Har bir ayolning o‘z go‘zallik siri bor. Shu bilan birga, o‘zining maxsus sinalgan retseptlari ham yo‘q emas. Biroq har kim ham chiroy sirlarini o‘rtoqlashavermaydi. Biz esa sizdan hech nimani qizg‘anmaymiz va o‘zimiz bilgan go‘zallik sirlarini oshkor etamiz.
Polizdagi «kosmetologlar»
- Yuz terisi mayin bo‘lishi uchun tarvuzli niqobdan foydalaning. Buning uchun 5-6 qavat dokani tarvuz sharbatida namlab, yuz va bo‘yin sohasiga qo‘ying. 15-20 daqiqa o‘tgach, avval iliq, keyin o‘ngra sovuq suvda chaying. Natija yana-da yaxshi bo‘lishi uchun oziqlantiruvchi krem surtish mumkin.
- Qovunli niqob yuz terisining elastikligini tiklaydi. Uni tayyorlash uchun qovunning yumshoq bo‘laklarini ezing. Aralashmani yuz terisiga yupqa qilib surtib, 15-20 daqiqadan so‘ng iliq suvda chayishingiz mumkin.
- Qovoqning terini taranglashtiruvchi xususiyati xalq tabobatida yaxshi ma’lum. Bu poliz mahsuloti teri shamollashlarida ham foydali. Mazkur niqobni tayyorlash uchun qovoqni yirik tishli qirg‘ichdan chiqarib, bo‘tqa hosil qiling. Aralashamani dokali salfetkaga joylab, yuz va bo‘yin qismiga qo‘ying. 15-20 daqiqadan so‘ng kompressni olib, namlangan sochiqda artasiz. Bu niqobni bir haftada 2 marta takrorlash mumkin.
Yoshartiruvchi niqob
Qaysi ayol yosh ko‘rinishni istamaydi deysiz?! Albatta hech qaysisi! Shunday ekan, yana bir yoshartiruvchi niqob retseptini yozib oling: 1 choy qoshiq smetanaga 1 choy qoshiq limon sharbati qo‘shib, aralashtiring va tozalangan yuz terisiga surting. 15 daqiqa o‘tgach, avval iliq, keyin sovuq suvda chaying. Bu muolajani bir haftada 2 marta bajarsangiz, yoshargandan yosharasizki, asti qo‘yavering.
Yuzdagi qora nuqtalarni «o‘chiramiz!»
Teri kataklariga o‘rnashib qolgan qora nuqtachalar yoqimsiz holatdir. Ular terining nafas olishiga to‘sqinlik qiladi. Ularni yo‘qotish uchun suli yormasidan foydalanish mumkin. 1 stakan suli yormasini go‘shtqiymalagichdan o‘tkazib, 1 choy qoshiq iste’mol sodasi bilan aralashtiramiz. So‘ng 1 osh qoshig‘ini 1 choy qoshiq iliq suv bilan aralashtirib, yuzimizga surtamiz. 5-10 daqiqa o‘tgach, iliq suvda chayib, quruq sochiqda artish kerak. Suli teri kataklarini tozalab, taranglashtiradi.
Yog‘li yuz terisi uchun…
Issiq havoda yuz terisi yanada yog‘lanadi. Buning oldini olish uchun ushbu niqobni tavsiya etamiz. 100 gramm kefirga 1 choy qoshiq limon sharbati yoki 1-2 dona maydalangan o‘rik mevasini qo‘shib, aralashtirasiz. Niqobni yuzingizga surtib, biroz qotgach, iliq suvda chayasiz. Bunday vitaminli niqoblar yuz terisini yaxshi oziqlantirib, namlantiradi.
Quruq yuz terisi uchun…
Odatda bunday teri uchun oziqlantiruvchi niqoblar tanlanadi. Bunda eng oson usul: paxtali tamponga ilitilgan o‘simlik yoki zaytun yog‘idan shimdirib, yuz terisiga aylanma harakatlar bilan surtasiz. 20 daqiqadan so‘ng issiq issiqroq suvda namlangan sochiq bilan pastdan yuqoriga qarata artish lozim.
Terini oqartiramiz!
Sholg‘omni qirg‘ichdan o‘tkazib, smetana yoki o‘simlik yog‘i bilan aralashtiring. Quyuq holatda yuz terisiga surtib, 15 daqiqadan so‘ng iliq suvda tozalang. Sholg‘om yuz terisini namlantirib, oqartiradi.
Vitaminga boy 2 retsept
- Tvorog va sabzi aralashmasi yuz terisini vitaminlar bilan to‘yintirib, ko‘rinishini sezilarli darajada yaxshilaydi. Niqobni tayyorlash uchun 1 osh qoshiq tvorogni 1 choy qoshiqdan smetana va sabzi sharbati bilan aralashtiring. So‘ng aralashmani yuz va bo‘yin terisiga surtasiz. 15 daqiqadan keyin avval iliq, so‘ng sovuq suvda chaying.
- 1 dona olmani bo‘laklarga ajratib, 0,5 stakan sutga solib, past olovda qaynating. Yog‘och qoshiqda kavlab turgan holda olmali bo‘tqa hosil qiling. Biroz sovigach, iliq holatda yuzga surtib, 20 daqiqadan so‘ng sovuq suvda chaying.
Manba: Darakchi.uz