Maqolada turli foydali xususiyatlarga ega 5 ta bo‘tqani keltirib o‘tamiz.
Grechka bo‘tqasi — yoshlikni saqlaydi
Grechka hamma a’zolar va ularning tizimi faoliyatini boshqarib turadigan foydali aminokislotalarga juda boy. Tarkibidagi A va E vitaminlar hisobiga antioksidant ta’sir ko‘rsatadi, immun tizimi faoliyatini yaxshilaydi, qarish jarayonini sekinlashtiradi. Bundan tashqari, bu bo‘tqa terining tarangligini oshiradi, ko‘rish qobiliyatini yaxshilaydi.
Guruchli bo‘tqa — nafaqat me’da uchun, balki miya uchun ham ozuqa
Guruch tarkibi organizmga ijobiy ta’sir ko‘rsatuvchi foydali moddalar to‘plamidan tashkil topgan. Tiamin bosh miya hujayralari ishini yaxshilaydi. Piridoksin asab tizimining aniq faoliyat ko‘rsatishini ta’minlaydi. Riboflavin esa qon ishlab chiqarilish jarayonini faollashtiradi.
Tariq bo‘tqasi — qomat va yurak uchun
Tariq tarkibida yurak mushaklari ishini bir maromda saqlashda kerak bo‘ladigan foydali minerallar — kaliy va magniy mavjud. Bundan tashqari, uning tarkibida yog‘lar to‘planishining oldini oluvchi moddalar ham bor. Shuning uchun tariq bo‘tqasi ortiqcha vaznga qarshi kurashuvchi va qomatni xushbichim tutuvchi parhez taom sifatida tavsiya qilinadi.
Arpa bo‘tqasi — eng yaxshi uyqu dori
Arpa yormalar ichida tarkibi melatoninga boyligi jihatidan birinchi o‘rinda turadi. Bu gormonni odam organizmi tungi uyqu vaqtida ishlab chiqaradi. Uning yetishmasligi uyqusizlikni va xavotirlik holatini keltirib chiqaradi. Chaqaloqdek tinch uxlashni xohlasangiz, kechki ovqat uchun arpa bo‘tqasini tanlang.
Suli bo‘tqasi — me’da-ichak yo‘li faoliyati va mukammal ko‘rinish uchun
Suli tarkibida organizmga ovqatlar bilan tushadigan zararli moddalarni olish va ichaklarda, me’da ichkari qavatida himoyalovchi qatlam hosil qilish xususiyatiga ega bo‘lgan foydali kletchatkalar mavjud. Bunday bo‘tqa eng yaxshi nonushta hisoblanadi va teri holatini yaxshilashga, tirnoq va sochlarni mustahkamlashga yordam beradi.
Manba: Daryo.uz