Demak, kompyuterdan uzoq muddat foydalangan insonga uning ta’siri, zararini kamaytirish yo‘llari hamda salomatlikni saqlash uchun nimalarga e’tibor qaratish lozimligi to‘g‘risida ma’lumot bermoqchimiz.
Kompyuterdan foydalanuvchi insonlar salomatligiga ta’sir etuvchi zararli omillar:
- uzoq muddat o‘tirib ishlash jarayoni;
- monitordagi elektromagnit nurlanishlar ta’siri;
- ko‘rish organlariga tushadigan yuklamalar, ya’ni ko‘z toliqishi;
- qo‘l-kaft bo‘g‘imlariga tushadigan yuklama;
- axborotlar yo‘qolib qolgan paytdagi stress holatlar.
Kompyuterda uzoq muddat o‘tirib ishlash, ya’ni kamharakatlik – gipodinamiya deyiladi. E’tibor bersangiz, kompyuter oldida o‘tirgan insonda bo‘yin, bosh, qo‘l va yelka mushaklari tarang holda bo‘lishi oqibatida umurtqa pog‘onasiga ham ortiqcha yuklama tushadi. Ba’zida umurtqa pog‘onasi charchashi tufayli bolalar stol ustiga yotgan holda undan foydalanadilar. Buning oqibatida kattalarda osteoxondroz, bolalarda esa skolioz kasalligi paydo bo‘ladi.
Shuningdek, ko‘p o‘tirish davomida stul bilan tana o‘rtasida o‘ziga xos “issiq kompress” hayoti yuzaga kelib, u o‘z navbatida prostata bezlari yallig‘lanishi, prostatit, gemorroy kasalliklarini yuzaga keltiradi. Kamharakatlik moddalar almashinuvi buzilishi xamda “semirish” kasalligiga ham zamin yaratadi.
Elektromagnit nurlanishlar
Kompyuter va boshqa elektr asboblari o‘zidan elektromagnit nurlarini tarqatuvchi manba hisoblanadi. Ulardan chiqayotgan elektrostatik nurlar hamda mayda chang zarralari terining ochiq joylariga tushishi oqibatida turli allergik kasalliklar kelib chiqadi. Hatto, sochlar to‘kilishi, teri qurishi ham kuzatiladi.
Bu holatlarning oldini olish uchun ahamiyat bering!
Kompyuter bor xonalarda ventilyasiya tizimi yaxshi yo‘lga qo‘yilsa, maqsadga muvofiqdir. Xonani tez-tez shamollatib turing. 1 ta monitor uchun maydon sathi 9-10 metr kv bo‘lishi lozim. Xonaning namlik holatini yaxshilash maqsadida maxsus havoni namlovchi moslamalardan foydalaning. Oynani tez-tez ho‘l doka bilan artib turing.
Ko‘rish organlariga ta’siri
Kompyuter bilan ishlash davomida ko‘zimiz doimiy ravishda ekranda bo‘ladi. Monitor yorug‘lik manbai bo‘lib qolmay, balki muntazam ravishdagi jimirlash holatlari ko‘zni ta’sirlantiradi.
Ko‘zdagi qattiq og‘riqlar, ko‘z yoshlanishi, qorachiq va qovoqlar qizarishi, peshona sohasidagi og‘riqlar, tez charchash holatlari “displey” kasalligi deb ataladi.
Ko‘z charchab qolmasligi uchun quyidagi talablarga rioya qiling:
- monitor bilan ko‘z oralig‘idagi masofa 45 sm.dan kam bo‘lmasligi;
- yorug‘lik monitor ekraniga tushib, yarqirab, ko‘rishga xalaqit qilmasligi;
- ekran sathini tez-tez artib turish;
- ko‘zga dam berish uchun 10-15 daqiqalik tanaffus qilish.
Bu mashqlar ko‘z uchun juda muhim:
- 10 soniya ko‘zlaringizni yumib turing;
- 5-10 soniya ko‘zni ochib-yopish mashqlarini bajaring;
- ko‘z soqqalarini aylantiring;
- oynadan uzoq va yaqinga (oynaga qog‘oz yopishtirishingiz) qarash mashqlari ko‘zingiz dam olishiga imkon yaratadi.
Demak, ushbu ta’sirlardan yiroq bo‘lish hamda sog‘ligimizni asrash uchun kompyuter yonida me’yor darajasida faoliyat olib borganimiz maqsadga muvofiqdir.