Salomatlik

"Yoshim 26 da. Hali hayz ko‘rmaganman..."

– Ikki yil avval menga bachadon gipoplazmiyasi tashxisi qo‘yildi. Rivojlanmagan bachadon bilan farzand ko‘rish imkoni yo‘q deyishgach, ajrashdik. Shu yoshimgacha hayz ko‘rmaganimni aytganimda esa davolovchi shifokorim avval qattiq koyidi, so‘ng kasallik varaqamga amenoreya patologiyasini kiritib qo‘ydi. Aytishicha, bu bachadon gipoplazmiyasi asoratidan kelib chiqqan holat ekan. Oy ko‘rmayotganimni onamdan yashirgandim. Bilmadim, nega, balkim qo‘rqqandirman yoki qanday aytishni bilolmadimmi... Xolamning qizi, turmushga chiqsa o‘tib ketadi degandek gap ham qilgandi, yo shunga ishondimmi, xullas, sog‘ligimni ham, baxtimni ham boy berdim. Hozir davolanayapman, ammo juda kechikdim. Endi biror natijasi bo‘larmikan...

Ismi sir tutildi.

Hayz sikli ayol organizmi uchun g‘oyat zarur jarayonlardandir. U jinsiy yetilish, homilador bo‘lish kabi muhim hodisalarning asosini tashkil etadi. Ammo ba’zi hollarda oy ko‘rish kechikadi yoki umuman ro‘y bermasligi ham mumkin. Muammo o‘z vaqtida aniqlanmasa, mushtariyimiz murojaatidagi kabi jiddiy oqibatlarning kelib chiqish ehtimoli yo‘q emas. Xo‘sh, bu borada tibbiyot nima deydi? Mavzuni batafsil o‘rganishga harakat qilamiz.

Mutaxassis — Mashkura ZOKIROVA, Toshkent viloyati Zangiota tumani akusherlik kompleksi, homiladorlar patologiyasi bo‘limi boshlig‘i.

Birinchi oy ko‘rish

Bolalikda kuzatilgan kasalliklar, turmush tarzi, ovqatlanish ratsioni, jismoniy chiniqqanlik hamda nasliy omillardan kelib chiqib, qizlarda ilk hayz ko‘rish sikli 12-14 yoshda, kimlardadir 16-17 yoshda kuzatilishi mumkin. Erta boshlangan oy ko‘rish (9-10 yosh) organizmdagi gormonal buzilishlardan darak beradi. 17 yoshdan keyin ham siklning boshlanmasligi esa shifokor ko‘rigi uchun jiddiy asosdir.

Jinsiy yetilish davrining kechikishi tuxumdonlarning yaxshi rivojlanmagani, kuchli stress, asab zo‘riqishi, gormonal buzilishlar, gipofiz ishining nosozligi, qalqonsimon bez kasalliklari hamda turli xil parhezlarga bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Amenoreya qanday tashxis?

Hayz ko‘rishining uch oy va undan ko‘p marotaba ketma-ket kuzatilmasligi amenoreya nomi bilan yuritiladi. O‘n yetti yoshgacha oy ko‘rmaslikka nisbatan ham ushbu tashxis qo‘llanilishi mumkin. Tibbiyotda amenoreyaning me’yor sanalgan ko‘rinishi pubertat davrigacha, homiladorlik va menopauzadan keyingi jarayonga nisbatan aytiladi. Boshqa holatlarda amenoreya jinsiy a’zo kasalliklari hamda gormonlar ishini nazorat qiluvchi bezlar faoliyatidagi buzilishlar asorati bo‘lishi mumkin.

Amenoreya – davolanadigan kasallik. Yagona sharti o‘z vaqtida aniqlash va muolajani tartib bilan bajarishdir.

Chinmi yoki yolg‘on?

Amenoreya birlamchi va ikkilamchi turlarga bo‘linadi. Birlamchisi ayolning hayoti davomida oy ko‘rmaslik bilan kechsa, ikkilamchisi uch oy va undan ko‘proq muddat davomida hayzning kuzatilmasligi bilan izohlanadi. Belgilariga ko‘ra, amenoreyaning yolg‘on va chin turlari ham bor.

Chin amenoreya tuxumdon, bachadon va gipofiz-gipotalamus tizimida davriy rivojlanish jarayonlarining mavjud emasligi bilan xarakterlanadi. Yolg‘on turi esa davriy jarayonlarning dam badam buzilishi bilan ifoda etiladi. Bu ko‘proq jinsiy a’zolar rivojlanishidagi nuqsonlar, bachadon o‘smalari va ayrim xastaliklarda yuz berishi mumkin. Yolg‘on amenoreyaning davosi asosan operativ muolajani talab etadi.

Emizikli ayollarning 75 foizida 5 oydan 2 yilga qadar laktatsiya davri amenoreyasi kuzatiladi. Har bir ayol organizmining individualligidan kelib chiqib, mazkur holat turli muddatlarda kechishi mumkin.

