Yoshlar ittifoqi qoshidagi yangi markaz direktorligiga O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ra’no Shodiyeva tayinlandi. Bu haqda tashkilot rahbari Qahramon Quronboyevning Facebook’dagi sahifasi orqali ma’lum qilindi.
Xabarda aytilishicha, Yoshlar ittifoqi markaziy kengashi qoshida bir qator yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda. Xususan, imkoniyati cheklangan yoshlar qatlamini, jumladan, nogiron, ko‘zi ojiz, eshitish qobiliyati cheklangan, muomala layoqatiga ega bo‘lmagan yoshlar manfaatlarini himoya qilishga ko‘maklashish maqsadida Imkoniyati cheklangan yoshlar va bolalar markazi o‘z faoliyatini boshladi.
Markazga uzoq yillardan buyon nafaqat san’at sohasida, balki imkoniyati cheklangan yoshlar va bolalar bilan ishlash tajribasiga ega O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ra’no Shodiyeva direktor etib tayinlandi.
Ra’no Shodiyeva ilgari «So‘zlovchi qo‘llar» nomli eshitish imkoniyati cheklangan bolalar bilan ishlashga mo‘ljallangan nodavlat notijorat tashkilotiga ham rahbarlik qilgan.
«Imkoniyati cheklangan bolalar onalarining sabri, iroda va matonati oldida bosh egaman. Nogiron bola dunyoga kelgan oilada, to‘g‘risi, onaga qiyin. Har daqiqasini umid bilan o‘tkazadigan onalarga haykal qo‘ysang arziydi. Yurtimizda ham ana shunday onalar uchun maktab tashkil etishni niyat qilgan edim, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan shunday taklif bilan chiqishganida bajonidil qabul qildim. Bu mening orzuim edi, — dedi Ra’no Shodiyeva. — Mazkur markaz yurtimizdagi imkoniyati cheklangan yoshlar va bolalarning eng sevimli tashkiloti bo‘lishiga, ularni jamiyatimizda munosib o‘rin egallashlari uchun bor bilim va ko‘nikmalarimni safarbar qilaman! Tez kunlarda katta savobli loyihalarni hamyurtlarimiz bilan birgalikda amalga oshiramiz!».