Salomatlik

Asabiylashmang, sochingizga qazg‘oq tushadi...

«Qizim 7 yosh. Sochini o‘stirayapmiz. Hozir 70 sm.ga yetib qoldi. Ammo oxirgi paytlar boshida qazg‘oq ko‘paygan. Deyarli hamma choralarni qo‘lladik lekin foydasi bo‘lmayapti. Sochini taragan sari qazg‘oq chiqib kelaveradi. Qatiqqa ham yuvib ko‘rdik, tuxum sarig‘idan niqob tayyorlab surtdik, moychechak damlamasiga chaydik bari samarasiz. Endi nima qilishni bilmayapmiz. O‘zi qazg‘oq qayerdan paydo bo‘ladi?»

Dilbar Mamayusupova, Olmaliq shahri.

Mushtariy murojatiga shifokor dermatolog-trixolog Sherzod MAXMUDOV javob beradi

Sababini aniqlang!

Xalq orasida qazg‘oq nomi bilan yuritiladigan bu xastalik tibbiyot tilida seboreya deb ataladi. Uni keltirib chiqaruvchi asosiy omil zamburug‘dir. Aslida bu zamburug‘ har bir inson organizmida mavjud. Biroq ba’zi sabablarga ko‘ra uning ko‘payib ketishi noqulayliklarni keltirib chiqaradi. Odatda muammo quyidagi sabablarga ko‘ra paydo bo‘ladi:  Moddallar almashinuvining buzilishi;

  • Gormonal o‘zgarishlar tufayli (ayniqsa o‘smirlarda gormonlar sabab qazg‘oq paydo bo‘lish ehtimoli yuqori);
  • Oshqozon-ichak faoliyatining buzilishi;
  • Stress va asabiylik;
  • Vitamin va mikroelementlar yetishmovchiligi;
  • Sochni noto‘g‘ri parvarish qilish;
  • Yosh bolalarda esa gijja tufayli yuzaga kelishi mumkin.

Har qanday holatda ham trixolog shifokor ko‘rigidan o‘tib, seboreyaning sabablarini aniqlash va shundan keyingina davo choralarini ko‘rish tavsiya etiladi.

Uy sharoitida

Bezovtalikning sabablarini aniqlashtirguningizga qadar uy sharoitida ba’zi choralarni qo‘llab ko‘rishingiz mumkin. Jumladan:

•     1 litr qaynoq suvga 3 osh qoshiq qichitqi o‘tini damlab, tindiring. So‘ng dokadan o‘tkazing. Ushbu damlama bilan chayish tavsiya etiladi. U zamburug‘larga qarshi kurashish xususiyatiga ega.

•     Bosh terisiga tabiiy antiseptik vositalardan sanaladigan aloe shirasini surtish ham foyda beradi.

•     Yog‘li bosh terisida yuzaga kelgan qazg‘oqni esa o‘simlik moyi, mayonez singari vositalardan tayyorlangan niqoblar bilan «davo»lash mumkin emas.

•     Har ikki turdagi qazg‘oqda ham 4 osh qoshiq dastorbosh o‘simligini 0,5 litr suvda 30 daqiqa davomida qaynatib tayyorlangan damlama samarali hisoblanadi. Damlamani, sovutib, suzib olasiz va 14 kun davomida yotishdan avval bosh terisiga uqalovchi harakatlar bilan surtish tavsiya etiladi.

Maxsus vositalar bilan parvarish qiling

Qazg‘oqdan xalos etuvchi maxsus shampunlar ham sezilarli natija keltiradi. Ularni dorixonalardan topishingiz mumkin. Farqlash uchun esa qadog‘ini diqqat bilan o‘qish lozim.

  • Tarkibida ruh piritoni moddasi mavjud bo‘lgan shampunlar zamburug‘ni kamaytirishga ko‘maklashadi.
  • Qatron(degtyar)li shampunlar bosh terisida hujayralarining almashinuvini sekinlashtiradi, natijada qazg‘oq ham kamayadi.

•     Tarkibida salitsil kislotasi bo‘lgan vositalar esa  bosh terisi uchun skrab vazifasini o‘taydi. Ular yig‘ilib qolgan qazg‘oq qipiqlaridan xalos etadi. Biroq bosh terisini quritib yuborishi mumkin. Shu sababli bunday shampundan keyin soch uchun mo‘ljallangan konditsionerdan foydalanish tavsiya etiladi.

•     Tarkibida selen sulfati moddasini saqlovchi vositalar – bosh terisi xujayralarining yangilanishini sekinlashtirib, zamburug‘larning kamayishiga sabab bo‘ladi. Biroq bunday vositalardan foydalanishda ehtiyot bo‘lishingiz lozim. Ular bo‘yalgan sochlarni oqartirish xususiyatiga ega. Yo‘riqnoma tavsiyalariga qat’iyan amal qilish va vositani qo‘llab bo‘lgach sochni tozalab chayish talab etiladi.

•     Tarkibida ketokonazol moddasi mavjud bo‘lgan shampunlar ham muammoni bartaraf etishda ko‘makchidir. Ketokonazol moddasi zamburug‘larga qarshi kurashda keng qo‘llaniladi. Odatda bunday shampunlar boshqa vositalar samara bermaganda tavsiya etiladi.

Hozirgi kunda qazg‘oq muammosidan xalos etuvchi usullar va vositalar bisyor. Ulardan qay biri aynan sizning holatingizga mos kelishini aniqlash uchun mutaxassasisga murojaat qilishingiz, uning tavsiyalariga ko‘ra davo choralarini ko‘rishingiz lozim.