Salomatlik

Peshob tutolmaslik, epilepsiya, rivojlanmagan bachadon... Oila qursa, o‘tib ketadimi?

 Qizimni turmushga bergandim. Ammo saldan keyin kuyovning kasali borligi ma’lum bo‘ldi. Tunda o‘rnini ho‘llab qo‘yarkan... Bizdan andisha qilib, qizim erining xastaligini yashirib yuraveribdi. Bo‘yida bo‘lavermagach, gap buyoqda ekanini bilib qoldik. Qudalarga og‘iz juftlasak, kichikligidan shunday edi, qilmagan ilmu amalimiz qolmagan, uylantirsak o‘tib ketar degandik, deyishdi. Odamlardan nomus qilib, birovga tish yorolmayman. Bolam esa kundan–kun so‘lib borayapti. Ikki oydan beri biznikida... O‘g‘lingizni davolatganingizdan keiyn qizim qaytib boradi deb shart qo‘ydik. Ammo bundan biror naf bo‘ladimi, yo‘qmi bilmayman.

Ismi sir tutildi.

Afsuski, mushtariymizning murojaatidagi kabi voqealar hayotimizda yo‘q emas. «Turmush qursa, o‘tib ketar...» qabilida yondashish, tibbiy savodxonlikning pastligi emas, balki kaltabinlikdir. Axir davosi ko‘rilmagan kasallik qanday qilib o‘z-o‘zidan bartaraf bo‘lishi mumkin? Bugun tanlagan mavzumiz orqali kimningdir fikrini o‘zgartira olsak ajab emas. Odamlar orasida «Bo‘laveradi» kayfiyatiga ega ayrim kasalliklar va ularning chorasi haqida sirlashamiz.

Mutaxassis – androlog-seksopatolog Dilmurod ERGAShEV.

Bolalikdan qolgan dard

Enurez – uyqu vaqti ixtiyorsiz peshob ajratish kasalligi. Asli bu xastalik bolalarda kuzatilib, markaziy asab tizimining peshob ajratish jarayoni ustidan nazorati shakllanishining ortda qolishi, ruhiy omillar, infeksiyalar, oshqozon–ichak trakti faoliyatidagi o‘zgarishlar sabab kelib chiqadi. Muammo o‘z vaqtida hal etilmasa, enurez bolaning o‘smirlik davrigacha ham davom etishi mumkin. Anglayotganingizdek, shu tariqa xastalikning yechimi topilmay qolaveradi.

Kattalarda uchraydigan peshob tutolmaslikni enurez bilan adashtirmaslik lozim. Ikkisi ikki hil tushuncha. Tug‘ruqdan so‘ng qovug‘ mushaklarining sustlashishi, kuchli stress, xoletsistit, urologik kasalliklar, surunkali tonzillit asoratida ixtiyorsiz peshob tutolmaslik kelib chiqadi.

Xastalik oila qurgandan so‘ng o‘tib ketmaydi (!) aksincha qanday bo‘lsa shu holicha davom etaveradi. Ammo shunda ham muolaja qilish mumkin. Urolog-shifokor peshob tutolmaslikning kelib chiqish sabablarini aniqlagach, peshob yo‘llarini mustahkamlaydigan, asablarni tinchlantiradigan preparatlar, vitaminlar, yallig‘lanishga qarshi fiziomuolaja, parafin davo choralarini kompleks tarzda olib borishni buyuradi. Urolog, nevrolog va psixiatr mutaxassislarning birgalikdagi say’i-harakatlari natijasida kutilgan natijaga erishish mumkin. To‘liq sog‘ayish uchun uzoq vaqt talab etilishi rost, ammo qunt qilinsa oila qurgandan keyin yuz beradigan noxush vaziyatlarning oldini olish ehtimoli ortadi.

Tutqanoq xurujlari

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotiga ko‘ra, epilepsiya bilan dunyo aholisining 1 foizi xastalangan bo‘lib, kasallik asosan tutqanoq xurujlari bilan kechadi. Epilepsiya bosh miya jarohatlari, nevrologik buzilishlar oqibatida kelib chiqib, bolalikdan namoyon bo‘la boshlaydi. Bolada epileptik xarakterning paydo bo‘lmasligi uchun o‘z vaqtida muolaja olish, stress holatlaridan himoyalash va xurujlarga qarshi preparatlarning tartibli qabul qilinishi g‘oyat muhimdir.

Nazoratda ushlangan epilepsiya oila qurishga monelik qilmaydi. Aksi bo‘lganda esa, jinsiy yaqinlik, talvasa xurujlarining ortishi, nozik munosabatlarda sovuqqonliklikni keltirib chiqaradi. O‘g‘il yo qizingiz epilepsiya bilan og‘rib, shifokor ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lsa, turmush qurishidan avval bu haqda ma’lum qilishni unutmang. Bordi-yu, kasallik og‘ir holatda kechib, yaqqol alomatlar bilan kuzatilsa, asoratlari mavjud bo‘lsa, oila qurish masalasida shoshilmagan ma’qul.

Oila qurish mumkin, ammo farzand ko‘rish...

