— Ko‘rish qobiliyatim pastligi sabab ko‘zoynak va linza taqaman. Ish jarayonida ham kun bo‘yi kompyuter yonida o‘tiraman. Hozir ikkinchi oliy ma’lumot olish uchun harakat qilyapman, o‘qish ko‘zimga zarar qilmasmikan? Tayyorlash uchun kitob va darsliklardan foydalansammi yoki elektron kitoblar yoki planshetdan foydalanganim ma’qulmi? Qaysi biri ko‘zlar uchun zararsiz?
Ahmad Shokirov, Samarqand viloyati
Sayyora Abdullayeva, oliy toifali shifokor-oftalmolog:
— Uzoq muddat mayda harfli matnlar bilan ishlab ko‘zni zo‘riqtirish zararli bo‘lib, xonaning yaxshi yoritilmagani, noto‘g‘ri o‘tirishning ham ko‘rish qobiliyatiga ta’siri bor. Bundan tashqari, elektron kitoblarni o‘qishda ham gigiyenik talablarga rioya qilish muhim o‘rin tutadi. Xuddi shunday kitob o‘qishda va televizor ko‘rishda ham gigiyenik qoidalarga rioya qilish lozim.
Ko‘z qog‘ozdagi tasvirni o‘qishga moslashgan, lekin planshetda tasvir yarqirab turadi. Shu sabab planshetdan uzoq vaqt foydalanish, kitobdan foydalanishdan ko‘ra zararliroq. Ko‘zning namlanishi kamaygani uning faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Elektron kitoblar ekrani esa oddiy kitoblarga yaqinlashtirilgan bo‘lib, bu ko‘z zo‘riqishining oldini oladi. Ammo bunda ham o‘qish talablariga rioya qilish kerak. Ya’ni xonaga yorug‘lik tushishini to‘g‘ri ta’minlash, to‘g‘ri o‘tirish, kitobning joylashishiga e’tibor berish hamda tanaffuslar bilan o‘qish lozim.
Manba: Darakchi.uz