26 iyul kuni O‘zDJTUda AQShning Vebster universitetining TESL – ingliz tilini ikkinchi til sifatida o‘qitish ixtisosligi bo‘yicha bir yillik magistratura dasturini ochish haqidagi kelishuv imzolandi. Kun.uz shu haqda yozmoqda.
Ma’lum qilinishicha, bu Amerika oliy ta’lim muassasasining Markaziy Osiyodagi birinchi magistrlik ta’lim loyihasi bo‘ladi. Kelajakda boshqa mutaxassisliklar bo‘yicha ham hamkorlikdagi ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.
«O‘zbekistonda xorijiy tillar» internet portali tarqatgan xabarga ko‘ra, joriy yilda bu dasturda ishtirok etish uchun nafaqat O‘zbekiston, balki, Markaziy Osiyoning barcha davlatlaridan mutaxassisligidan qat’i nazar bakalavr darajasiga ega, ingliz tilidagi bilim darajasi IELTS – 6 dan kam bo‘lmagan yoki shunga tenglashtirilgan til bilimini baholash bo‘yicha boshqa xalqaro sertifikatlarga ega yoshlar xujjat topshirishlari mumkin.
O‘zbekiston hukumatining sa’y-harakatlari bilan yoshlarning xalqaro darajada oliy ta’lim olishlari uchun to‘lov-kontrakt puli miqdori AQShdagi kabi 27 ming AQSh dollari emas, balki mamlakatimizdagi xalqaro OTMlar magistrlik darajasi uchun to‘lanayotgan qiymatga yaqin bo‘lishi mo‘ljallangan.
O‘zDJTUda Vebster universiteti magistraturasida amerikalik mutaxassislar bilan bir qatorda maxsus tanlovdan o‘tgan mahalliy o‘qituvchilar ham dars berishadi.
Ta’kidlanishicha, ushbu magistratura diplomi bilan bitiruvchilar nafaqat O‘zbekiston, balki butun dunyo oliy ta’lim muassasalarida dars berish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Vebster universitetining O‘zDJTUdagi magistraturasiga qabul joriy yilning avgust oyidan boshlanadi va buning uchun bakalavr darajasiga ega bitiruvchilar quyidagi xujjatlarni topshirishlari lozim: bakalavrlik diplomi, diplom ilovasining notarial tasdiqlangan tarjimasi, IELTS – 6 dan kam bo‘lmagan yoki shunga tenglashtirilgan til bilimini baholash bo‘yicha boshqa xalqaro sertifikat va CV. Tanlov AQShning Vebster universitetida o‘qishga talabgorlarning xujjatlari asosida amalga oshiriladi.