Madaniyat

Yoshartiruvchi kremlar haqida 10 haqiqat

Yosh o‘tishi bilan har bir ayolning sochiga oq oralashi, yuziga ajin tushishi tabiiy. Bunday paytda ko‘pchilik turlicha usullarni qo‘llab, yuzdagi ajinlardan xalos bo‘lishga intiladi. Ammo biz reklamasiga uchib, tanlayotgan ajinga qarshi kremlar har doim ham ko‘zlangan natijani beradimi? Umuman, tarkibida qanday moddalarni jamlagan kremlar foydaliroq? Keling, bu haqda batafsil ma’lumot beramiz.

  • Suv o‘tlari ajinni yo‘qotishga yordam beradi. Bu to‘g‘ri emas. Krem tarkibidagi suv o‘tlari terini namlantirish xususiyatiga ega. Shu bois tarkibida suv o‘tlari mavjud bo‘lgan kremlardan foydalangach, ko‘pchilik ayollar ajinlari kamayganidan xursand bo‘lishadi. Vaholanki, bunday kremlar terini faqatgina yumshatishga, namlantirishga xizmat qiladi. Agar teringiz quruq bo‘lmay, ortiqcha namlantiruvchi vositalar talab qilmasa, suv o‘tlari ajinlar kamayishiga hech qanday yordam bermaydi.
  • C vitamini ajinlarni kamaytiradi. Qisman to‘g‘ri. Kremlar tarkibidagi C vitamini terining kollagen ishlab chiqarishiga yordam beradi. Lekin bunday kremni teriga bir martagina surtish yetarli emas. Chunki teri tashqi tarafdan C vitaminini ko‘p miqdorda qabul qila olmaydi. U yetarli darajada kollagen hosil qilishi uchun C vitaminini iste’mol qilish kerak.
  • Mevali kislatalar chuqur ajinlarni yo‘qotadi. Noto‘g‘ri. Aslida, krem tarkibidagi bunday kislotalar terini tozalovchi xususiyatga ega. Tarkibida mevali kisolatalar mavjud bo‘lgan kremlar terini tozalaydi, tekislaydi, chuqur emas, yuzaki ajinlarni yo‘qotishga yordam beradi.
  • Gialuron kislotasi terining silliq va cho‘ziluvchan bo‘lishiga yordam beradi. To‘g‘ri, lekin har doim ham emas. Gialuron moddasi odam terisi tarkibida mavjud bo‘lib, terining cho‘ziluvchanligini ta’minlaydi. Tarkibida ushbu modda mavjud bo‘lgan krem teri ustidan surilsa, uning cho‘ziluvchanligi yanada ortadi. Lekin bu modda krem tarkibida kammolekulyar shaklda bo‘lishi kerak. Ko‘pmolekulyar shaklda bo‘lsa, faqatgina teri teshiklarini yopishga xizmat qilib, siz kutgan natijani bermaydi. Odatda, kremlar qutisida gialuron moddasi qanday shaklda ekanligi ko‘rsatilmaydi. Behuda pul sarflagandan ko‘ra, kosmetolog bilan maslahatlashib, qanday krem tanlashni bilib olishingiz mumkin.
  • Tabiiy ingryediyentlar yaxshi natija beradi. Har doim ham emas. Qutisida “tabiiy”, “tabiiy ekstraktlar mavjud” kabi yozuvlar ayollarni ohanrabodek o‘ziga tortadi. Ammo bu to‘g‘ri emas. Chunki tabiiy ingrediyentlar allergik holatni yuzaga keltiradi, sun’iy komponentlar esa gipoallergik xususiyatga ega emas. Bundan tashqari, sun’iy kosmetik vositalarda tabiiy kosmetikaga qaraganda aktiv moddalar yuqori.

Terini himoyalash uchun...

  • Terini yoshlikdan, ya’ni 20yoshdanoq tashqi muhit ta’sirlaridan himoya qilgan holda parvarishlash lozim. Buning uchun kunduzgi va kechki kremlarni to‘g‘ri tanlashingiz kerak. Tarkibida C, Ye vitamini, selen mavjud bo‘lgan kremlardan foydalanishingiz mumkin.
  • 35 yoshdan boshlab, retinolli kremlardan foydalanishingiz kerak. Retinol — yoshartiruvchi xususiyatga ega bo‘lgan A vitaminidan olinadi. A vitamini teriga singishi juda qiyin bo‘lgani uchun retinol undan ajratib olinadi.
  • Krem tanlashda teri turini inobatga olishdan tashqari, quyidagi holatlarga ham ahamiyat berishingiz kerak. C vitamini sezuvchan teriga mos bo‘lib, unga o‘z kollagenini ishlab chiqarishda yordam beradi. Qattiq, dag‘al teriga esa tarkibida mevali kislotalar mavjud bo‘lgan kremlar monand. Negaki, ular mayinlashtirish va sog‘lomlashtirish xususiyatiga ega.
  • Har qanday krem tarkibida quyoshdan himoya qiluvchi “SPF” faktor mavjud bo‘lishi kerak. Bu ajinlar paydo bo‘lishining oldini oladi.
  • Vaqti-vaqti bilan kremlarni almashtirib turish lozim. Chunki faqat bir turdagi krem tarkibiga moslashib qolgan terining sezuvchanligi yo‘qola boshlaydi.
  • Krem surtishdan avval yuzingizni yengil massaj qiling. Har qanday krem yuz terisining markaziy qismidan chetiga qarab, aylanma harakat bilan uqalab surtiladi.

Manba: Darakchi.uz