Bilasizmi?

30 yoshda ortiqcha vaznga ega bo‘lgan kishilarni qanday kelajak kutmoqda?

30 yoshlik davringizda yosh va sog‘lomsiz, ortiqcha vazn faqat estetik qoniqmaslik va kiyim-kechak xaridida ba’zi qiyinchiliklarni tug‘diradi. 10 yildan keyin sizni nima kutayotgani haqida o‘ylamaysiz. Soatlab divanda yotib, televizor ko‘rasiz yoki kompyuter qarshisida o‘tirasiz va o‘zingizni har qanday zavq-shavqdan cheklagingiz kelmaydi.

Olimlarning ortiqcha vazn qandaydir kasalliklar rivoji xavfini oshirishi haqidagi statistikasiga esa jiddiy e’tibor bermaysiz. Sizning nazdingizda bu boshqa bir odamlarning tarixi, siz esa barchasini nazoratda ushlaysiz! Bu orada esa yil sayin va har bir ortiqcha kilogramm bilan bu kasalliklar rivoji xavfi oshib boraveradi.

Ehtimol, kelajakka bir nazar tashlab ko‘rish kerakdir? Shunday qilib, agar siz 30 yoshli (5 yosh katta yoki kichik) "baqaloq" bo‘lsangiz, u holda...

35 YoSh

Plyus 5 kg. Siz gamburgerlar va Coca-Cola bilan oziqlanishda davom etaverasiz. Nima uchun vaqti-vaqti bilan boshingiz og‘riy boshlagani, oz masofani bosib o‘tishda ham ko‘z oldingiz qorong‘ulashayotgani yoki boshingiz aylanayotgani, ba’zan o‘zingizni behol his qilishingiz, hayajonlanganda yuzingiz qizarib, qizib ketishingizga mutlaqo e’tibor bermaysiz. Qon bosimingizni o‘lchaganingizda esa  140/80 va ehtimol undan yuqori ko‘rsatkichga ko‘zingiz tushadi (bu yoshda esa me’yor - 120/80).

Siz shifokorga borasiz va u sizga qon bosimini tushiradigan dori vositasini yozib beradi. Shu bilan birga, u ortiqcha vazndan xalos bo‘lishni va jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanishni tavsiya qiladi. Dorilarni muntazam emas, asosan o‘zingizni yomon his qila boshlaganingizda qabul qilasiz. "Jismoniy mashqlaringiz" esa yaqin oradagi do‘konga chiqib kelish bilan cheklanishda davom etadi.

40 YoSh

Yana plyus 10 kg. Chidab bo‘lmas bosh og‘riq tufayli birinchi tez yordam chaqirig‘i. Birinchi gipertonik inqiroz — bu 180 mm'dan yuqori tonometr ko‘rsatkichi. Sizni mahalliy shifoxonaning qabulxonasiga olib kirib, qon bosimini pasaytiruvchi ukol qilishadi, bir necha soat nazoratda ushlab, keyin shifoxonaga yotishdan voz kechishga doir xat yozdirib, uyga jo‘natishadi.

Uyda qimirlashga holingiz kelmay, uch kun yotasiz. O‘zingizga tonometr sotib olasiz va tez-tez qon bosimingizni o‘lchay boshlaysiz. Endi qon bosimingiz kamdan-kam holatlarda 140/90 ko‘rsatkichidan pastlaydi. Dorilarni har kuni ichishga o‘tasiz. Qonda xolesterin va qand miqdorining oshishi aniqlanadi. Shifokor sizning olma shaklidagi qomatingizni (ayniqsa qorin va son sohasida ortiqcha yog‘larning to‘planishi) ko‘rib, yurak-qon tomir kasalliklari, ateroskleroz, yurak xuruji, insult va boshqa kasalliklarning yuqori xavfidan ogohlantiradi. Parhez belgilanadi, unga taxminan ilk ikki hafta rioya qilinadi. Keyin siz o‘zingizni yaxshi his qila boshlaysiz, takroriy inqiroz qo‘rquvi o‘tadi, siz o‘zingizga kelib, avvalgidek yashashda davom etasiz. Siz — o‘zingizni ishontirishga ustasiz, biroq hayot tarzini o‘zgartirishga emas. Biroq biroz vaqt o‘tgach zinadan yuqoriga ko‘tarilishingiz tobora qiyinlashib borayotganini sezasiz. Tizzalaringiz og‘riydi, uchinchi qavatga chiqqaningizda nafasingiz qisib, yuragingiz tez ura boshlaydi. Internetda artroz, osteoxondroz va ishemik yurak kasalligi haqidagi ma’lumotlarni o‘qiysiz.

Nimadir qilish, chora ko‘rish kerakligi haqidagi fikrga kela boshlaysiz.

