Baqlajonni “hayot o‘simligi” deyishadi. Uning qand, kraxmal, pektin, organik kislota, oqsil, valin, leysin, lizin, metionin, treonin, glyutamin va asparagin kislotalari mavjud. Baqlajon tarkibida oqsil, uglevod, yog‘, kaliy, kalsiy, fosfor, magniy, natriy, temir va ko‘p miqdorda V vitaminini jamlagan. Shu bilan birga, unda S, V1, V2, V6, RR darmondorilari, xlor, alyuminiy, yod, kobalt, mis, rux singari makro va mikroelementlar ham bor.
Baqlajonni qaynatib, qovurib, dimlab, bug‘lab va boshqa ko‘plab usullarda pishirish mumkin. Ayniqsa, qishning g‘amida yopiladigan baqlajon ikrasi xushta’mligi bilan ajralib turadi. Baqlajon to‘yimliligi bilan boshqa sabzavotlardan farq qiladi. Ayniqsa, pazanda bekajonlar baqlajondan tuxum hamda pomidor aralashitirib mazali taom tayyorlashadi.
Bu sabzavot yurak qon-tomirlari tizimiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu sabab, yosh ulg‘aygani sayin uni ko‘proq iste’mol qilish foydali.
“Hayot o‘simligi” organizmdan yog‘larni haydaydi, qondagi xolesterin miqdorini kamaytiradi hamda modda almashinuvini yaxshilaydi. Tabiiyki, bu ozish uchun katta ahamiyatga ega. Shu sababli bo‘lsa kerak, baqlajonda terini yoshartirish xususiyati bor.
Bu mahsulot ateroskleroz va osteoxondroz kasalliklari profilaktikasi hamda ularni davolash jarayonida kerakli ozuqa sanaladi.
Ovqatimizga baqlajonni doimiy ravishda qo‘shishni kanda qilmasak, organizmdagi tuz va suv muvozanati ta’minlanadi.
Asab tizimini mustahkamlab, uyqusizlik va depressiyadan xalos qiladi.
Jigar, buyrak va me’da-ichak tizimida muammosi bor, qabziyatdan qiynaluvchi bemorlar baqlajondan ko‘proq iste’mol qilsalar, foydadan xoli bo‘lmaydi. Shu jihatlari bilan baqlajon teri kasalliklarining oldini oladi.
Immunitetni oshirishi, kamqonlikni davolashi va tarkibida folat kislotasi mavjudligi xisobga olinib, baqlajon homilador ayollarga keng tavsiya etiladi. Ammo ular baqlajonni qaynatib yoki sharbatini chiqarib iste’mol qilganlari ma’qul, qovurilgani oson hazm bo‘lmasligi mumkin.
Emizikli onalar ham baqlajonni qo‘rqmay taomnomalariga kiritishlari mumkin. Faqat, oz-ozdan boshlash va boladagi allergik o‘zgarishlarni kuzatib borish lozim.
Organizmni shamollash va infeksiyalardan himoyalaydi va zaharli moddalarni haydab chiqaradi.
Baqlajonni sevib iste’mol qiluvchilar saraton kasalliklarining oldini olgan bo‘ladilar.
Qandli diabet xastaligidan aziyat chekayotgan bemorlarga shifokor qat’iy parhez buyursa ham, baqlajonni ta’qiqlamaydi.
Tarkibida ozgina nikotin mavjudligi bois, sigaret chekishni tashlamoqchi bo‘lganlar baqlajonni ko‘p iste’mol qilishlari kerak. Bu nikotinga bo‘lgan talabni kamaytirishda asqotadi.
Kosmetik niqob tayyorlab, yuzga surtilganida terini namlantirib, rangini ochadi, ajinlardan xalos qiladi.
Baqlajon ana shunday xususiyatlari bilan umrni uzaytiruvchi mahsulotlar ro‘yxatidan joy olgan.
Baqlajon tez aynuvchan bo‘lgani bois, pishirgunga qadar ham, pishgach ham ko‘p saqlamang, aks holda vitaminlari kamayib ketadi, oshqozonni zararlashi mumkin.
Siyohrang baqlajon qon yaratish tizimi (suyak ko‘migi) va taloq ishini me’yoriga soladi. Kamqon bemorlarning organizmida qizil qon tanachalari hosil bo‘lishiga yordam beradi. Shu sababli gemoglobin normaga keladi.
Eslatma:
Baqlajon tanlashni bilasizmi? Katta baqlajondan ko‘ra, kichiklari hamda to‘q ranglilari sifatli hisoblanadi. Baqlajonning barrasi quruq, yumshoq, chiziqlarsiz va egiluvchan bo‘lishi lozim.
Baqlajon tarkibida nasunin nomli hujayra membranalarni himoya qiluvchi juda foydali antioksidant mavjud. Agar tanangizni bu noyob vitamin bilan ta’minlashni istasangiz, baqlajonlarni po‘stlog‘ini shila ko‘rmang.
Mutaxassislar baqlajonni me’yorida iste’mol qilishni tavsiya etadi. Sababi uning haddan ziyodi jigarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi va organizmda xiltni ko‘paytirishi mumkin. Shu sababli baqlajonni boshqa sabzavotlar bilan birga qovurib, ikra qilish yoki turli salatlar tayyorlash tavsiya etiladi.