Madaniyat

Sochim ipakdek mayin bo‘sin, desangiz...

Ayolning eng go‘zal ziynati jilokor va mayin sochlaridir. Bunga erishish uchun esa ancha mablag‘u vaqtimizni sarflashga tayyormiz. Biroq soch chindanam ko‘zni quvontirishi uchun ko‘p narsa kerak emas. Doimiy parvarish bo‘lsa kifoya. Quruq va sinuvchan sochlar parvarishi borasidagi tavsiyalarni stilist Farangiz AVEZOVAdan eshitamiz.

Nimaga sochlar quruqlashadi?

Keling, birinchi navbatda soch nima sababdan hashakdek quruq ko‘rinishga kelishini o‘rganib chiqsak. Aslida, hammasi juda oddiy. Agar mikroskop ostida tekshirilsa, soch tolasi tangani eslatuvchi qismchalardan iboratligini ko‘rish mumkin. Bosh terisi ma’lum miqdorda yog‘ ishlab chiqarishi hisobiga mayda tangachalar bir-biriga jipslashib, yopishib turadi. Sog‘lom insonda mana shu yog‘ sochning mayin va yaltiroqligini ta’minlaydi. Organizmning xastaliklari yoki quyosh va issiqlik ta’sirida tabiiy yog‘ ishlab chiqarilishi kamayganida esa tangachalar quruqlashib, sinuvchan ko‘rinishga keladi. Agar bosh terisida yog‘ aylanishi yomonlashganini sezsangiz, trixolog shifokorga murojaat qilib, uning tavsiyasi asosida baliq moyidan iste’mol qilishingiz mumkin.

Fen va dazmoldan voz keching, demaymiz

Soch tolasining 20 foizi suvdan iborat bo‘lib, tashqi ta’sirlar, oftob nuri, fen, ployka yoki soch dazmoli shu suvning parlanib ketishiga olib keladi. Natijada yana o‘sha tangachalar «to‘polon» qilishni boshlashadi. Ularni «tinchlantirish» uchun esa maxsus issiqlikdan himoyalovchi sprey va ko‘piklar ishlab chiqarilgan. Termo himoya tarkibidagi silikon soch tolasini qoplab, plyonka hosil qiladi. Shu plyonka issiqlik ta’sirida toladagi suv parlanib ketishining oldini oladi. Demak, vositani nam sochga sepib, butun uzunlik bo‘lab bir tekisda taqsimlash lozim. Shundan keyingina fen yoki dazmoldan foydalanaverasiz.

Jilokorlik siri — laminatsiya!

Sochni jilokor qilishning uy sharoitidagi eng samarali usullardan biri esa moychechak damlamasi hisoblanadi. Boshingizni yuvishdan avval damlamani tayyorlab qo‘yasiz-da, sochni shampundan tozalab olgach chayasiz. Natijadan mamnun bo‘lishingiz aniq. Bundan tashqari uy sharoitida laminatsiyalasangiz ham bo‘ladi. Yelkagacha uzunlikdagi soch uchun bir osh qoshiq jelatinni 3 osh qoshiq iliq suv bilan yaxshilab aralashtirasiz va yarim soatga qoldirasiz. Keyin o‘zingiz foydalanadigan soch uchun balzamdan ham 1 osh qoshiq aralashitirib, tozalab yuvilgan nam sochlarga surtasiz. Polietilen qalpoqchani kiyib, besh daqiqa fenning o‘rtacha issiqligida qizdirib olasiz. Polietilen qalpoqchaning ustidan ro‘mol o‘rab 40-50 daqiqaga qoldirasiz. Niqobni yuvib, sochni quritasiz-da, natijadan bahramand bo‘lasiz.

Spirt saqlovchi vositalar

Tezda ulardan xalos bo‘lishning harakatini qiling. Spirt asosan soch uchun lak va turli spreylar takibida uchraydi. Shuning uchun lakning o‘rniga gel yoki ko‘pik ko‘rinishidagi vositalardan foydalanish haqida o‘ylab ko‘ring. Va albatta xarid jarayonida yorliqlarga ham ko‘z qiringizni tashlash yoddan ko‘tarilmasin.

Kundalik parvarish uchun balzamlar

Yuqorida bosh terisining tabiiy yog‘ qatlami haqida gaplashdik. O‘sha yog‘ning miqdori yetarli bo‘lmaganida turli vositalar bilan sochni tekislash va jilolantirib borish lozim. Bunda sizga ayniqsa balzamlar qo‘l keladi. Do‘kon rastalarida ko‘pdan-ko‘p balzamlarga ko‘zingiz tushadi. Tanlov chog‘i chayish uchun mo‘ljallanganlari (opolaskivatel) sochni jilolantirishini, konditsioner esa hajm berishini inobatga oling. Ularning qay turi sochlaringizga mos kelishini esa sinovlar yo‘li bilan aniqlaysiz. Yana bir muhim qoida: balzamni soch ildiziga emas, faqatgina uzunlik bo‘ylab surtish talab etiladi. Aks holda, ular kirlangandek taassurot uyg‘otadi. Qo‘shimchasiga dorixonadan kapsula ko‘rinishadagi A, V6 va S vitaminlarini xarid qilib, balzamga qo‘shib foydalansangiz natija yanada mustahkamlanadi.

Manba: Darakchi.uz