Prezident Shavkat Mirziyoyevning “2016 — 2020 yillarda O‘zbekistonda onalik va bolalikni muhofaza qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi va “O‘zbekiston Respublikasi aholisiga 2017 — 2021 yillarda ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatishni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari ayollar, ona va bola salomatligi muhofazasi yo‘lida olib borilayotgan islohotlarni yangi bosqichga olib chiqishda muhim huquqiy asos bo‘lmoqda, deb yozadi Kun.uz.
Millat genofondini yaxshilash, salomatlik ko‘rsatkichlarini ijobiy tomonga o‘zgartirish ona va bola salomatligi muhofazasi reproduktiv salomatlikni mustahkamlashdan boshlanadi. Ayniqsa, bunda o‘smir qizlar salomatligi katta ahamiyatga ega.
Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmatining xabar berishicha, shu maqsadda, 2018 yildan mamlakatda dunyoda birinchilardan bo‘lib, o‘smir qizlarni odam papilloma virusiga qarshi emlash bilan to‘liq qamrab olish yo‘lga qo‘yiladi. Bu ayollar o‘rtasida onkologik kasalliklarning oldini olish, reproduktiv salomatlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Ma’lumot uchun, papilolloma virusli kasallik bo‘lib, uning 100 dan ortiq turi mavjud. Ayrim ko‘rinishlari esa onkologik xastaliklarni keltirib chiqaradi. Jumladan, ayollardagi bachadon bo‘yni saratoni rivojlanishida papilloma virusi yetakchilik qiladi.
Ushbu xastalikdan himoyalanishning eng samarali usuli — papilloma virusiga qarshi emlashdir. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti emlash tadbirini 9-13 yoshli qizlar o‘rtasida o‘tkazishni tavsiya etadi.
Eslatib o‘tamiz, milliy emlash kalendari bo‘yicha mamlakatda bolalar 12 ta boshqariladigan infeksiyaga qarshi davlat hisobidan profilaktik emlanadi. 2017 yilda yuqumli kasalliklarga qarshi emlash uchun sarflanadigan mablag‘lar to‘liq davlat byudjeti hisobidan qoplandi. Ushbu tadbir uchun joriy yilning o‘zida 42,3 milliard so‘m mablag‘ ajratildi va emlash qamrovi 99,5 foizga yetkazildi.