Tadqiqotlarga ko‘ra, ajrim insonga jiddiy ruhiy zarba beradi. Uni boshdan kechirganlar bu fikrga qo‘shilsa kerak. Ajrim ostonasida turgan oilada farzand bo‘lsa, bu mas’uliyat ikki barobar ortadi.
Yangi turmush ostonasida turgan ikki yosh hech qachon kun kelib ajrashib ketishni xayoliga keltirmaydi. Ammo hayotda kutilmagan voqeliklar ham uchrab turadi. Chilparchin bo‘lgan orzularning bo‘laklari qalbga sanchilib, og‘riq beradi. Bu og‘riqni bosish uchun qarshi tomonga kattaroq zarbalar hozirlanadi. Shirin onlar unutilib, birga o‘tkazilgan damlar fojia, qarshidagi inson nokas bo‘lib ko‘rinadi. Shundoq ham oila atalmish dunyosi parokanda bo‘lgan bola esa ikki yaqin insoni orasida qolib ketadi. Afsuski, ba’zida juftliklar o‘z dilbandlarini aro yo‘lda qoldirayotganlarini sezishmaydi ham. Chunki ular o‘zaro munosabatlariga «aniqlik» kiritish bilan band.
Afandi farzandining qo‘liga ko‘za tutqazar ekan, uning yuziga bir shapaloq tushiribdi. «Nega urasiz?» deb hayron bo‘lgan o‘g‘liga, «ko‘zani sindirganingdan keyin urishimning nima foydasi bor», deb javob bergan ekan. Oila ham mana shu latifada aytilgan ko‘zaga o‘xshaydi. Ko‘zani ku sindirib bo‘ldingiz, endi siniqlari bilan bir biringizni jarohatlashning biror nafi bo‘larmikin... Zarari bo‘lishi esa tabiiy.
«Onamdan qo‘rqib, otamni qo‘msab…»
«Ota onam bolaligimda ajrashib ketishgan. U paytda juda yosh bo‘lganim uchun nima sababdan ajrashganlarini bilmayman. Biroq umrim davomida otam haqida bilmaganim — men uchun armon. Aqlimni taniy boshlagach, onamdan dadam haqida so‘raganimda eshitgan dakkilarimni hali hamon unuta olmayman. Keyinchalik o‘zim otamni izlab topib, bir ikki uchrashdim ham, ammo buni onam bilib qolib...
Shundan so‘ng otamni ko‘cha-ko‘yda ko‘rib qolsam ham o‘zimni olib qochadigan bo‘lganman. Ammo doim ich-ichimdan u kishi bilan o‘tirib gaplashgim, holidan xabar olgim kelardi. Xullas, bir tomondan onamdan qo‘rqib, boshqa tomondan otamni qo‘msab o‘sdim. O‘zim ham ota bo‘lgach, shijoatimni yig‘ib, otamni izlab bordim. Ammo kechikkan ekanman… Otam olamdan ko‘z yumgan. Endi bir umr yuragimdagi armon bilan yashasam kerak. Onam nima uchun dadamning o‘chini mendan olganini hech tushuna olmayman. Biror ishim onamga yoqmasa ham «o‘shaning bolasisan-da, qayoqqayam borarding?!» deb yuzimga solardi. Axir nima bo‘lganda ham o‘sha inson mening dadam bo‘lib qolaverishi kerak emasmi?»
Farruh
1-xato. Ajrim yoqasida turganlarning eng katta xatosi — uni urush maydoniga aylantirish. To‘g‘ri, alamli hissiyotlarni jilovlash oson emas. Hali to‘la yonib bitmagan sevgi va nafrat bir biri bilan qorishib ketadi. Ayblov va muammolar borib borib katta janjalga aylanadi. Bu holat nafaqat bolaga, balki kattalarning ruhiy kayfiyati va salomatligiga ham ta’sir ko‘rsatadi.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, ajrashganlar oilali insonlarga qaraganda ikki baravar ko‘proq betoblanar ekan.
