Mushtariylarning savollariga oliy toifali akusher-ginekolog Nilufar Abdullayeva javob beradi
Toshmalar xavfli emasmi?
— Shu kunlarda jinsiy a’zom lablariga husnbuzarga o‘xshash toshmalar toshyapti. Sababi nimada bo‘lishi mumkin?
Anora, Buxoro shahri
— Jinsiy a’zolardagi toshmalar yuqumli infeksiyalar, gerpes yoki papilloma virusi sabab yuzaga kelishi mumkin. Toshmalar boshqa a’zolarga tarqalib ketmasligi uchun albatta teri-tanosil kasalliklari shifokoriga ko‘rining. Shifokor ko‘rsatmasiga ko‘ra bachadondan surtma olinib, TORCH infeksiyalari mavjudligi va darajasi tahlil qilinadi. Uning natijalariga ko‘ra infeksiyaga qarshi preparatlar hamda immun tizimini mustaxkamlovchi muoalaja usullari buyuriladi. Muoalajalarni o‘z vaqtida olsangiz, toshmalardan xalos bo‘lishingiz mumkin.
Eroziyani uyda davolamoqchi edim…
— Yoshim 41 da. Ayting-chi, bachadon bo‘yni eroziyasini uy sharoitida davolash mumkinmi? Oddiy usullardan tavsiya etsangiz.
Farog‘at, Toshkent viloyati
— Bachadon bo‘yni eroziyasining xavfli asoratlarga olib kelish ehtimoli sabab uy sharoitida davolash tavsiya etilmaydi. Faqat shifokor kasallik darajasiga ko‘ra davo choralarini belgilashi mumkin. Eroziya avj olmasligi uchun onko-ginekologga uchrab, o‘zingizni tekshirtiring. Hozirda bachadon bo‘yni eroziyasini davolashda turli muolaja usullari: preparatlar, kichik voltli elektr toklari bilan kuydirish qo‘llanilmoqda. Muoalajani qancha erta boshlasangiz, natijasi shunchalik ijobiy bo‘ladi.
13 yil shifokorga ko‘rinmadim…
— Yaqinda 47 ga to‘ldim. Bundan 13 yil avval bachadonimga homiladorlikdan saqlanish vositasi (spiral) qo‘ydirgandim. O‘shandan buyon biror marta ham ayollar shifokoriga ko‘rinmadim. Eshitimcha, spiral uzoq vaqt almashtirilmasa, teriga birikib ketar ekan.
Nilufar, Yuqori Chirchiq tumani
– Tug‘ruqdan so‘ng bachadonga homiladorlikdan saqlanish vositasi (spiral) qo‘yilgan bo‘lsa, har uch oyda ayollar shifokori ko‘rigidan o‘tish, har besh yilda uni almashtirib turish tavsiya etiladi. Ba’zida spiralning noto‘g‘ri joylashishi, joyidan qo‘zg‘alishi yoki bachadondagi surunkali yallig‘lanishlar asorati uning teriga singib ketishiga sabab bo‘lishi mumkin. Bunday holatlarning oldini olish maqsadida belgilangan tartibda ko‘riklardan o‘tish kerak. Maslahatim ayollar shifokoriga uchrang-da, spiralni oldiring. Bachadondagi yallig‘lanish va infeksiyalar ta’sirini kamaytarish uchun 10 kunlik muolajalarni qabul qiling. Ana shundan so‘ng shifokor ko‘rigidan o‘tib, qayta spiral qo‘ydirishingiz yoki istalmagan homiladorlikdan saqlanishning boshqa usullariga murojaat qilishingiz mumkin.
Manba: Darakchi.uz