Bilasizmi?

Abdulla Aripov: O‘qituvchi va shifokorlar, 18 yoshga to‘lmagan shaxslar paxta terimiga majburan jalb etilmaydi

5 sentyabr kuni O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov raisligida paxta xom ashyosini yig‘ib-terib olish masalasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Bu haqda «Daryo» nashri xabar bermoqda.

Joriy yil 4 iyul kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan selektor majlisida paxtachilikda bozor munosabatlarini keng joriy etish, yetishtirilayotgan mahsulot hajmini barqaror o‘sishini ta’minlash bilan bir qatorda, fermer xo‘jaliklarining rentabelligini oshirilishiga e’tibor qaratgan holda, bu yil mutlaqo yangicha yondoshuv asosida paxta yig‘im-terimini tashkil etish tizimini ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq bergan edi.

Topshiriqqa asosan bosh vazir o‘rinbosarlari Zoyir Mirzayev, Jamshid Qo‘chqorov, Aziz Abduhakimov, Nodir Otajonov, Tanzila Norboyeva hamda manfaatdor vazirlik va idoralar tomonidan paxta yig‘im terimi tizimi ishlab chiqildi va ikki marta Vazirlar Mahkamasida taqdimot o‘tkazildi.

Bu masala bo‘yicha qaror loyihasi tayyorlanib, davlat rahbariga axborot berildi va joriy yil 30 avgust kuni Vazirlar Mahkamasining «2018 yil hosili paxta xom ashyosini yig‘ib-terib olish ishlarini uyushqoqlik bilan tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 703-sonli qarori qabul qilindi.

Mazkur qaror bilan paxta hosilini yig‘ib-terib olishni uyushqoqlik bilan tashkil etish va terimchilarni rag‘batlantirishning aniq mezonlari belgilab berildi.

«Bu yil dehqonlarimizni tabiat og‘ir sinovdan o‘tkazdi. Suv ta’minotida ko‘plab muammolar kuzatildi. Shunga qaramay dehqonlarimiz fidokorona mehnatlari, tajribalari bilan mo‘l hosil yetishtirdi. Biz qo‘shni mamlakatlar rahbariyati bilan suhbatlashganimizda ular ham joriy yilda dehqonchilikda suv muammo bo‘lganini ta’kidlashdi.

Hozirda bizning oldimizda paxta hosilini nes-nobud qilmay yig‘ishtirib olish masalasi turibdi. Ushbu mavsumda hech qaysi hududda maktab o‘qituvchi va o‘quvchilari, boshqa ta’lim dargohlari talabalari, tibbiy muassasalar xodimlari, 18 yoshga to‘lmagan shaxslar paxta terimiga majburan jalb etilmaydi. Ayrim hokimlarning kashandalarning xumori tutganday o‘qituvchi va shifokorlarni paxtaga chiqarishga xumori tutadi. Biz ularga qarshi keskin choralar ko‘ramiz. Ushbu masalada ommaviy axborot vositalari xodimlari bizga ko‘mak berishlariga umid qilamiz.

Biz qo‘shni davlatlarda paxta yig‘im-terimi jarayoni qanday yo‘lga qo‘yilganini o‘rgandik. U yerda hech kim paxta terimiga majburan jalb etilmaydi. Hamma o‘z ixtiyori bilan paxta terishga chiqadi. Bu yerda iqtisodiy manfaatdorlik yotibdi. Yillar davomida o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari qo‘shni davlatlarga borib paxta tergan. Buning sababi nima? Chunki ularga munosib haq to‘langan. Biz terimchilarga iqtisodiy manfaatga asoslangan sharoit yaratib berishimiz kerak. Endi banklar paxta dalasining o‘zida terimchilarga xohlasa kunlik. Xohlasa besh kunda bir pul to‘laydi. Banklarda hozir naqd pul muammosi yo‘q», — deydi Bosh vazir.