— Qizim 23 yoshda. Yuziga surtmagani qolmadi. Javoni turli tonal krem-u vositalarga to‘lib ketgan. «Yuzingga ajin tushib ketadi» desam ham, quloq solmaydi. Axir pardoz deganini 40 yoshdan keyin qilish kerak emasmi?
Malika
Tajribali vizajist Olesya Savoskina:
— Ha, kosmetik vositalar muddatidan ilgari ajin tushishiga sabab bo‘lishi mumkin. Agar ulardan noto‘g‘ri foydalanilsa! Tonal vosita teri kataklarida tiqin hosil qilishi hammaga ma’lum. Aytaylik, kechqurun pardoz to‘g‘ri yuvilmasa, to‘planib qolayotgan tiqinlar teriga kislorod yetib borishiga to‘sqinlik qiladi. Natijada husningizga bevaqt ajinlar soya sola boshlaydi. Ammo bu kosmetik vositaning emas, sizning xatoingiz sanaladi. Bugungi kunda «make-up»ni yuvish uchun maxsus vositalar har bir do‘kon rastasida mavjud. Aynan o‘shalardan foydalanish kerak. Bundan tashqari, foydalanish muddati o‘tgan vositalar tufayli ham teriga ziyon yetadi. Qizingizga eskirgan vositalardan voz kechish kerakligini tushuntiring. Yana ko‘pincha ularni surtishda foydalanadiganimiz sponjlarning kirlanishi oqibatida ham teri kasalliklari yuzaga keladi. Yuz terisiga tonal vositalarni surtgach, ajin paydo bo‘lishi haqida biror ilmiy manbaada ma’lumotlar uchramaydi. Demak, ajinlarga pardoz-andozdan emas, aksincha parvarishlash qoidalarini bilmaslikdan kelib chiqadi, deb o‘ylashga asos bor.
Manba: Darakchi.uz