Madaniyat

Yozda oyoq va tirnoqlarda uchraydigan muammolardan xalos bo‘lamiz!

Yoz kunlari oyoqlarimiz tor va issiq tuflilardan chiqib, erkin, ochiq yozgi poyafzalda yayraydi. Tirnoqlarni chiroyli pedikyur qilib, bejirim «bosonojka»larni kiyib yurish qanday go‘zal?! Ammo aksiga olib, aynan yoz kunlari oyoqlar bilan bog‘liq muammolar ko‘payadi. Ammo yaxshi parvarish va e’tibor tufayli quyidagi muammolardan xalos bo‘lishingiz mumkin.

Suvli qadoqlar

Yangi poyafzalda kun bo‘yi yurganda oyoqlarda suvli qadoqlar paydo bo‘lishi kuzatiladi. Ertasiga umuman oyoq kiyim kiya olmay qolasiz, chunki qadoq yorilib, qattiq achishadi. Buning sababi, yozda oyoqlar issiq tufayli biroz to‘lalashadi, ustiga ustak poyafzalni kolgotki-chulkilarsiz kiyamiz. Natijada, oyoqlarimiz poyafzal charmiga qattiq ishqalanadi va qadoq hosil bo‘ladi.

Yechim bor: doim sumkangizda tibbiyot plastirini olib yuring, qadoq paydo bo‘lsa, darrov o‘sha joyga yopishtirib oling. Yangi poyafzal olganda avval uyda kiyib yurib ko‘ring, shunda uning oyoqni urayotgan joylarini aniqlab olasiz va ko‘chaga chiqayotganda o‘sha joylarga plastir yopishtirib qo‘yasiz. Demak, qadoq hosil bo‘lishining oldi olinadi.

Agar muammoni keskin usulda bartaraf etmoqchi, ya’ni qadoqni yorib tashlamoqchi bo‘lsangiz, juda ehtiyot bo‘ling. Teridagi pufakni yorgach, hech nima bilan himoyalanmagan ochiq yarani hosil qilasiz. U yerga infeksiya tushishi va infeksiyalar nam sharoitda bir zumda ko‘payib, muammolar keltirib chiqarishi mumkin.

Teriga o‘sib kirgan tirnoq

Oyoqlarga doim bosim tushib turadi, shu sababli ba’zida oyoq tirnoqlarining teri ichiga qarab o‘sishi kuzatiladi. Oyoq tirnog‘i noto‘g‘ri olingan yoki tirnoqning teri bilan chegaradosh yeri shikastlanganda shu hol ro‘y beradi. Ayrim odamlarda oyoq barmog‘ining tug‘ma o‘ziga xosligi tufayli shunday bo‘lishi mumkin. Ustiga ustak, juda tor poyafzal kiyilsa, tirnoq yallig‘lanib ketishi turgan gap.

Tirnoqlarnign teri ichiga o‘sishi oldini olish uchun ularni to‘g‘ri olishni o‘rganing. Oyoq tirnoqlari oval bo‘ylab emas, to‘g‘ri chiziq bo‘ylab tekis olinadi. Ya’ni tirnoqning burchaklari olinmaydi. Agar tirnoq teriga o‘sib kirib bo‘lgan va uni o‘zingiz mustaqil ololmayotgan bo‘lsangiz, pedikyur mutaxassisiga boring. Bordiyu yallig‘lanish boshlanganini sezsangiz, kechiktirmay jarrohga murojaat qiling.

To‘lqinsimon (notekis) tirnoqlar

Oyoq tirnoqlari yuzasi to‘lqinsimon bo‘lib qolsa, bu sog‘likdagi suammolardan dalolat beradi. Plyajlarda, cho‘milish havzalarida, u yerdagi dush xonalarida yalangoyoq yurish mumkin emas. Aks holda yuqtirilgan zamburug‘lar shunday oqibatni keltirib chiqaradi. Dam olishga ketayotganda o‘zingiz bilan zamburug‘larga qarshi vosita olib keting (hech bo‘lmasa, yaxshi natija beradigan shunday vositalar nomini bilib oling). Agar tirnoqlaringiz to‘lqinsimon o‘sib ketaversa, shifokorga murojaat qiling.

Tirnoqlar sarg‘ayishi

Sarg‘aygan tirnoqlar xunuk, yoqimsiz ko‘rinadi. Bu ketma-ket turli rangdagi laklardan foydalanish oqibatidir. Shuningdek, organizmida oqsil tanqis insonlarning ham tirnoqlari sarg‘ayadi.

Xafa bo‘lmang, buning davosi bor. Dorixonalarda tirnoqlarni oqartiruvchi vositalar sotiladi. Uy sharoitida esa tirnoqlarga limonni ishqalash orqali ularni oqartirish mumkin. Shuningdek, limon sharbati qo‘shilgan suvga oyoqlarni solib o‘tirish ham foyda beradi. Baliq, go‘sht, pishloq, tuxum, non va jigardan ko‘proq iste’mol qilib organizmdagi oqsil taqchilligini bartaraf etsa bo‘ladi. Ammo tirnog‘ingiz tabiatan shunday sarg‘imtil bo‘lsa, hech nima qilmang, baribir foydasi yo‘q. Tirnoqlarni oqartira olmaysiz, faqat qo‘shimcha muammolar orttirib olishingiz mumkin.

Yorilgan tovonlar

Ko‘pincha yozda suvga ko‘p tekkani va yaxshilab quritib artilmagani tufayli oyoqlar quruqshab, tovonlar yoriladi. Buning oldini olish uchun, avvalo, dushdan chiqqandan keyin oyoqlarni quriguncha yaxshilab artishni odat qilish kerak. Dengizda yoki xlorlangan basseynda cho‘milgach oyoqlarni kran suvida yuvish lozim. Go‘zallik salonlarida quruqshab, qattiqlashgan tovon terisini g‘adir-budir narsa bilan ishqalash, ya’ni piling usuli qo‘llanadi. Buni uy sharoitida ham qilsa bo‘ladi. Ya’ni oyoqlarni osh sodasi solingan suvda ivitib, teri yumshagach maxsus g‘adir-budir yuzali uskuna (pilka) yoki ko‘piktosh (pemza) bilan ishqalash kerak. Keyin oyoqlar quritib artiladi, yumshatuvchi krem surtiladi va paypoq kiyib olinadi. Muolajani kechki uyquga yotishdan oldin amalga oshirgan ma’qul.

Salonlarda «suyuq piska» degan piling usuli qo‘llanmoqda. Ya’ni maxsus yumshatuvchi va teri qavatini ko‘chiruvchi moddaga oyoqlar solib o‘tiriladi, keyin dag‘al narsa bilan tovonlar ishqalanadi. Bu muolajani o‘z ishining ustalariga ishonib topshirmasangiz, terini zararlash xavfi mavjud.

Manba: Darakchi.uz