Homiladorlik

Pahlavon tug‘iladi! Yoxud homilaning vazni ortiq bo‘lsa

Har bir ona pahlavondek farzand ko‘rishni, uning do‘mboq yuzu qo‘lchalari bilan faxrlanishni orzu qiladi. Ammo tibbiyotning bu borada o‘z o‘lchamlari bor…

4 kilodan ortiq. Nima uchun?..

Bugungi kunda tug‘ilayotgan chaqaloqlar orasida 10-15 foizining vazni 4 kilodan ortiq. Bunday bolalarning tug‘ilishiga quyidagi omillar sabab bo‘lishi mumkin:

  • noto‘g‘ri ovqatlanish;
  • irsiyat;
  • endokrin kasalliklari;
  • tug‘uruq kechikishi;
  • yo‘ldoshning o‘ziga xosligi…

Asoratlar

Homilaning vazni me’yordan ortar ekan, asoratlar ham shunga mutanosib ravishda ko‘payadi. Bu tug‘uruq paytida qator xavflarni yuzaga keltiradi.

  • Qog‘onoq suvining erta oqib ketishihomila boshining balandda joylashishi, homila pufakchasining o‘ziga xosligi va shunga bog‘liq ravishda rivojlanadigan qog‘onoq suvining me’yordan ortiqligi kabi sabablar natijasidir. Suvsizlik oqibatida kindik halqasi tushib ketishi mumkin. Bu esa bola hayoti uchun jiddiy xavf tug‘diradi.
  • Tug‘ruq jarayonidagi turli kutilmagan holatlar — behollik, diskoordinatsiya (homilador ayol xatti-harakatlarining jarayonga nomutanosibligi). Bunda to‘lg‘oq nihoyatda og‘riqli, bachadon bo‘yni ochilishi esa qiyin kechadi. Homilani tug‘ruq yo‘lidan harakatlantirish uchun ko‘p kuch kerak bo‘ladi.
  • Homilaning o‘tkir gipoksiyasi. Bunda tug‘ruq jarayoni cho‘zilib ketishi, tug‘ayotgan ayolning qattiq charchashi, infeksiyalar oqibatida bolaga kislorod yetishmay qolishi mumkin.
  • Tos suyagining klinik torligi, bu — bolaning katta boshi onaning odatda me’yoriy sanaladigan tos suyagiga sig‘masligidir. Bunday tug‘uruq jarayoni odatda kesarcha kesish usuli bilan yakun topadi.
  •  Yelkachalar distoniyasi. Bunda bola yelka kengligi onaning tos suyagiga nisbatan kattaroq bo‘ladi. Bu ko‘pincha qandli diabet bilan og‘rigan onalarda kuzatiladi. Mazkur klinik holat tug‘uruq payti o‘mrov va yelka suyagi sinishiga, umurtqa pog‘onasining bo‘yin qismi shikastlanishiga olib kelishi mumkin.

Chaqaloq yirik vaznli bo‘lsa…

Shifokorlarning ta’kidlashicha, haddan ortiq katta chaqaloqning tashqi muhitga ko‘nikish davri ancha murakkab kecharkan. Ko‘pincha yirik tug‘ilgan chaqaloqlarda turli salbiy o‘zgarishlar kuzatiladi: arterial bosim beqaror bo‘ladi, modda almashinuvi izdan chiqadi, nevrologik buzilishlar ro‘y beradi. Bunday bolalar qandli diabet, semirish va allergiyaga moyil bo‘lishadi.

Shuningdek…

1. Akusher-ginekolog har gal ko‘rik paytida homilador ayolning bachadon tubi balandligi va qorin aylanasini o‘lchaydi. Qorin aylanasining 100 sm.dan kattaligi va bachadon tubi balandligining 42 sm.dan ortiqligi homilaning kattaligiga ishoradir.

2. Agar ayol homiladorlik davrida haftasiga 500 grammdan ko‘p vazn orttirsa, homiladorlik davrida 15 kg.dan ko‘proq semirsa-yu, unda gestoz alomatlari (shishish, peshobda oqsilning ko‘pligi, arterial bosim ortishi) kuzatilmasa, yirik chaqaloq tug‘ilishini taxmin qilish mumkin.

3. Ultratovush tekshiruvi bolaning vazni haqida aniq ma’lumotlarni beradi. Yirik homilaning o‘lchamlari me’yordagidan ikki hafta katta muddatga to‘g‘ri keladi.

  • Mutaxassis fikri

Nargiza Magzumova — akusher-ginekolog, tibbiyot fanlari doktori, professor: — Homilaning kattalashib ketishi zamonamizning global miqyosda kuzatilayotgan o‘ziga xosligidir. Bizning xalqimizda esa urf-odatlaru milliy o‘ziga xosliklar ta’sirida bu yanada avj olmoqda. Ma’lumki, homilaning o‘sishi 28-haftadan keyin jadallashadi. Bizning ayollar esa «bolam kattalashayapti, demak, unga ko‘proq ozuqa kerak», degan fikrda noto‘g‘ri ovqatlanishadi. Tug‘uruq muddati yaqinlashgan sari «tug‘ayotganda quvvat bo‘ladi» deb, yanada kuchli taomlar iste’mol qila boshlashadi. Natijada homila kattalashib ketadi. Qolaversa, bunda kamharakatlik ham hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Agar homila tushishi xavfi bo‘lmasa, bo‘lajak ona me’yoriy jismoniy harakat qilib turgani ma’qul. Maxsus gimnastika mashqlari bilan shug‘ullanish ham maqsadga muvofiq. Ammo bu ko‘rsatma faqat sog‘lom homiladorlarga tegishli.

Katta homila tug‘ilish jarayonida ayol va bola organizmiga shikast yetish xavfi bor. Qolaversa, tug‘uruqdan keyingi ayol organizmining tiklanish jarayoni ham murakkab kechadi. Bachadonning pastga tushishi, qin devorlarining tushishi, qinning yaxshi qisqarmasligi keyinchalik ayolning jinsiy hayotiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois 3-3,5 kiloli chaqaloqlar tug‘ilishini me’yoriy hisoblaymiz.

Homilador ayolning tibbiy savodxonligi masalasi ham muhim. Ayol ona bo‘lishga tayyorlanar ekan, o‘z tanasining anatomik va fiziologik jihatlari haqida hech bo‘lmasa umumiy ma’lumotlarga ega bo‘lishi, onalikka aql va mas’uliyat bilan yondashishi kerak. Shuningdek, ular shifokor ko‘rsatmasiga bepisand munosabatda bo‘lishmasa, sog‘lom farzand ko‘rib, baxtiyor onalik va sevimli yorlik gashtini surishlariga aminman.

Manba: Darakchi.uz