Milliy matbuot markazida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan sohada belgilangan vazifalar ijrosiga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o‘rinbosari E. Muhiddinov har yili mamlakatda yarim million yosh mehnat bozoriga kirib kelishi, ularni ish bilan ta’minlash eng muhim masalalardan biri ekanligini ta’kidladi.
Aholi bandligini ta’minlash yo‘nalishida 2017 yilda hududiy bandlikka ko‘maklashish markazlari tomonidan 229,9 ming nafar fuqaro ishga joylashtirilib, 27,1 ming kishi jamoat ishlariga jalb etildi. Ish qidirayotgan fuqarolar uchun qulayliklar yaratish maqsadida bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkalari tashkil etildi. Yarmarkalar natijasiga ko‘ra, 52,2 ming nafar shaxs ishga yo‘llanma oldi va 133 mingdan ortiq faol ish qidirayotganlarga mehnat, bandlik va huquqiy masalalar bo‘yicha maslahat berildi.
Kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari ishga joylashganligi monitoringini yuritish bo‘yicha maxsus tashkil etilgan axborot tizimi ma’lumotlariga ko‘ra, 2016/2017-o‘quv yili bitiruvchilarining 73,4 foizining bandligi ta’minlandi.
Matbuot anjumanida vazirlik tomonidan joriy yilda amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyiha va dasturlar haqida ma’lumot berildi. Xususan, 2018 yilda og‘ir turmush sharoitida yashayotgan ayollar, ayniqsa, yosh xotin-qizlar bandligini ta’minlash bo‘yicha ishlab chiqilgan dasturga muvofiq 9936 nafar xotin-qiz bandligini ta’minlash choralari ko‘rilmoqda. Vazirlik huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasiga 2017 yil uchun 84 milliard so‘m ajratilgan bo‘lsa, joriy yilda ushbu yo‘nalishda ishlarni yanada rivojlantirish maqsadida 714 milliard so‘m ajratildi.
Prezidentning 2018 yilda aholi bandligiga ko‘maklashish davlat dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qaroriga ko‘ra joriy yilda respublika hududlarida 346,7 mingdan ortiq ish o‘rinlari tuman, shaharlar kesimida tashkil etilishi belgilab berildi. Haq to‘lanadigan jamoat ishlari, vaqtinchalik va bir martalik ishlar, kasb-hunarga qayta tayyorlash va Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi orqali tashkillashtirilgan tarzda chet elda ishga joylashtirish hisobiga 295,9 mingdan ko‘proq fuqaroni bandligini ta’minlash nazarda tutilgan.
Anjumanda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan amalga oshirilgan ishlar haqida ham to‘xtalib o‘tildi. Agentlik tomonidan o‘tgan yilda 2613 nafar fuqaro Janubiy Koreyaga yuborildi, 2710 nafar nomzod esa koreys tilidan test sinovidan o‘tgan. Ular nomiga ish beruvchi tomonidan mehnat shartnomasi yo‘llangan.
Shuningdek, Rossiyaning 24 ta korxona va tashkiloti bilan tuzilgan shartnomalarga asosan tanlovlardan o‘tgan 922 nafar fuqaro mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun ushbu davlatga yuborildi. 17 nafar o‘zbekistonlik esa Yaponiyada tashkillashtirilgan tartibda mehnat faoliyatini amalga oshirmoqda.