Madaniyat

«Yordam bering, semirolmayapman...»

Ko‘pchilik ayollar ozish ilinjida bo‘lgan bir paytda semirolmayotgan odamlarning muammosi ko‘pchilikka erish tuyuladi. Axir bu baxtlilarning qaddi-qomati xuddi siz istagandek. Ammo ozg‘inlik ham bir muammo-da: yoqtirgan kiyimni kiyolmaysiz, boz ustiga ozg‘inlik ortidan bukchayib yurish (skolioz va osteoxondroz) xastaliklari yuzaga keladi. Bugungi maqolamizda oriqlikda nimalarga e’tibor berish kerakligi va bu muammoni qanday hal qilish mumkinligi bilan tanishamiz. Bu ishda bizga shifokor-diyetolog Ilhom OTAJONOV yordam beradi.

Juda ozg‘inman. Vaznim 39 kg. Aslo semirolmayman. Qilmagan amalim qolmadi. Іar xil qimmat dorilar ham ichdim. Bir tanishim O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan giyohlardan tayyorlangan eleksir kollagen turini uch oy ichilsa, semirish mumkin, degandi. Bu preparat ta’sir qiladimi? Umuman qanday yo‘l bilan semirishim mumkin?

Zarifa, Toshkent shahri

Avval ko‘rikdan o‘ting!

Bu vaziyatda birinchi bo‘lib, ikkita shifokor ko‘rigidan o‘tiladi: shifokor-gastroenterolog bilan suhbatlashib, oshqozon-ichak kasalliklari va gijja bor-yo‘qligini tekshirtirish. So‘ng endokrinolog tekshiruvidan o‘tib, buqoq va shunga o‘xshash gormonal buzilish bilan bog‘liq kasalliklar bor-yo‘qligini aniqlash shart. Agar tekshiruv natijalari ijobiy chiqsa, unda hamma gap sizning turmush tarzingizda. Kun davomida aniq tartibga rioya qiling: vaqtida turib, kechki soat 21 dayoq yotishga odatlaning. Uyqu 9-10 soatdan kam bo‘lmasligi kerak. Asablarni qo‘zg‘ovchi stressli vaziyatlardan ham o‘zingizni asrang. Asabiylik uyqusizlik va oshqozon kasalliklariga sabab bo‘lishi, bu esa o‘z navbatida ozg‘inlikka olib kelishi tayin. Oqsil va uglevodlarga boy mahsulotlarni ko‘proq yeng. Ayniqsa, xilma-xil go‘shtlar (faqat yog‘siz) – qo‘y, kurka, tovuq va baliq go‘shti, xamirli taomlar, muzqaymoq va shokolad, sut-qaymoq, pishloq, sut choy, ovqat oldidan ichilgan mevali quyuq (nektar) sharbatlar tezroq vazn yig‘ishingizga yordam beradi.

Bilasizmi:

Nonushtaga suli bo‘tqasiga mayiz, yong‘oqni mo‘lgina solib yeyish, choyga limon, asal solib ichish odamni semirtiradi.

Ikkinchi nonushtaga sariyog‘li non yoki 2 dona suvda pishgan tuxum, 2 ta meva (shirin ta’mli nok yoki olma) yeyilsa, yanada yaxshi.

Shaftoli, anjir, kivi, olxo‘ri va banan ham odamning semirishiga yordam beradi.

Tushlikka grechixa yoki guruch solingan suyuq taom ustiga mayda pishloqni to‘g‘rab iste’mol qilish, va albatta, kurka yoki tovuq go‘shti, pishgan loviya solingan sabzavotli salat yeyishingiz kerak. o‘tar choyga quritilgan mevalar va pishiriq yoki shokolad yeyiladi.

Kechki ovqat sergo‘sht ammo bug‘da yoki qaynatib pishirilgan bo‘lishi maqsadga muvofiq.

Mushtariymizning murojaatidagi «Kollagen eleksiri» haqida, to‘g‘risi, aniq ma’lumotga ega emasmiz. Agar u tibbiy va sanitar standartlardan o‘tgan bo‘lsa va ma’lum sertifikatga ega bo‘lib, shifokorlar tomonidan tavsiya qilinsa, qabul qilish mumkin. Ammo maslahatimiz, har xil biologik faol qo‘shimchalar yordamiga tayanmay, avvalo tekshiruvlardan o‘ting. Muammoning asl sababini aniq topgandagina ozg‘inlikni bartaraf qilish mumkin. Uy sharoitida quyidagi vaznni ko‘paytiruvchi oqsilli kokteyl tayyorlab ichishingiz mumkin: bir piyola smetana, bir piyola tvorog, 1 dona meva ko‘pirtirib aralashtirib, kun davomida 2-3 piyoladan ovqatdan oldin yoki taomlar orasida ichiladi.

Bilasizmi:

Bo‘tako‘z, zirk giyohlaridan damlama tayyorlab, ovqat oldidan ichsangiz, ishtahangiz ochilib tez vazn orttirasiz.

Semirmaslik naslga bog‘liqmi?

Albatta. Ota-onangiz tug‘ma ozg‘in bo‘lishsa, farzandining ham ularga o‘xshashi kuzatiladi. Va eng yomoni, ota-onani shu holatga olib kelgan yondosh kasalliklar – oshqozon osti bezining yallig‘lanishi, gormonal buzilishlarning ham nasldan o‘tish xavf bor. Odam haddan ziyod ozg‘in bo‘lsa, bukchayib yurishga odatlanib qoladi. Bu ham yaxshi odat emas – chunki qomat buzilsa, ovqat bilan borgan foydali mahsulotlar hazm bo‘lmaydi. Fast-fud taomlaridan voz keching – ular ichaklarni og‘ritib odamni yanada ozdiradi.

Manba: Darakchi.uz