Bilasizmi?

Oliy ta’lim muassasalarida 13 mingdan ziyod talabalik o‘rni bo‘sh qoldi

Milliy matbuot markazida «Jamiyat taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishlari va xalqaro standartlar talablariga mos oliy ta’lim tizimini yaratish» mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan o‘tkazilgan tadbirda ta’lim tizimiga joriy etilayotgan yangiliklar va sohaga oid qator me’yoriy-huquqiy hujjatlarga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar haqida batafsil ma’lumot berildi. Bu haqda «Ma’rifat» gazetasi saytida ma’lum qilindi.

Tadbirda oliy ta’lim muassasalariga qabul bo‘yicha bu yilgi test sinovlari natijalari sarhisob qilindi. Ma’lumot berilishicha, joriy yilda qishloq xo‘jaligi texnikasi, irrigatsiya va melioratsiya, ishlab chiqarishlar texnologiyasi ta’lim sohalari bo‘yicha hujjat topshirgan abituriyentlar soni kamaygan.

Jurnalistika va axborot texnologiyalari, veterinariya ta’lim sohalari bo‘yicha esa o‘sish kuzatilgan. Hujjat topshirgan 679 979 nafar abituriyentning 622 030 nafari zamonaviy axborot texnologiyalari asosidagi shaffof test sinovlari jarayonida ishtirok etgan. Sinov natijalariga ko‘ra, respublika bo‘yicha o‘rtacha o‘tish ko‘rsatkichi davlat granti asosida 123 balni, to‘lov-kontrakt asosida 101,9 balni tashkil etgan.

Sog‘liqni saqlash, pedagogika, qishloq xo‘jaligi va veterinariya ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha hududlar kesimida tasdiqlangan maqsadli qabul kvotalari doirasida 2 214 nafar abituriyent o‘qishga tavsiya etildi. Navoiy viloyatining olis Tomdi, Konimex va Uchquduq tumanlaridan 74 nafar abituriyent qo‘shimcha grant asosida o‘qishga qabul qilindi.

Joriy o‘quv yili uchun ajratilgan 13 mingdan ziyod kvota bo‘sh qoldi. Sababi, davlat grantiga kirish uchun abituriyent 68 ball, to‘lov-kontrakt bo‘yicha 56,7 dan yuqori ball yig‘ishi kerak. Qaysidir o‘rinlarda mana shu o‘tish balini to‘plagan abituriyentlar soni kam bo‘ldi. Shu bois, belgilangan 82 900 nafar o‘ringa 69 516 nafar abituriyent oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga tavsiya qilindi. Alohida iqtidor talab qilinadigan ta’lim yo‘nalishlarida 8 909 ta o‘rin uchun kasbiy (ijodiy) imtihonlar o‘tkazildi.

Tadbirda oliy ta’lim muassasalariga xorijiy fuqarolarni qabul qilish haqida ham ma’lumot berildi. Xorijiy fuqarolarni kvotalardan tashqari, suhbat asosida test sinovlarisiz o‘qishga qabul qilish tartibi joriy etilishi natijasida joriy o‘quv yilida 1924 nafar xorijiy fuqaro o‘qishga qabul qilindi.

Oliy ta’lim muassasalarining ilmiy salohiyatini mustahkamlash, oliy ta’lim tizimida ilmiy tadqiqotlarni yanada rivojlantirish, ularning akademik ilm-fan, ishlab chiqarish bilan integratsiyasini kuchaytirishga ham katta e’tibor qaratilmoqda.

— Yangi o‘quv yilidan boshlab oliy ta’limda talabalar o‘zlashtirishini baholash tizimi takomillashtiriladi, — dedi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari Odil Abdurahmonov. — Talabalar bilimini baholashning zamonaviy, shaffof va adolatli usullari, jumladan, pedagogning yakuniy nazorat jarayonidagi ishtirokini istisno etadigan tizim joriy etiladi. Yakuniy davlat attestatsiya imtihonlari optimallashtiriladi va asosiy e’tibor bitiruv-malakaviy ishlari yoki mutaxassislik fanlaridan davlat imtihoniga qaratiladi.

Vazirlik tomonidan xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda 8 ta filial, 22 ta qo‘shma fakultet, 46 ta ikki tomonlama qo‘shma dasturlarni amalga oshirish orqali kadrlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.

Matbuot anjumanida oliy ta’lim muassasalari rahbar xodimlari va professor-o‘qituvchilarining ish haqi oshirilgani, ilm-fan va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida olib borilayotgan ishlar haqida ham so‘z yuritildi.