Hayotda nimaiki yuz bermasin, barining zamirida hikmat borligini yodga oling. Oynani qanchalik maydalab sindirsangiz, bu bo‘lakchalarni terish uchun shuncha ko‘p vaqt talab qilinadi. Ajrim — hayot tugadi degani emas. Ba’zida insonlar bir biri bilan kelisha olmaydi. Xatolarni esa saboq sifatida qabul qilishni o‘rganish kerak. Bor e’tiboringizni hayotingizni farzandlaringiz baxti uchun yo‘lga qo‘yishga, o‘zingizni qo‘lga olishga qarating. Bu vaqt va kuchni bema’ni janjallarga sarflashdan ko‘ra foydali. Shundagina farzandlaringiz kelajagini ham xavfga qo‘ymaysiz.
2-xato: dardini barchaga dasturxon qilish. Qo‘shni xolaning taskin beruvchi so‘zlariga muhtojlik sezishingiz mumkin, ammo o‘zingizga savol berib ko‘ring-chi, bu sizning holatingizda yordam beradimi? Muammodan ko‘pchilikning xabardor bo‘lishi uning yana-da chigallashishiga olib keladi. Xoh qarindosh bo‘lsin, xoh yaqin qo‘shni har bir «jon kuydiruvchi» albatta sizga ikki og‘iz «nasihat» qilishni o‘z vazifasi deb biladi. Ajrim holatida ayniqsa, er-xotinning qaynota-qaynonasi muammoning chuqur ildiz otishiga sababchi bo‘lishadi. Bu sabab sobiq kuyov yoki kelinning ayblarini ochishga, butun kulfatlar sababchisi qilib ko‘rsatishga urinishda namoyon bo‘ladi. Siz esa istar istamas ularning nasihatlariga quloq osib, amalda qo‘llay boshlaysiz. Ularning so‘zlari ko‘nglingizga biroz taskin beradi, ammo muammoni hal qilmaydi.
Baxtli bo‘lishga hammaning haqqi bor!
Ba’zi sobiq er-xotinlarda bir-birining baxtli ekanini eshitganda rashk hissi paydo bo‘ladi. Ularga hayotini barbod qilgan noshudning baxtli bo‘lishga haqqi yo‘qday tuyuladi. Hissiyotlar chuqurlashib, «eski» hayoti botqog‘iga botib qolganini his qilmaydi. Yangiliklar quvontirmaydi, sobiq er-xotin ularni ko‘rishga ham vaqt topa olmaydi. Ular bir-birining hayoti bilan shunchalar o‘ralashib qolishadiki, o‘z kuch va vaqtlarini keraksiz narsalarga sarflashayotganini sezishmaydi ham. Vaziyatga ortiqcha fojia kiritish shart emas. Har bir insonning baxtli bo‘lishga haqqi bor, jumladan, sobiq erning ham, xotinning ham.
Unutmang!
Farzandlar sizning hayotingizdan andoza olishadi. «Kichik bola nimani ham his qilardi», degan fikrni unuting. Undan har qancha yashirishga urinmang, bola ota onasiga taalluqli bo‘lgan har bir narsani his qiladi. Faqat buni ochiqchasiga bildirmasligi mumkin. Ajrashgan ota onalar farzandiga nisbatan yo qattiqqo‘l bo‘lib qolishadi yoki ortiqcha erkalatib yuborishadi. Agar ota ona ajrimga ortiqcha fojiaviylik kiritmasa, bola uchun bu davrdan o‘tish oson kechadi.
Farzand uchun murakkab tanlov
Ko‘p hollarda farzand ona bilan qoladi. Va yuqorida keltirilgan misoldagi kabi otasiga qaratilgan «o‘ch o‘qi»ga aylanadi. Oila ajrim ostonasida turganda ota ona o‘zlari ham sezmagan holda boladan ikkisidan birini tanlash talab etiladi. Bu esa bola uchun ulkan mas’uliyat. Ajrim tufayli er-xotinlik davringiz tugagandir, ammo farzand uchun ota-onalik davringiz hech qachon nihoyasiga yetmaydi. Qarshingizdagi kishi sizga qanchalar yomon ko‘rinsa-da, farzandingizni otasi yoki onasidan mahrum etishga haqqingiz yo‘q! Aksincha, bola va ota (ona) rishtalari uzilib ketmasligi uchun harakat qiling. Sobiq eringiz (xotiningiz) bilan uning tarbiyasi, o‘qishlari borasida maslahatlashib turing.