So‘zlashuvda «destkaya matka» nomi bilan yuritiladigan patologiya, tibbiyotda bachadon gipoplaziyasi deyilib, aniq belgilar bilan kuzatilmaydi. O‘smir yoshidagi qizlarda hayz kelishining kuzatilmasligi yoki ushbu jarayonning mavjud bo‘lib, pala-partish kechishi jinsiy a’zolarda o‘zgarishlar borligidan darak berishi mumkin. Gohida ushbu patologiya tug‘ma bo‘lib, organizmning umumiy rivojlanishdan ortda qolishi bilan kechishi ham mumkin. Balog‘at yoshiga yetgandagi ko‘rinishi esa immunitetning pastligi, vazn, bo‘y o‘lchamlarining yoshiga mos kelmasligi, surunkali va infeksion kasalliklar bilan xastalanish, gormonal buzilishlar, asab tizimidagi o‘zgarishlar tufayli sodir bo‘ladi.

Bachadon gipoplaziyasi turmush qurishga monelik qilmasa-da, jinsiy yaqinlik vaqti ayrim muammolarning kelib chiqishi va eng asosiysi homiladorlikning yuzaga kelishiga to‘sqinlik qiladi. Zero, rivojlanmagan bachadon urug‘lanish imkoniyatiga ega bo‘lmaydi.

Tibbiy tekshiruvlar davomida jinsiy a’zoda rivojlanishning ortda qolishi tug‘ma nuqsonli bo‘lib, bachadon yoki qinning bo‘lmasligi bilan ifodalansa, muolaja kutilgan natijani bermasligi mumkin. Bachadon gipoplaziyasi tashxisida esa muntazam olib borilgan davo choralari yordamida bachadon o‘lchamini me’yoriy ko‘rinishga keltirishga erishiladi.

Qiz o‘stirayotgan onalar diqqatiga: farzandingiz balog‘at yoshiga yetdimi, bolalar ginekologiga olib boring. Hayzi kechikayaptimi, tekshiruvlardan qochmang. Zero, turmushga chiqqanidan so‘ng attang qilib qolishingiz hech gap emas.

Yiringli husnbuzar

Ayrim yigit va qizlarda o‘smirlik davri yiringli, katta husnbuzarlar toshishi kuzatiladi. Aslida, bu vaqtinchalik holat. Ammo kimdadir toshma uzoq «mehmon» bo‘lib qolishi mumkin. Bunday vaqtda «Uylansa (yoki turmushga chiqsa) qurib tushadi» qabilida yondashishsa-da, oilaviy hayotdan so‘ng organizmda ro‘y beradigan gormonal o‘zgarishlar yog‘ bezlari faoliyatini kuchaytirib, husnbuzar yanada ko‘payadi yoki chuqurlashadi. Gohida buning aksi ham bo‘lishi mumkin. Ammo avvaldan aniq xulosa qilib bo‘lmaydi.

Aslida husnbuzar paydo bo‘lishining endogen (ichki o‘zgarishlar) hamda ekzogen (tashqi ta’sirlar) sabablari bor. Yog‘ bezlaridagi yallig‘lanish surunkali davom etganida avval kelib chiqish omilini aniqlab, so‘ng muolaja qilish darkor.

Vaginizm

Yaqinlikdan avval qin mushaklarining qisqarishi bilan ifodalanadigan mazkur holat o‘ta jiddiy muammodir. Vaginizm nevroz, kuchli stress yoki o‘ta sezgir (ta’sirchan) qin mushaklari patologiyasi sanaladi. Afsuski, muammoning borligini to‘ygacha aniqlashning imkoni yo‘q. Ko‘pincha ilk jinsiy yaqinlik vaqti qattiq qo‘rqish, asabiylashish natijasida patologiya yuzaga chiqadi va bir qancha tushunmovchiliklarni paydo qilishi mumkin.

Vaginizm tuzalmaydigan kasallik emas, ammo uning davosi ko‘proq ruhiyatning sog‘lomlashishiga bog‘liq. Seksopatolog hamda psixonevrologlarning birgalikdagi muolajalaridan so‘ng, vaginizmni yengishga erishiladi. Yagona sharti, o‘z vaqtida mutaxassisga murojaat etish va muammoni yashirmaslikdir.

Bo‘yi yetgan qizda vaginizm alomatlari borligini qayerdan bilish mumkin? Buning uchun farzandingizning jinsiy tarbiyasiga jiddiy yondashishingiz, oila qurgandan keyingi hayot to‘g‘risida suhbatlashish, bu borada uning fikrlari, qarashlari bilan qiziqishingiz darkor. Sinchkov bo‘lsangiz, ruhiyatidagi o‘zgarishlarni payqamay qolmaysiz.

Shizofreniya

Surunkali o‘sib boruvchi ruhiy kasallik hisoblangan shizofreniyada bemorning fikrlashi va hissiy faoliyatining buzilishi kuzatiladi. Ko‘pincha aqli zaiflik belgilari ham namoyon bo‘lishi mumkin. Shizofreniyaning turlari bir qancha. Xastalik darajasi va kechishiga ko‘ra muolaja davomiy olib boriladi.

Vasvasa xurujlari, gallyusinatsiya hamda aqliy fikrlash qobiliyatining cheklanganligi oilaviy hayot masalasini istisno etadi. Shu bois ruhiy xasta bemorlarga turmush qurish hamisha ham tavsiya etilmaydi.

Manba: Darakchi.uz