Suv organizmdan toksinlarni va ortiqcha yog‘larni chiqaradi, hazm qilishga yordam beradi, turli xil almashinuv jarayonlarida qatnashadi, issiqlik tashuvchi va issiqlik boshqaruvchi hisoblanadi, yoshlikni, yuz va tana go‘zalligini uzoq vaqt saqlab qolishga yordam beradi.
Organizmda suyuqlik miqdori yetarlicha bo‘lmasa, suvsizlanish boshlanadi: qon quyuqlashadi, yurakka tushadigan bosim ko‘payadi, buyraklarda toshlar paydo bo‘ladi, qon bosimi ko‘tariladi, teri quruqlashadi, sochlar esa mo‘rt bo‘lib qoladi...
Katta yoshli odam bir kunda 8 stakandan kam bo‘lmagan miqdorda suv ichishi zarurligi haqida ko‘pchilik eshitgan bo‘lsa kerak.
Lekin rossiyalik vrach-parhezshunos, mashhur Kovalkov parhezining muallifi Aleksey Kovalkov bir kunda 4-5 stakan oddiy toza suv ichish yetarli deb hisoblaydi — uning fikricha aynan shu miqdorni inson salomatligi uchun eng muvofiq deb hisoblash mumkin ekan.
Qanday qilib ko‘proq suv ichish mumkin? 5 oddiy qoida
Jadval bo‘yicha iching!
Buning uchun yangi kunni bir stakan toza suv ichishdan boshlang. Yana bir stakan nonushtadan so‘ng, keyin tushlikda va hokazo. Va uyqudan oldin bir stakan suv ichishni unutmang — kechqurun qatiq ichish ham juda foydali bo‘ladi.
Suvning ta’mini yaxshilang
Ichish yoqimliroq bo‘lishi uchun, suvga biroz apelsin yoki greypfrut sharbati, yalpiz barglari, rezavor mevalar yoki limon bo‘lakchasi qo‘shing.
Suv har doim yoningizda bo‘lsin!
Ish stolingiz ustida har doim bir stakan suv turishi kerak — shunda siz suvni xohlagan vaqtingizda ichishingiz mumkin.
Tarkibida ko‘proq suv bo‘lgan oziq-ovqatlarni iste’mol qiling
Bu nafaqat meva va rezavor mevalarga, balki sabzavotlarga ham tegishli. Organizmdagi yetishmagan suv o‘rnini to‘ldirishga sho‘rva va suvda tayyorlangan bo‘tqalar ham yordam beradi.
Agar siz ko‘proq suv ichishni xohlasangiz, yaxshisi mayda qultumlar bilan va ovqatlanish mahalidan boshqa paytlarda iching
Bu ayniqsa ozishni xohlovchilarga tegishli. Agar siz birdaniga ko‘proq suv ichib yuborsangiz, me’dangiz cho‘zilishi mumkin. Agar ovqatlanish vaqtida ichsangiz — bu hazm qilish jarayonini sekinlashtiradi.
Manba: Daryo.uz