Belgilari

Amenoreyaning asosiy belgisi hayzning kuzatilmasligi bo‘lsa-da, o‘zgarishlardan ogohlik beruvchi boshqa alomatlar ham yo‘q emas. Ular quyidagilardir:

  • ko‘krakdan oqish ajralma kelishi;
  • yuz terisida tuklarning ko‘payishi;
  • tos sohasidagi og‘riq;
  • soch to‘kilishi;
  • tushunarsiz va tez–tez kuzatiladigan bosh og‘riqlari;
  • husnbuzar toshishi.
  • Hayz ko‘rmayotganimning boisi nima bo‘lishi mumkin?
  • Qanday tekshiruvlardan o‘tishim zarur? Tayyorgarlik shartmi?
  • Davolashning qanday usullari bor? Menga nimani tavsiya etasiz? kabi savollarni avvaldan tayyorlab oling. O‘z navbatida shifokor ham sizni so‘roqqa tutadi:
  • Birinchi hayz ko‘rishingiz necha yoshda sodir bo‘lgan?
  • Oxirgi hayz kunini aytolasizmi?
  • Farzand ko‘rganmisiz?
  • Kontratsepsiya vositalaridan foydalanasizmi? (turi, nojo‘ya ta’siri bo‘lganmi, foydalanish davomiyligi);
  • Stress, kuchli asabiylashish kuzatilmaganmi?
  • Vazn ortishi yoki kamayishi bilan muammo bo‘lganmi?
  • Qanday kasalliklar bilan og‘rigansiz?
  • Kun tartibingiz qanday? (jismoniy faollik, uyqu, taomlanish).

Sanab o‘tilganlarning barchasi birvarakayiga uchramaydi. Tashqi alomatlar amenoreyani keltirib chiqargan omilga bog‘liq. Masalan, hayz ko‘rmaslik balog‘at davrida aniqlandi deylik. Bunda ko‘kraklarning me’yorda rivojlanmagani, qo‘ltiq osti va chovda tuklanishning mavjud emasligi (kech boshlangani yoki kamligi), qomat shakli kabilarga diqqat qilinadi.

Ko‘rikka tayyorgarlik

Oy kunlarining kuzatilmasligi yuzasidan ginekolog shifokorga murojaat qiling. Ko‘rikka borishdan avval kichik tayyogarlik jarayoniga diqqat qilsangiz, foydadan xoli bo‘lmaydi. Dastlab, sizni xavotirga solgan, noodatiy tuyulgan barcha simptomlarni yozib chiqing, avval biror kasallik bilan og‘rigan, biror preparat yoki vitamin qabul qilgan bo‘lsangiz, buni ham qayd eting. Yaqin qarindoshlar orasida hayz kechikishi bilan bog‘liq holat bor yo‘qligini surishtiring. Mutaxassis huzurida:

Tashxislash usullari

Ko‘rik vaqti shifokor jinsiy a’zolarning ginekologik hamda ultratovush tekshiruvini o‘tkazadi. So‘ng ko‘kraklar shakli ko‘zdan kechiriladi. Bu jinsiy yetilishning qay holatda kechgani va mavjud kasalliklarni aniqlashga yordam beradi.

Organizmda gormonal o‘zgarishlar bor-yo‘qligini aniqlash maqsadida qalqonsimon bez tekshiruvi (qondagi tireotrop gormoni miqdori), tuxumdonlar faoliyati (follikula stimullovchi gormon), proklatin va erkaklik gormonlari tahlili o‘tkaziladi. Bundan tashqari kompyuter tomografiyasi hamda magnit rezonans tomografiya tekshiruvlari ham o‘tkazilishi mumkin.

Jinsiy hayot tarziga ega ayollarda qo‘shimcha ravishda gisteroskopiya tekshiruvi ham bajarilishi mumkin. Bunda qin orqali bachadon bo‘yniga maxsus diagnostika apparati kiritilib, bachadon bo‘shlig‘i baholanadi.

Muolaja qanday bo‘ladi?

Ayrim hollarda dori vositalari va gormonlar tayinlanadi. Bordiyu amenoreyaning sababi qalqonsimon bez yoki gipofizdagi o‘zgarishlar bilan bog‘liq bo‘lsa, ma’lum turdagi preparatlar guruhi tavsiya etiladi. Jinsiy a’zolarda o‘sma yoki hayz ajralmasining tashqariga chiqishiga to‘sqinlik qiluvchi nuqsonlar aniqlanganida operativ davo choralariga murojaat qilinadi.

Jinsiy hayot tarziga ta’sir qiladimi?

Umuman olganda, yo‘q! Chunki hayzning kechikishi yoki kuzatilmasligi nozik munosabatlarda u qadar ahamiyatli emas. Ammo ayolning umumiy holati, kayfiyati va hissiyotlarida aks etishi mumkin. Eng asosiysi o‘zgarishlar sog‘ligiga xavf soladi. Ayniqsa, farzand ko‘rishni rejalashtirayotganlar uchun amenoreya tashxisi jiddiy muammolarga sabab bo‘lishi mumkin.

Bilib qo‘ygan yaxshi

Qizalog‘ingiz endigina balog‘at ostonasiga qadam qo‘yayotgan ekan uning tashqi ko‘rinishi, organizmidagi o‘zgarishlarga sergak bo‘ling. Hayz ko‘rish, u qanday bo‘ladi, kechishi, ahamiyati haqida tushuntiring. Oy kunlari boshlanganda tartibi bilan qiziqib boring. Alohida daftar tutib, har oydagi sanasini yozib borishni o‘rgatsangiz, keyinchalik asqotishi mumkin.

Oilali ayollar esa hayzning to‘xtab qolishiga befarq qaramasinlar. Agar homilador va emizikli bo‘lmasangiz, ehtiyotingizni qiling. Mehnat qilish, dam olish, uyqu va ovqatlanish tartibiga loqayd qaramang. Gohida o‘z vaqtida taomlanmaslik va turli parhezlarga mukkasidan ketish ham reproduktiv salomatlikka daxl qilishi mumkin. Stressdan himoyalaning, yaxshisi undan uzoqroq yuring. Asabiylikni yengish uchun yoga, nafas gimnastika bilan shug‘ullaning. 35 yoshdan oshgan bo‘lsangiz bilib–bilmay dori preparatlari, vitaminlar qabul qilmang, har qanday holatda shifokor bilan maslahatlashing.

Manba: Darakchi.uz