Bilasizmi?

Uy sharoitida kir yuvish mashinasini mog‘ordan tozalash usuli

Kir yuvish mashinasida vaqti-vaqti bilan mog‘or paydo bo‘ladi. Undan qutilish uchun bizning maslahatlarga amal qiling.

Buning uchun sizga quyidagilar kerak bo‘ladi:

  • suyuq tozalash vositasi (iloji bo‘lsa, tarkibida xlor bo‘lsin);
  • ikkita keraksiz salfetka yoki gubka;
  • qalin rezina qo‘lqop;
  • 25 gramm limon kislotasi.

Endi ishga kirishamiz:

  1. Mashinani mog‘or bosganini birdan sezib bo‘lmaydi. Yuvilgan kiyimlardan kukun hidi keladi, biroq mashinaning eshigi yopiq turganida yoqimsiz hid paydo bo‘ladi. Bundan tashqari, eshikning ichki tomonidagi rezinani ag‘darib ko‘rsangiz noxush manzaraga guvoh bo‘lasiz.
  2. Buni salfetka yordamida tekshirib ko‘ramiz. Rezinani salfetka bilan artib ko‘rganda, mog‘or unda aks etadi.
  3. Tozalashga kirishish uchun dastlab har qanday sochiqcha yordamida bor kirdan xalos bo‘lamiz.
  4. So‘ng suyuq tozalash vositasini olib, rezinaning barcha tomonlariga quyib chiqamiz.
  5. Endi tozalash vositasini rezina qistirmaning burmalariga bir xil qilib surib chiqamiz.
  6. Mashina eshigini yopib, shu tarzda ikki soatga qoldiramiz.
  7. Oradan ikki soat vaqt o‘tgach, chayish rejimini yoqib, tozalash vositasini mashina ichidan yuvib tashlaymiz.
  8. Mog‘orning ketganini toza salfetka bilan tekshirib ko‘ramiz. Odatda bu chora-tadbirlar mog‘orni bartaraf etish uchun yetarli bo‘ladi.
  9. Kir yuvish mashinasini tozalashga jon-jahdingiz bilan kirishgan bo‘lsangiz, unda barabanni ham profilaktika nuqtai nazaridan tozalab qo‘yishingiz mumkin. Buning uchun kir yuvish kukuni solinadigan bo‘linmaga bir paket (25 gramm) oddiy limon kislotasini solamiz.
  10. Endi mashinaning eng yuqori haroratli rejimini tanlab, ishga tushiring.

Ta’kidlash joiz, yuqoridagi usul bilan mog‘ordan to‘liq qutulib bo‘lmaydi, shunchaki uni vaqtinchalik «qo‘rqitib qo‘yish» mumkin. Har safar kir yuvilib bo‘lganidan so‘ng rezinani quruq qilib artishga va kir yuvilmayotgan vaqtda mashina eshigini ochiq qoldirishga harakat qiling. Shunda bu usulni bir yilda bir marta qo‘llasangiz ham yetarli bo‘ladi.

Manba: Daryo.uz