50 YoSh

Yana plyus 10 kg. Qon bosimi tobora yuqorilab, dorilar ro‘yxati esa oshib boradi. Qon bosimini normal ko‘rsatkichda saqlash uchun kuniga 5-8 tadan turli preparatlarni qabul qilishga to‘g‘ri keladi. Yurakka og‘irlik tushirmay piyoda sayr qilishlar kamayadi. Tizzalar og‘riydi, qo‘llar yordamisiz kreslodan tura olmaysiz, ertalablari esa tana va tizzadagi og‘riqlar kuchaymasligi va bosh birdan aylanmasligi uchun karavotdan turishingiz qiyinlashadi. Qondagi qand miqdori yuqori darajada qoladi va sizga ikkinchi turdagi qandli diabet tashxisi qo‘yiladi.

Shifokor ortiqcha vazndan xalos bo‘lishni qat’iy tavsiya qiladi va taqiqlangan oziq-ovqat mahsulotlari ro‘yxatini beradi. Biz yaxshi ko‘rgan shirinliklar, pishiriqlar, yog‘li va qovurilgan taomlar, gazlangan ichimliklar kabilar endi taqiq ostida. Xolesterin miqdorini pasaytiruvchi preparatlar tayinlanadi. Tobora ko‘proq shifokorga navbat kutayotganingizni ko‘rish mumkin bo‘ladi, tez yordam dispetcheri esa ovozingizdan taniy boshlaydi. Parhezga rioya qila boshlaysiz, to‘yib ovqatlanmaslikdan aziyat chekasiz, lekin vazn tashlash tobora qiyinlashib boraveradi.

Siz murojaat qilgan fitnes-klub shifokori shikoyatlaringizni tinglab va tashxislaringizni ko‘zdan kechirib, yaqin oradagi poliklinikaning salomatlik guruhi mashqlariga qatnashni tavsiya qiladi. Ortoped uchinchi darajali artrozga yo‘liqqan tizza bo‘g‘inlarini protezlarga almashtirishni taklif qiladi. Nevrolog muntazam ravishda olinishi kerak bo‘lgan kapelnitsalarni hamda yangi shikoyatlar va bosh miya tomirlaridagi xolesterinlar sabab yana 2-3 xil preparatlarni belgilaydi. Kiyim almashtirish, noski kiyish, yog‘ qatlamlari yig‘ilgan sohaga ishlov berish uchun yaqinlar yordamiga murojaat qilishga to‘g‘ri keladi (chunki qorin xalaqit beradi).

Tabiiyki, ayol uchun poshnali poyabzal unutilganiga ancha bo‘lgan va borgan sari hatto uncha uzoq bo‘lmagan joylarni sayr qilish uchun ham hassani olishga to‘g‘ri keladi.

60 YoSh

Miokard infarkti. Xolesterin miqdorining oshishi tufayli yurakni to‘yintiruvchi qon tomirlardan biri to‘silib qoladi. Ko‘krak qafasidagi chidab bo‘lmas og‘riq, tez yordam mashinasi, jonlantirish bo‘limi yoki operatsiya stoli. Uzoq davolanish muolajalari, nogironlik. Sayr asosan faqat poliklinikaga. Davomli bosh og‘riqlari, nafas qisishi, bosh aylanishi, tovondagi og‘riqlar va qizish, qandli diabet sabab yaralarning paydo bo‘lishi. Tabletkalar ovqatgacha, ovqatdan keyin va ovqat o‘rniga qabul qilinadi.

Shifokor tashxis qo‘yadi: obstruktiv apnoe. Ba’zan nafas olmaslik vaqti tuniga bir necha soatni tashkil qilishi mumkin! Tez-tez uyg‘onib ketish, kislorod yetishmasligi, kunduz kuni uyqu kelishi, xotira va diqqatning yomonlashuvi - bularning bari pikviks sindromi bo‘lgan kishining kundalik realligiga aylanadi. Qarshi ko‘rsatmalar sabab bo‘g‘in almashtirishga doir rejali operatsiya bekor qilinadi. Sizga tizzaga maxsus preparatlarni yo‘llashni taklif qilishadi. Og‘riq o‘tadi, lekin bu uzoqqa cho‘zilmaydi. Yarim yildan keyin yana muolajani takrorlashga to‘g‘ri keladi. Ko‘p martalab shifoxonada yotish, mahalliy shifokorni chaqirtirish haqida-ku gapirmasa ham bo‘ladi.

70 YoSh

Bu yerda 30 yoshli yigit yo qizning kelajagi ko‘rilmaydi ham. U hoynahoy yo‘q.

Siz yo‘qsiz. O‘rtacha o‘lim yoshidan bir necha o‘n yilga farq qiluvchi zamonaviy dunyoda yo‘qsiz...

Bu eng dahshatli ssenariy emas - barchasi bundan-da qo‘rqinchli va tezroq yakun topishi mumkin. Hozirgi reallik bilan aloqasi uzilgan oziq-ovqat sanoati, kamharakat hayot tarzi va jismoniy xatti-harakatlarning yo‘qligi yuqorida qayd etilgan finalni ikki karra, ba’zan esa hatto uch karra qisqartirishi mumkin.

Manba: Kun.uz