Go‘zal chehra va alifdek qomat sohibasi bo‘lishni kim ham istamaydi, deysiz. Biroq atrofimizda qaddi-qomatidan qoniqmaydigan sanamlar talaygina. Ish shu darajaga borib yetadiki, bu tavakkalchi xonimlar jarrohlik muolajalariga hech ikkilanmay murojaat qilishmoqda. Liposaksiya jarrohlik amaliyotining tobora ommalashib borayotgani esa fikrimizning yaqqol isboti. Xo‘sh, bu muolaja qanchalik samarali? Kimlarga mumkin-u, kimlarga tavsiya etilmaydi? Savollarimizga tibbiyot fanlari nomzodi, oliy toifali plastik jarroh Hamidulla ASADOV javob beradi.
Turlari va narxi bilan tanishing
Liposaksiya — qomatni korreksiya qilishga qaratilgan jarrohlik operatsiyasi bo‘lib, sodda til bilan aytganda, mijozni bezovta qilayotgan tananing ma’lum qismidagi ortiqcha yog‘ qatlamini olib tashlash usuli degani. Amaliyotning an’anaviy, tumessent, ultratovushli, radioto‘lqinli, lazerli, vibratsion usullari tibbiyotda keng tarqalgan. Bugungi kunda esa ko‘pchilik shifokorlar aynan tumessent liposaksiyada to‘xtalishmoqda. Muolaja davomida teri ostiga maxsus aralashma yuborilib, emulsiya ko‘rinishiga kelgan yog‘ vakuum yordamida so‘rib olinadi. Yog‘ qatlami yupqa bo‘lganida esa lazerli turini qo‘llash tavsiya etiladi. Umuman olganda, jarrohlikning turini mijozning xohishi, salomatligi va qomatidan kelib chiqqan holda shifokor tanlagani afzal. Narxlari ham qancha miqdordagi yog‘dan qutulishni istashingizga ko‘ra belgilanadi. O‘rtacha bir bor jarrohlik stoliga yotib 400 000 dan 2 500 000 so‘mgacha pul xarjlashingiz mumkin.
Qaysi sohalarga qo‘llaniladi?
Agar baqbaqa, bo‘yin, yonoqlar, kurak osti sohasi, bel, ichki va tashqi bo‘ksa, boldir, yelka va qorindagi yog‘lardan aziyat chekayotgan bo‘lsangiz, liposaksiya aynan shu sohalarni korreksiya qilishiga diqqatingizni qaratamiz.
Yoshning ahamiyati bormi?
Bu jarrohlik turi sog‘lom insonlarda 18 yoshdan 55–60 yoshgacha amalga oshirilishi mumkin. Operatsiyadan oldin kerakli barcha qon tahlillari topshirilib, shifokor ko‘rigidan o‘tish shart.
Qarshi ko‘rsatmalari bor!
Agar mijozni tomirlarning varikoz kengayishi, tromboflebit, ichki a’zolar kasalliklari, qandli diabet, onkologok xastaliklar, qon ivishi bilan bog‘liq muammolar, infeksion kasalliklar, gipertoniya va yurak-qon tomir kasalliklari bezovta qilsa, liposaksiya amaliyotini o‘tkazish mumkin emas. Shuningdek, jarrohlik umumiy narkoz ostida bajarilishini ham inobatga olib qo‘ying.
Operatsiyadan keyin...
Tiklanish jarayoni har kimda turlicha kechadi. Ba’zi insonlar 2 kundan keyin ishga chiqib ketsalar, boshqalarga 8–10 kun talab etiladi. Reabilitatsiya davri davolovchi shifokor ko‘rsatmalari asosida o‘tishi shart.
«Qaytadan yog‘ to‘plansa-chi?»
Tig‘ ostiga yotishdan avval har bir insonni natijaning barqarorligi qiziqtirishi tabiiy. Jarrohlik muvaffaqiyatli o‘tgan taqdirda, sog‘lom turmush tarziga amal qilinsa, liposaksiyaning ta’siri juda uzoq muddat saqlanib qoladi. Chunki 25 yoshdan keyin yog‘ hujayralari bo‘linib ko‘payishdan to‘xtaydi. Biroq noto‘g‘ri ovqatlanish va kam harakatli turmush tarzidan voz kechmasangiz, yog‘ hujayralari eniga o‘sishi mumkin. Operatsiya davomida olib tashlangan yog‘ qatlami esa qayta tiklanmaydi.
Liposaksiya – ozish usuli emas!
Liposaksiya yordamida ortiqcha yog‘ qatlamidan forig‘ bo‘lib, qomatni raso ko‘rinishga keltirish mumkin. Biroq tanadagi yog‘ juda ko‘p bo‘lsa, bu usul samara bermaydi. Odatda shifokorlar bir martada 200 ml.gacha yog‘ni olib tashlashni tavsiya etishadi. Lekin zamonaviy tibbiyot 1.5–5 litrgacha yog‘dan xalos bo‘lish imkonini beradi. Ammo bilib qo‘ying, yog‘ qatlami (ayniqsa, qorin atrofida yig‘iladigan turi) ma’lum gormonlarni ishlab chiqarishda ishtirok etadi. Ulardan birdaniga forig‘ bo‘lish esa nafaqat terining osilib qolishiga, balki salomatligingizga ham ziyon yetkazishi mumkin! Ortiqcha vazn muammosidan esa faqat sog‘lom turmush tarziga rioya qiligan taqdiringizdagina xalos bo‘lasiz.
Manba: Darakchi.uz