Yil sayin yosh bolalar orasida oziq-ovqatga allergiya ko‘payib bormoqda. Kasallikning rivojiga to‘sqinlik qilish chorasi bormi?
Ma’lumki, bu dard erta bahorda avj oladi. Oziq-ovqatdan allergiya biron mahsulotni qabul qila olmaslik, unga nisbatan organizmning javob reaksiyasi tarzida kechadi. Bu murakkab immunologik jarayondir. Qisqa qilib aytganda, tanamizni yomon ta’sirlardan himoyalashi kerak bo‘lgan moddalar tabiatning allaqanday xatosi tufayli o‘zimizga qarshi harakat qila boshlaydi. Kurash boshlanadi, jang maydoni esa, afsuski, bizning organizmimizdir. Organizmning bunday xato himoya reaksiyasi bola tug‘ilgan ilk kunlardanoq ishga kirishishi mumkin. Buning sabablari talaygina:
- irsiy moyillik;
- atrof-muhit iflosligi;
- onada ayrim surunkali kasalliklar mavjudligi;
- bola ovqat hazm qilish tizimining hali yaxshi rivojlanmaganligi;
- emizikli onaning noto‘g‘ri ovqatlanishi;
- go‘dakni juda erta sun’iy ovqatlantira boshlash...
Imkon boricha ana shu omillarni bartaraf etish va bolani to‘g‘ri ovqatlantirish kerak.
Oziq-ovqatga allergiyasi bor go‘dakni nima bilan boqish kerak?
Avvalo, allergiya chaqiruvchi mahsulotlarni aniqlab olish va bolaga bermaslik lozim. Shuning o‘zidanoq allergiyaning boshlang‘ich bosqichlarida katta natijalarga erishish, kasallik rivojini to‘xtatib qo‘yish mumkin. Ammo kasallik belgilarining yo‘qolishi hali butkul sog‘aydi degani emas. Belgilar yo‘qolgani bilan organizmda allergiyaga moyillik holati saqlanib qolaveradi. Shu sababli shifokor bilan maslahatlashgan holda bola butkul sog‘ayib ketgunicha parhezda davom etish shart. Qo‘rqmang, bu bolaning rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi. «Aybdor» mahsulotlarni topish uchun ona bolaning ovqatlanish kundaligini yuritib, unga har kuni go‘dakning qaysi mahsulotdan qancha iste’mol qilganini yozib borishi darkor. Qolgani shifokorlar bilan bamaslahat hal etiladi.
Agar bola ko‘krak suti bilan boqilsa…
Bu holda onaga ham, bolaga ham omad kulib boqdi deyavering. Ya’ni kasallikning sabablarini aniqlash ham, oqibatlarini bartaraf etish ham osonroq kechadi. Ammo ayrim go‘daklarda hayotining ilk kunidanoq sutga, undagi oqsillarga allergiya kuzatiladi. Albatta, bu hol juda kam uchraydi, ammo shifokorlar ayni vaziyatda ham ona emizishdan to‘xtamasligini tavsiya etishadi. Chunki go‘dak uchun ona sutichalik tabiiy boshqa ozuqa yo‘q. Faqat bola immunologik davolash kursidan o‘tishi kerak.
Emizikli onalar uchun allergiyaga qarshi parhez
Sutli mahsulotlardan faqat qatiq, smetana, pishloqning achchiq bo‘lmagan turlari tavsiya etiladi. Ammo onaning o‘zida sigir sutiga allergiya bo‘lsa, sut mahsulotlarini taomnomadan butkul chiqarib tashlash kerak. Shuningdek, piyoz, sarimsoq piyoz, turp, rediska, yog‘li sho‘rva va achchiq ziravorlar ham taqiqlanadi. Donlar, makaron mahsulotlari, bug‘doy noni va qand miqdori ham to‘rtdan bir qismga kamaytiriladi. Ya’ni, sutli bo‘tqa va makaronlar haftasiga 2-3 marta iste’mol qilinishi, bug‘doy nonidan esa kuniga ko‘pi bilan 250 gr. yeyish mumkin.
Aralash ovqatlantirishda…
Ba’zida go‘dak ham ona suti, ham sun’iy sut bilan boqilishi mumkin. Maqsad ona suti bilan boqishni imkon qadar saqlab qolish. Bunda ko‘krak sutining har tomchisi qadrlidir. Albatta, ona allergiyaga qarshi parhez tutadi. Qo‘shimcha ovqat sifatida esa aynan allergiyaga qarshi sun’iy sutlardan foydalanish kerak.
Oziq-ovqatga allergiyali bolaga qo‘shimcha mahsulotlar berish
Vaqti kelib, emizikli go‘dak taomnomasiga qo‘shimcha yeguliklarni kiritishga to‘g‘ri keladi. Ammo allergiyaga moyil bolalar uchun bu o‘ziga xos tarzda amalga oshiriladi. Bola 6-7 oylik bo‘lganda sabzavot bo‘tqalaridan oz miqdorda berib boshlanadi. Unutmang, har qanday qo‘shimcha yegulikni ilk marta oz miqdorda kunning birinchi yarmida berib ko‘rasiz. Shunda kun davomida bolaning yangi mahsulotga reaksiyasini kuzatish va zarur choralarni qo‘llash imkoningiz bo‘ladi. Agar biron noxush o‘zgarish sezsangiz (toshmalar, ich ketish va h.k.), darrov shifokorga murojaat eting. Meva bo‘tqalarini esa 1-2 oy keyinroq berasiz. Eng gipoallergen (allergik reaksiya chaqirmaydigan) mevalar, masalan, olma va banandan boshlang. Allergiyaga moyil bolaga 1 yoshgacha tvorog va tuxum sarig‘i bermaslik kerak. Go‘shtli bo‘tqani esa 6-6,5 oydan boshlab beriladi.
Termik ishlovdan o‘tgan (bug‘da pishirilgan, qaynatilgan, dimlangan) mahsulotlar allergiya chaqirish xususiyatini ancha yo‘qotadi. Demak, allergiyaga moyil bolalarga meva va sabzavotlarni avval termik ishlovdan o‘tkazib, keyin berish kerak.
Shahnoza TO‘RAXO‘JAYeVA tayyorladi
Manba: Darakchi.uz