Bilasizmi?

Qo‘ziqorinlarni xarid qilishda nimalarga e’tibor berish kerak?

Mamlakatimizda zamburug‘larning 200ga yaqin botanik turlari aniqlangan bo‘lib, shulardan 20-25 tasigina iste’molga yaroqli hisoblanadi. Qo‘ziqorinlar bir-biriga o‘xshash bo‘lgani sabab, ularni farqlash qiyin. Ho‘sh, xarid vaqti tanlovda adashmaslik, salomatlikka ziyon etkazmaslik uchun nimalarga e’tibor berish kerak?

Foydalimi?

Qo‘ziqorin oqsilga boy mahsulot bo‘lib, hatto bu modda uning tarkibida go‘shtga nisbatan bir necha barobar ko‘proq. To‘yimliligi va ozuqaviyligiga ko‘ra RR va D vitaminlarining ulkan zaxirasi, foydali mikroelementlar, ruh, temir, molibden, kumush, mis va kobalt bilan to‘yingan. Shu sababdan birgina oq qo‘ziqorin go‘sht, kartoshka va boshqa sabzavotlar o‘rnini bemalol bosa oladi.

Turlari

Respublikamizda asosan iste’molbop turlardan shampinon, ko‘k oyoq (sinyaya nojka), veshenka, qo‘ziqorin (smorchok), qo‘ziquyruq (beliy grib) kabi turlar, zaqarli turlardan esa lepiota turkumining aksariyat vakillari, Agaricus, xonthodefmus, A. Gennadii va boshqalar keng tarqalgan

Sifati

Qo‘ziqorin xarid qilayotganda avvalo, uning tashqi ko‘rinishiga qarang: yuzasi silliq va barra ko‘rinishidagilarning sifati yaxshi bo‘ladi. Yumshoq va so‘lib borayotganlari esa aksincha. Qo‘ziqorin qalpoqchasi bandiga yaxshi birikkan bo‘lishi kerak. Yana sifati buzilmagan zamburug‘ yoqimsiz hid taratmaydi.

Qayerda saqlaymiz?

Odatda, sotuvga chiqarilgan qo‘ziqorinlar bir necha sutka saqlanishga mo‘ljallangan bo‘lib, muddati o‘tgach, iste’molga yaroqsiz hisoblanadi. Xarid qilingan qo‘ziqorinlarni usti yopiq idish yoki sellofan xaltaga joylab, imkon qadar muzlatkichda saqlash lozim.

Qaynatimizmi yoki yo‘q?

Har qanday turdagi qo‘ziqorinni qaynab turgan suvga solib, 15-20 daqiqa pishirib olgan ma’qul. Shundan so‘nggina taom yoki yegulik tayyorlashda foydalansa bo‘ladi. Qaynatish jarayonida pishganini bilish uchun bir donasini ikkiga ajratib, ta’tib ko‘ring. Unutmang, pishirilgan qo‘ziqorinlar bir kundan ortiq saqlanmaydi.

Ko‘p foydalanadiganimiz

Bugungi kunga kelib, bozorlarda va supermarketlarning sabzavotlar sotiladigan qismida asosan ikki xil qo‘ziqorinni yil bo‘yi topish mumkin. Bular veshenka va shampinondir. Shuningdek ular marinadlangan holatda ham keng tarqalgan. Bu qo‘ziqorinlardan turli xil salat va yeguliklar tayyorlash mumkin. Qolaversa, ular kalsiy, kaliy va temir kabi vitaminlarga to‘yingani bilan ham foydali. Narxi go‘shtdan ancha arzon bo‘lgani sababli tejamkor bekalarning taomnomasidan allaqachon sharafli o‘rin olgan.

Zaharli turlari

Qizil muxomor, oq poganka, satanin zamburug‘i kabilar zaharli hisoblanadi. Agar qo‘ziqorin rangi yashilsimon, ko‘kimtir yoki qoramtir bo‘lsa, yoqimsiz hid taratib, qo‘lingizga yopishsa, bilingki, bu mahsulot iste’molga yaroqli emas! Qolaversa, qo‘ziqorinlarni me’yorda iste’mol qilish lozim.

Boshqa mahsulotlar bilan mosligi

Qo‘ziqorin turiga ko‘ra kartoshka, karam, piyoz, sabzi kabi sabzavotlar bilan yaxshi muomalaga kirishadi. Tovuq go‘shti bilan qovurib, smetana qo‘shilsa, ta’mi yanada xushxo‘r bo‘ladi. Shivit, ko‘kpiyoz va kashnich qo‘ziqorinning «do‘st»lari. Sarimsoqpiyozni esa qo‘ziqorinli tamolarga kamroq ishlatganingiz ma’qul.

Davosi

Tibbiyotda zamburug‘lar bilan davolashning butun bir yo‘nalishi bo‘lib, u fungoterapiya deyiladi. Bunda qo‘ziqorinning turiga ko‘ra ma’lum bir kasalliklarni davolashda qo‘llash mumkin. Masalan, dojdevik qo‘ziqorini yaralarga malham bo‘ladi, lisichka turi gijjalarni tushirishda foydali, opyatyada esa yurak ishemik kasalliklari hamda diabetni davolovchi moddalar mavjud. Davo uchun qo‘ziqorindan foydalanishda, albatta, shifokor maslahati zarur.

Ehtiyot bo‘ling!

Respublika Davlat Sanitariya-epidimiologiya nazorat markazi mutaxassislari tomonidan taqdim etilgan ma’lumotga ko‘ra, qo‘ziqorindan zaharlanish mart, aprel va may oylarida ko‘proq kuzatilarkan. Katta magistral yo‘l yoqalarida, zaharli kimyoviy moddalar ishlab chiqaruvchi korxonalar atrofida hamda ariq bo‘ylarida o‘suvchi qo‘ziqorinlar atmosfera havosi, suv va tuproq tarkibidagi zaharli moddalarni o‘ziga singdirishi natijasida xavfli qo‘ziqoringa aylanishi mumkin.

Qo‘ziqorindan zaharlanish alomatlari iste’mol qilingan zamburug‘ turiga ko‘ra nomoyon bo‘ladi. Bunda qo‘ziqorin iste’mol qilinganidan so‘ng 1-2 soat o‘tgach, ko‘ngil aynib, tez-tez qayt qilish, oshqozon-ichak faoliyati buzilib, qorinda og‘riq paydo bo‘lishi, a’zoyi-badanning bo‘shashishi yuz beradi. Qolaversa, organizmga tushgan zaharli moddalar jigar, buyrak, me’da osti bezi va markaziy asab tizimi a’zolarini shikastlashi mumkin. So‘lak oqishi, ko‘p terlash, tomir urishining sustlashishi kabilar ham zaharlanish belgilaridir. Bunday hollarda bemorga o‘z vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatilishi lozim. Kerakli davo choralari ko‘rilmasa, bemor ahvoli og‘irlashib, o‘lim holati bilan ham tugash ehtimoldan holi emas.

Diqqat! Dalaqovli, yaylov va ariq bo‘ylarida o‘sgan qar xil turdagi zamburug‘larni iste’molga yaroqli yoki yaroqsizligini bilmasdan terish qamda iste’mol qilish taqiqlanadi.

Samira ULUG‘BEKOVA tayyorladi.

Manba: Darakchi.uz