Bilasizmi?

Uy ishlarini 2 marta tezroq bajarishda uy bekalariga maslahatlar

Uy yumushlarini qisqa vaqt ichida bajarib ulgurmoqchimisiz? Unda maslahatlarimizga quloq tuting!

Kiyimlarni dazmolsiz tekislash

Uni vannaxonaga ilib qo‘ying va xonani issiq suv yordamida bug‘ga to‘ldiring. Bug‘ kiyimdagi g‘ijimlarni tekislashga yordam beradi. Endi esa shamollating va kiyim quriguncha kuting.

Oyoq kiyimini tozalash

Qora yoki to‘q rangli charm oyoq kiyimini unchalik qimmat bo‘lmagan namlantiruvchi yoki oziqlantiruvchi krem yordamida yangidek qilish mumkin. Sport oyoq kiyimlarining oq rezinali qismini esa tish pastasi bilan oqartirsa bo‘ladi.

Duxovkani yog‘dan tozalash

Quyidagicha aralashma tayyorlang: ¼ piyola idish yuvadigan suyuqlik, yarim piyola osh sodasi, ¼ piyola perekis vodorod eritmasi, bitta limon po‘chog‘i maydasi, bir osh qoshiq sirka. Aralashmani duxovka ichiga bir tekis qilib suring va eshigini yopib qo‘ying. Kamida 4 soatdan keyin duxovka eshigini oching va ho‘l gubka bilan artib oling.

Sharikli ruchka izini ketkazish

Muammoli joyni lak tozalaydigan atsetonli suyuqlik yordamida ishqalab tozalash kifoya qiladi.

Tonal kremi dog‘ini tozalash

Yuvishdan oldin shu joyga soqol olishda ishlatiladigan ko‘pik suring va butunlay singib ketguncha qoldiring.

Uyga pokiza ko‘rinish berish

Oynalarni, eshik va derazalarni maxsus shisha tozalovchi sprey yordamida arting. Uyga yaltiragan oynalardan boshqa hech narsa bunday ko‘rinish berolmaydi.

Manba: Daryo.uz