«Qizimni sobiq erimga ko‘rsatmayman, degandim…»
«Ajrashganimda qizim men bilan qoldi. Avvaliga alam ustida «qizimni unga ko‘rsatmayman», degan qarorga keldim. Ammo biroz o‘zimga kelgach, bu qarorim noto‘g‘riligini anglab yetdim. Erim menga qanday munosabatda bo‘lganidan qat’i nazar, o‘z farzandini yaxshi ko‘radi. Bolamni otasidan mahrum qilishim esa noto‘g‘ri. Shundan so‘ng asta sekin farzandim uchun sobiq erim bilan munosabatlarimizni tikladim. Buning uchun eng avvalo u bilan o‘tirib, hech qanday ayblovlarsiz farzandimizning kelajagi haqida gapirdim. U ham tushunib, qizi uchun qo‘lidan kelgan yordamni ayamasligini bildirdi. Hozir mening ham, uning ham o‘z oilamiz bor. Ammo biz bir-birimizdan ayro bo‘lsak-da, qizimning otasi ham, onasi ham bor. Dadasining uyiga mehmonga borib turadi, istagan paytida otasidan yordam so‘rashi mumkinligini biladi. Men uchun esa qizimning o‘ziga bo‘lgan ishonchi muhim».
Feruza
Statistikaga ko‘ra, ko‘pgina ajrashgan juftliklar qaytadan oila qurishni istashar ekan. Shuning uchun unutmang, eshikni qanchalik qattiq yopsangiz, uni ochish shuncha qiyin kechadi.
Aybdorlarni izlashdan avval hayotingizga bir nazar tashlang. Oila nomli qayiqning eshkaklari har ikkingizning qo‘lingizda edi. Bir eshkak bilan uzoqqa borishning iloji yo‘q. Ayb sobiq turmush o‘rtog‘ingizdan ham, o‘zingizdan ham o‘tgan. Xatolaringizni anglash, to‘g‘irlash esa kelajak hayotingizda ularni takrorlamaslik imkoniyatini beradi. Aytishlaricha, ikkinchi oilani saqlab qolish qiyinroq ekan. Balki buning sababi vaqtida anglanmagan, tan olib, to‘g‘irlanmagan xatolardadir?..
Mutaxassis fikri
Lutfulla Tursunov, ruhshunos: — Oiladagi ajrim natijasida har ikki tomon ham ruhiy zarba olishi, yutqazishi psixologiyada ko‘p bor talqin etilgan. Er xotin ajrim jarayonida bir biriga nisbatan qanchalik tajovuzkor bo‘lsa, oila parokanda bo‘lgach, shunchalik afsus qilishadi. Bunga sabab shuki, birga yashash davridagi shirin xotiralar asta sekinlik bilan qayta aks etib borib, ajrashgan er xotinning xayolini egallay boshlaydi. Shu sababdan ham ajrashganlarning xayolan parishon bo‘lib qolishlari tabiiy hol hisoblanadi. Oila psixologiyasida o‘tkazilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, ajrashgandan so‘ng erkaklarda o‘zini ovutish uchun ichkilikka ruju qo‘yish, ayollarda esa surunkali yig‘lash yoki biror odatga butunlay berilib ketish holatlari kuzatiladi. Yolg‘izlikka moyillik ortib, odamovi bo‘lib qoladi. Ajrim amalga oshirilgandan so‘ng ko‘p hollarda ruhiy tushkunlik yuzaga keladi. Bu shaxsning ruhiy holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu bilan birga, ijtimoiy xususiyatlarida ham o‘zgarishlar yuzaga keladi. Ajrashgandan so‘ng ikkala tomon ham avvalgisidan yaxshiroq hamkorni qidira boshlaydi. Lekin bu har doim ham muvaffaqiyatli kechavermaydi.
Bir olim oilasi bilan ajrashmoqchi bo‘lganida, do‘stlari nima sababdan ajrashmoqchiligini so‘rashibdi. U lom mim demabdi. Shunda do‘stlari, «ha nima bo‘ldi», deyishganida: «agar uning ayblarini aytsam-u, keyin ajrashsam, birovning xotinini yomonlagan bo‘laman, ajrashmasam esa o‘z xotinimni», degan ekan.
MADINA
Manba: Darakchi.uz