1 apreldan aholi uchun tabiiy gaz narxi 10 foizga, elektr energiyasi esa 12 foizga oshishi kutilmoqda. Bu haqda payshanba kuni bo‘lib o‘tgan Xalqaro press-klub yig‘ilishida O‘zbekiston iqtisodiyot vazirining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu 2018 yilgi davlat byudjetida ko‘zda tutilgan bo‘lib, inflyasiya ko‘rsatkichlariga mos keladi. Shu bilan birga, iqtisodiyot vazirining birinchi o‘rinbosari yil davomida oylik va nafaqalar ham adolatli ravishda oshirilishini qo‘shimcha qildi.
Dekabrda Mubin Mirzayev 2018 yilda O‘zbekistonda oylik ish haqining o‘sishi inflyasiya darajasidan past bo‘lmasligini ma’lum qilgan edi.
Gaz va elektr energiyasi tariflari oxirgi marta 2017 yilning iyulida oshirilgan.