Ko‘pchiligimiz tabletkalarni duch kelgan suyuqlik bilan ichishga odatlanganmiz. Ayrimlar choy, sharbat, kompot, qahva kabi suyuqliklar yordamida dori ichishga ko‘nikib qolgan. Afsuski, barchamiz ham bu yo‘sinning tahdidini anglayvermaymiz. Chunki bu suyuqliklar tarkibidagi kimyoviy moddalar dorilar tarkibidagi moddalar bilan o‘zaro reaksiyaga kirishishi va kutilmagan noxushliklarni keltirib chiqarishi mumkin. Bu holatlarning natijasi o‘laroq, dorivorlar o‘z shifobaxshlik xususiyatini yo‘qotish bilan cheklanib qolmay, hatto tana uchun zaharli manbaga aylanishi ham ehtimoldan holi emas.
Xo‘sh, qaysi dorivorlar qanday suyuqliklar bilan “kelishmaydi” yoxud aksincha “do‘st tutinadi?".
SUT BILAN "KELIShMAYDIGAN" DORILAR
Sut bilan yaraga qarshi dorivorlarni (ranitidin, simetidin va h.k.), temirli preparatlarni, ayrim fermentlarni hamda antibiotiklarni va yurak-qon tomir tizimida ishlatiladigan dorivorlarni qabul qilish yaramaydi. Sut yoki sutli ovqat iste’mol qilgandan keyin tetratsiklin antibiotik dorivorini qabul qilish yaramaydi.
Ammo sut tarkibidagi yog‘ aksincha yog‘da eruvchan vitaminlar (A, E, D, K), yodli dorivorlar, indometatsin, rezerpin kabi tabletkalarni qabul qilishda qo‘l keladi.
DORILARNI ChOY BILAN IChISh MUMKINMI?
Choy bilan dori ichish ham tavsiya etilmaydi. Chunki choy tarkibidagi tanin moddasi ko‘plab dorivorlar bilan o‘zaro ta’sir etish natijasida cho‘kma hosil qiladi. Qolaversa, bunday aralashmalar yurak-qon tomir tizimiga tahdidli ta’sir qilishi mumkin. Ayniqsa, tarkibida azot saqlaydigan dorivorlarni choy bilan ichib bo‘lmaydi. Jumladan, papaverin, kofein, kodein, eufillin va yurak glikozidlari shunday dorivorlar sirasiga kiradi.
QAHVA DORILAR TA’SIRINI SUSAYTIRADI
Qahva ham tarkibidagi tanin tufayli choyga o‘xshash ta’sir qiladi. Ammo qahva bilan dori qabul qilish yanada tahdidliroq. Chunki ayrim hollarda qahva ba’zi dorivorlar ta’sirini kuchaytirsa, boshqalari ta’sirini esa susaytiradi. Natijada, dorivorlarning dardga ta’siri keskin o‘zgaradi. Qahvani dori ichishda qo‘llash mutlaqo tavsiya etilmaydi.
PARATsETAMOLNI ShARBAT BILAN IChING!
Sharbatlar bilan ayrim dorivorlarni qabul qilish kamdan-kam hollarda bo‘lsada qo‘l kelishi mumkin. Jumladan, aspirin, paratsetamol, silga qarshi dorivorlarni sharbat bilan ichish ularning samaralarini oshiradi.
ShARBAT BILAN IChIB BO‘LMAYDIGAN DORILAR
Ammo aksari dorivorlar sharbatlar bilan “kelishmaydi”. Ayniqsa, nordon sharbatlar kalsiy dorivorlari va ayrim antibiotiklarni parchalab tashlaydi. Nordon meva sharbatlari oshqozon kislotali muhitini susaytirishi tufayli ham antatsid dorivorlar ta’sirini yo‘qqa chiqaradi. Yurak glikozidlari va sulfanilamid dorivorlarning o‘zlari ham ishqoriy muhitga ega bo‘lganligi bois, bu dorivorlarni nordon meva sharbatlari va hattoki kompot bilan ham ichib bo‘lmaydi.
DORINI QANDAY IChISh KERAK?
Hanuzgacha keksalarimiz tabletkalarni qabul qilishdan oldin ularni erinmasdan talqon qilib maydalashadi. Ma’lum bo‘lishicha, bu uslub dorivor qabul qilishda yaxshi yordam berar ekan. Maydalangan dorivor kukunini yengillik bilan ichish natijasida oshqozon-ichak tizimini ta’sirlantirmaslik va hazm qilishning osonlashtirilishiga erishish mumkin. Albatta bu maydalash jarayonini himoya qobig‘i bilan qoplangan tabletkalar va kapsulalarga nisbatan aslo qo‘llab bo‘lmaydi. Chunki himoya qobig‘i ushbu dorivorlarning oshqozonga qadar bezarar, shikastlanmagan tarzda yetkazilishiga xizmat qiladi.
“Eruvchan” (“Shipuchiye”) tabletkalarni qabul qilishdan oldin ko‘rsatmada qayd etilgan miqdordagi suvda eritib ichish maqsadga muvofiq hisoblanadi.
Aslida dorivorlarni xona haroratiga ega qaynatib sovutilgan suv bilan ichish eng bezarar tavsiya hisoblanadi. Boshqa har qanday suyuqliklar bilan dorivorlarni ichish shifokor-mutaxassis tomonidan istisno tariqasida buyurilsagina qo‘llanilishi mumkin. Shuning uchun, dorivor tayinlashda shifokor-mutaxassis dori qabulida bu jihatga alohida to‘xtalmasa, demak, dorivorni odatiy, tindirilgan, qaynatib sovutilgan suv bilan ichganingiz ma’qul hisoblanadi.
Manba: Darakchi.uz