiyalar instituti diplomi beriladi.